Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “magistr” darajali yuqori malakali kadrlarni tayyorlash magistratura mutaxassisliklari boʻyicha davlat taʼlim standartlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 1-bandi ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Nizom harbiy taʼlim muassasalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistraturalariga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 16-sentabr,
255-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-sentabrdagi 255-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya deb yuritiladi) magistraturasiga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Akademiya magistraturasiga qabul mutaxassisliklar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan davlat grantlariga va toʻlov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Akademiya magistraturasida oʻqish muddati mutaxassisliklar boʻyicha davlat taʼlim standartlariga muvofiq ikki yilga moʻljallangan oʻquv rejalari asosida amalga oshiriladi.
4. Akademiya magistraturasida ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumotni olish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
5. Akademiya magistraturasiga qabul qilishni tashkil etish tegishli oʻquv yili uchun tashkil etilgan Akademiya qabul komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — qabul komissiyasi deb yuritiladi) yuklanadi. Qabul komissiyasining joriy ishlari uning masʼul kotibi va oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Qabul komissiyasi tarkibi va uning raisi Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.
7. Akademiya magistraturasiga qabul barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshiriladi.
8. Akademiya magistraturasiga kirish imtihonlari test sinovlari shaklida amalga oshiriladi.
Kirish test sinovlarida eng yuqori ball toʻplagan nomzodlarga davlat grantlari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi taʼminlanadi. Qolgan nomzodlar reyting ballari asosida belgilangan toʻlov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
9. Kirish test sinovlari “Demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari”, “Mutaxassislik fani”, “Ingliz tili” fanlaridan oʻtkaziladi.
10. Akademiya magistraturasiga qabul qilish uchun test sinovlari nomzodlar tomonidan kirish uchun toʻldiriladigan arizada koʻrsatilgan davlat tilida yoki rus tilida amalga oshiriladi.
Kirish test sinovlari magistratura mutaxassisliklari va sinovlarni topshirish tillariga koʻra alohida oʻtkaziladi.
11. Akademiya magistraturasiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
12. Akademiya magistraturasiga koʻzi ojiz nomzodlarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 3-ilovasida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
II. Nomzodlarga qoʻyiladigan talablar
13. Akademiya magistraturasiga iqtisod sohasida bakalavr darajasiga ega boʻlgan, yoshi 35 dan oshmagan, ushbu Nizomning ilovasida belgilangan lavozimlar roʻyxatiga muvofiq nomzodlar vazirliklar va boshqa tashkilotlar rahbarlarining yoʻllanmalari asosida qabul qilinadi.
14. Akademiya magistraturasiga hujjat topshirayotgan vaqtda nomzodlar tavsiya etayotgan vazirliklar va boshqa tashkilotlarda kamida 2 yillik mehnat stajiga ega boʻlishlari lozim.
15. Tavsiya etilayotgan nomzodlar Akademiyaning taʼlim va tadqiqot dasturlarini toʻliq va sifatli oʻzlashtirishini taʼminlash maqsadida ingliz tilini yetarli darajada egallagan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan erkin foydalana oladigan hamda keng umumkasbiy bilim va dunyoqarashga, yuksak maʼnaviy sifatlarga ega boʻlishlari talab etiladi.
III. Hujjatlarni qabul qilish
16. Qabul komissiyasi kirish test sinovlari boshlanishidan bir oy oldin nomzodlarga Akademiyaga qabul qilish muddatlari, mutaxassisliklarning nomlanishi va Akademiya magistraturasiga qabul qilish kvotasini maʼlum qiladi.
17. Akademiya magistraturasiga qabul qilishda nomzodlar qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
mutaxassisligi koʻrsatilgan holda belgilangan shakldagi ariza;
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning asl nusxasi (yoki diplomdan koʻchirma — Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarini davlat granti boʻyicha oʻqib tugatganlar uchun) hamda unga ilovaning asli;
3.5 x 4.5 hajmdagi 6 ta rangli fotosurat;
xodimlarni hisobga olish boʻyicha shaxsiy varaqa;
086-U — shakldagi tibbiy maʼlumotnoma;
mehnat daftarchasidan nusxa.
18. Akademiya magistraturasiga kirish uchun hujjatlar 1-avgustdan 31-avgustgacha qabul qilinadi.
19. Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida nomzodlar pasport va harbiy xizmatga aloqadorlik haqidagi hujjatlarini shaxsan koʻrsatadilar.
20. Ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan talablarga mos keladigan hujjatlar taqdim etilganda qabul komissiyasi nomzodlarning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
IV. Kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibi
21. Kirish test sinovlariga kiritilgan fanlarning oʻquv dasturlari kirish test sinovlari boshlanishidan bir oy oldin qabul komissiyaning axborot stendiga va Akademiya veb-saytiga joylashtiriladi.
