OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI INTELLEKTUAL MULK AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
buyrugʻi
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 12-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1988-2]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 19-oktabrdagi 13-mh-sonli ““Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-7, 19.10.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyundagi 166-son “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 22-23-son, 236-modda) muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2009-yil 24-iyundagi 72-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 353-modda) bilan tasdiqlangan Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor v.b. Z. GIYASOV
Toshkent sh.,
2013-yil 8-avgust,
107-son
Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 75-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Talabnomaga patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan taqdirda, u roʻyxatga olinmaydi va topshirgan shaxsga qaytarib yuboriladi.”.
2. 79-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilgan holda rasmiy ekspertizani oʻtkazish muddati toʻxtatib turiladi.”.
3. 80-bandning “z” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“z) tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishda TXXKning bir sinfi uchun patent bojini belgilangan miqdorga muvofiqligi;”.
4. 81-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“81. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma berilgan sana mazkur talabnoma Agentlikka kelib tushgan sanaga qarab belgilanadi.”.
5. 82-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. 84-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar talabnoma beruvchi tomonidan patent boji davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun belgilangan miqdordan kam miqdorda toʻlangan taqdirda, davlat ekspertizasini oʻtkazish talabnomada birinchi boʻlib koʻrsatilgan va patent boji yetarli miqdorda toʻlangan TXXKning sinflariga nisbatan belgini roʻyxatdan oʻtkazish uchun amalga oshiriladi.
Talabnoma beruvchi Agentlik tomonidan yetishmayotgan patent bojini qoʻshimcha ravishda toʻlanishi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborilgan sanadan boshlab uch oy mobaynida zarur summani toʻlash huquqiga ega.”.
7. 85-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda patent vakiliga berilgan ishonchnoma yuzasidan yuborilgan soʻrovnomaga javob, talabnoma Agentlikka kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki oy muddat ichida taqdim etilishi lozim.”.
8. 86-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“86. Taqdim etilgan hujjatlar Qoidalarning 12—26 va 29-bandlaridagi talablarni buzgan holda rasmiylashtirilganligi hamda 80-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumotlarning mavjud emasligi rasmiy ekspertiza bosqichida soʻrovnoma yuborish uchun asos boʻladi.”.
9. 95-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilgan holda talabnomada koʻrsatilgan belgini ekspertizadan oʻtkazish muddati toʻxtatib turiladi.”.
10. 97-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tovar belgisining ustuvorligi tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Agentlikka talabnoma berilgan sanaga qarab belgilanadi.”.
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
11. 115-banddagi “a” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Qoidalarning 8—11, 27 va 28-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etish zarurligi;”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 37-son, 489-modda)