Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
SAVDO VA UMUMIY OVQATLANISh KORXONALARIGA SOLIQ SOLISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-fevraldagi PF-3850-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi farmonlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek ayrim hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soliqni tartibga solishni takomillashtirish hisobiga muomala xarajatlarini kamaytirishda savdo korxonalarining manfaatdorligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish soliq solish tizimini soddalashtirish va bir xil qilish, soliqlar toʻliq yigʻilishini taʼminlash maqsadida:
1. 1999-yilning 1-yanvaridan boshlab savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari umumdavlat hamda mahalliy soliqlar va yigʻimlarning quyidagi turlarini toʻlashdan ozod qilinsin:
ekologiya soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yer osti boyliklaridan fondalanganlik uchun soliq;
er soligʻi;
ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi;
boshqa mahalliy soliqlar va yigʻimlar.
2. Belgilab qoʻyilsinki, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari ushbu Farmonning 1-bandida koʻrsatilgan jami umumdavlat hamda mahalliy soliqlar va yigʻimlar oʻrniga quyidagi soliqlarni toʻlaydilar:
yalpi daromad soligʻi;
mulk soligʻi.
3. Yalpi daromad soligʻining stavkalari korxonaning daromadlilik darajasi va qayerda joylashganiga qarab tabaqalashtirilishini hisobga olgan holda ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini tegishli yilga tasdiqlash chogʻida yalpi daromad soligʻi stavkalarini har yili qayta koʻrib chiqish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun:
mulk soligʻi;
bojxona toʻlovlari, davlat boji, litsenziya yigʻimlari, budjetdan tashqari jamgʻarmalarga ajratmalar toʻlashning amaldagi tartibi saqlab qolinsin.
5 Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda amaldagi qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
6. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 3-dekabr,
PF-2151-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 12-son, 225-modda; 2001-y., 5-son, 105-modda)