22. Kirish test sinovlari oʻtkazilishiga qadar qabul komissiyasi tomonidan nomzodlar uchun maslahatlar tashkil etiladi. Maslahatlar jadvali qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.
23. Kirish test sinovlari 10-sentabr kuni oʻtkaziladi.
24. Kirish test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda — Davlat test markazi deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
25. Kirish test sinovlarining savollari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan oʻquv dasturlari asosida Davlat test markazi tomonidan shakllantiriladi.
26. Akademiya magistraturasiga kirish test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi Davlat test markazi tomonidan Akademiya bilan kelishilgan holda belgilanadi.
27. Kirish test sinovlari boʻyicha nomzodlarning maksimal balli 200 ballni tashkil qiladi va ushbu ballar quyidagilardan tashkil topadi:
“Demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari” fani boʻyicha — 0 balldan 50 ballgacha;
“Ingliz tili” fani boʻyicha — 0 balldan 50 ballgacha;
“Mutaxassislik fani” fani boʻyicha — 0 balldan 100 ballgacha.
28. Xalqaro test boʻyicha ingliz tilida IELTS (International English Language Testing System) yoki TOEFL (Test of English as a Foreign Language) imtihon topshirgan va amaldagi IELTS sertifikati boʻyicha kamida 5.0 ballga yoki ushbu ballning ekvivalentiga teng boʻlgan TOEFL sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlar “Ingliz tili” fani boʻyicha kirish test sinovlarini topshirishdan ozod etiladi. Ushbu nomzodlarga “Ingliz tili” fanidan maksimal 50 ball hisoblanadi.
29. Belgilangan tartibda GMAT (The Graduate Management Admission Test — biznes maktablarida muvaffaqiyatli oʻqish imkoniyatlarini aniqlash uchun standartlashtirilgan test) tizimida kamida umumiy 500 ballik amaldagi sertifikatga ega boʻlgan nomzodlar “Mutaxassislik fani” va “Ingliz tili” fanlaridan kirish test sinovlarini topshirishdan ozod etiladilar. Ushbu nomzodlarga “Mutaxassislik fani” va “Ingliz tili” fanlari boʻyicha maksimal 150 ball hisoblanadi.
30. Kirish test sinovlarining natijalari Davlat test markazining qaydnomasiga kiritiladi va ushbu qaydnoma qabul komissiyasi uchun tanlov oʻtkazishga asos hisoblanadi. Bunda, kirish test sinovlari boʻyicha maksimal 200 ballning 25 foizidan kam ball toʻplagan nomzodlar tanlovda ishtirok etmaydi.
Akademiya magistraturasiga kirish test sinovlarini qayta topshirish taqiqlanadi.
31. Akademiya magistraturasiga kirish test sinovlari natijalari yuzasidan nomzodlarning arizalarini koʻrib chiqish uchun Akademiya rektorining buyrugʻiga asosan Appelyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
32. Apellyatsiya komissiyasiga shikoyatlar kirish test sinovlari natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida Apellyatsiya komissiyasi raisi nomiga nomzodlar tomonidan ariza bilan berilishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasi taqdim etilgan arizalarni ular kelib tushgan kundan boshlab uch kundan oshmagan muddatda koʻrib chiqadi.
V. Magistraturaga qabul qilish
33. Akademiya magistraturasiga qabul qilish toʻgʻrisidagi qabul komissiyasining qarori 20-sentabrdan kechikmay qabul qilinishi lozim. Ushbu qaror nomzodlarni davlat grantlari boʻyicha tinglovchilar safiga qabul qilish haqidagi Akademiya rektori buyrugʻini rasmiylashtirish uchun asos boʻladi.
34. Toʻlov-kontrakt asosida Akademiya magistraturasiga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
35. Nomzodlarni toʻlov-kontrakt asosida Akademiya magistraturaga tavsiya etish toʻgʻrisida qabul komissiyasining qarori qabul qilingandan keyin Akademiya bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda kontrakt (shartnoma) rasmiylashtiriladi.
Akademiya magistraturasiga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilgan nomzodlarga kontrakt (shartnoma)da belgilangan muddat va tartibda oʻqish uchun mablagʻ toʻlangunga qadar, qabul komissiyasi qaroriga koʻra oʻqishga ruxsat etiladi.
36. Qabul komissiyasining Akademiya magistraturasiga qabul qilish toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan oʻqish uchun belgilangan mablagʻ miqdori kontrakt (shartnoma)da belgilangan muddat va tartibda oʻtkazilgandan soʻng, Akademiya rektorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
37. Akademiya magistraturasida grant va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan tinglovchilarning asosiy ish joyi va oʻrtacha ish haqi miqdori oʻqish muddati mobaynida saqlanadi.
38. Akademiya magistraturasida tinglovchilar ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqiydilar. Oʻquv kursini muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilar malakaviy amaliyot oʻtaydilar hamda yakuniy Davlat attestatsiyasi sinovlarini topshiradilar.
