Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Talabalar yotoqxonalarining foydalanilmay turgan binolarini qayta ixtisoslashtirish uchun Toshkent shahar hokimiyati balansiga oʻtkazish toʻgʻrisida
“Yoshlik” talabalar shaharchasi infratuzilmasini yaxshilash, oliy taʼlim muassasalarining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarini iqtisod qilish maqsadida:
1. Toshkent shahar hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Yoshlik” talabalar shaharchasida joylashgan Oʻzbekiston Milliy universiteti balansidagi 17, 88-sonli va Toshkent davlat texnika universiteti balansidagi 80a, 80b-sonli talabalar turar joylarining foydalanilmayotgan binolarini keyinchalik sotish sharti bilan turar joy kvartiralariga qayta ixtisoslashtirish uchun Toshkent shahar hokimligi balansiga begʻaraz berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimligi, “Trest-12” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Trest-159” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Turon-markazqurilish” aksiyadorlik jamiyatining berilayotgan talabalar turar joylari binolarini koʻrsatib oʻtilgan qurilish tashkilotlarining oʻz mablagʻlaridan foydalangan holda turar joy kvartiralari uchun rekonstruksiya qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Toshkent shahar hokimligi balansiga berilayotgan binolar rekonstruksiya qilish va sotish davrida soliq solish obyekti hisoblanmaydi;
uy-joylarni sotishdan tushgan mablagʻlar yuqorida koʻrsatilgan yotoqxonalarni rekonstruksiya qilish xarajatlarini qoplash uchun qurilish tashkilotlariga yoʻnaltiriladi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat texnika universitetining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2005-yil 18-maydagi 123-son qarorining 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 24-noyabr,
261-son