Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “magistr” darajali yuqori malakali kadrlarni tayyorlash magistratura mutaxassisliklari boʻyicha davlat taʼlim standartlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyuldagi 599-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 09/18/599/1601-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 1-bandi ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Nizom harbiy taʼlim muassasalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistraturalariga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 16-sentabr,
255-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyuldagi 599-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 09/18/599/1601-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 38-son, 495-modda; 2017-y., 16-son, 277-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 09/18/599/1601-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)