39. Akademiya magistraturasida taʼlim jarayoni oʻquv jarayoni jadvaliga muvofiq magistrlik dissertatsiyasining himoyasi bilan yakunlanadi.
40. Akademiya magistraturasi mutaxassisligining oʻquv rejasi talablarini toʻliq bajargan, jumladan, yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan va magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgan tinglovchilarga belgilangan tartibda davlat namunasidagi magistrlik diplomi va “magistr” darajasi beriladi.
41. Boshqa shaharlardan kelgan tinglovchilarga ish joyiga borish va qaytish yoʻl xarajatlari hamda mehmonxonada (turar joy)da yashash xarajatlari ularni joʻnatgan vazirliklar va boshqa tashkilotlar tomonidan qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Yakunlovchi qoidalar
42. Akademiya magistraturasiga qabul qilingan nomzodlarning kirish test sinovlari natijalari nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yigʻma jildlariga tikib qoʻyiladi.
43. Akademiya magistraturasiga qabul qilinmagan nomzodlarning kirish test sinovlar natijalari 6 oy davomida saqlanadi va shundan soʻng belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
44. Kirish test sinovlari oʻtkazilishi bilan bogʻliq xarajatlar Davlat test markazi tomonidan taqdim etiladigan hisob-kitobga muvofiq Akademiyaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
45. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
46. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizo va kelishmovchiliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga oʻqishga qabul qilish uchun tavsiya etilishi mumkin boʻlgan lavozimlar
ROʻYXATI
I. Bank tizimi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va respublika tijorat banklarining departament direktorlari va ularning oʻrinbosarlari, boshqarma boshliqlari, boʻlim boshliqlari;
viloyat banklari boshqarma boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari;
tuman, shahar bank boʻlimlari boshqaruvchilari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari;
Respublika banklarining bosh mutaxassislari.
II. Moliya tizimi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparati boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari, shoʻba mudirlari, bosh mutaxassislari, bosh iqtisodchilari, moliyaviy inspektorlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi moliya vaziri va uning oʻrinbosarlari, boʻlimlari boshliqlari, shoʻba mudirlari;
viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlimlari boshliqlari;
viloyat gʻaznachilik boshqarmasi boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar nazorat-taftish boshqarmalari boshliqlari, boʻlimlari boshliqlari;
shaharlar va tumanlar moliya boʻlimlari mudirlari va gʻaznachilik boʻlinmalari boshliqlari, gʻaznachilik boʻlinmalari shoʻba mudirlari, guruh boshliqlari, bosh hisobchilar, bosh inspektorlar, bosh iqtisodchilar;
viloyat moliya boshqarmalari shoʻba mudirlari, guruh boshliqlari, bosh hisobchilar, bosh iqtisodchilar, bosh nazoratchi-taftishchilar, tuman va shahar nazorat-taftish boshqarmalari buxgalter-taftishchilari;
sugʻurta kompaniyasi direktori, viloyat direksiyasi direktori, viloyat sugʻurta kompaniyasi filiali direktori, sugʻurta kompaniyasi departamenti bosh menejeri, bosh yurist konsultanti, sugʻurta kompaniyasi menejeri, menejer katta assistenti, menejer assistenti, katta anderrayteri, anderrayteri, yurist konsultanti, shahar va tuman boʻlinmasi rahbari.
III. Soliq tizimi
Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparatining bosh boshqarma boshliqlari va boshqarma boshliqlari, boʻlim va shoʻba boshliqlari, davlat soliq bosh inspektorlari, bosh mutaxassislari, bosh iqtisodchilari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, shoʻba boshliqlari, davlat soliq bosh inspektorlari;
bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasining hududiy boʻlimlari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari;
tumanlar va shaharlar davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim va shoʻba boshliqlari, davlat soliq bosh inspektorlari.
IV. Investitsiya loyihalari bilan shugʻullanuvchi tarmoqlar
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi, tarmoq va soha vazirliklari, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi boshqarma boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari, bosh mutaxassislari;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining moliya va nazorat-taftish boshqarmalari, xizmatlari, boʻlimlari va boʻlinmalarining rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, katta ofitserlari hamda bosh mutaxassislari;
kompaniyalar, assotsiatsiyalar rahbarlari oʻrinbosarlari, boshqarma boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari, bosh mutaxassislari;
loyiha institutlarining rahbarlari oʻrinbosarlari, guruh rahbari va uning oʻrinbosari, loyiha bosh muhandisi oʻrinbosari, boʻlim boshliqlari, bosh mutaxassislari;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlinma rahbarlari, boʻlim boshliqlari, bosh mutaxassislari.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 38-son, 495-modda; 2017-y., 16-son, 277-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 09/18/599/1601-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)