Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi oʻrtasida
QOʻShMA DEKLARATSIYA
Oʻzaro foydali hamkorlikni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning taklifiga binoan Chexiya Respublikasining Bosh vaziri M.Zeman Chexiya Respublikasi sanoat va bank sohasi tadbirkorlari delegatsiyasi hamrohligida 1999-yil 20-apreldan 21-aprelgacha Oʻzbekiston Respublikasida rasmiy tashrif bilan boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri oʻrtasidagi muzokaralar Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi tyenglik va oʻzaro foyda prinsiplari asosida ikkala mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro foydali munosabatlarni mustahkamlash hamda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida yakdil ekanliklarini koʻrsatdi.
Muzokaralarning yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov va Chexiya Respublikasining Bosh vaziri M.Zeman quyidagilar toʻgʻrisida bayon qiladilar:
1. Tomonlar sheriklik va oʻzaro ishonchga asoslangan ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashadilar, shuningdek ularning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va chegaralarining buzilmasligini yanada mustahkamlashda, iqtisodiy islohotlarni, demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirishda bir-birlarining saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydilar hamda bu yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini ifodalaydilar.
Tomonlar xalqaro tashkilot va forumlar doirasidagi hamkorlikning yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarga erishishdagi ahamiyatini taʼkidlaydilar.
2. Tomonlardan har biri umumiy manfaatlarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Shu maqsadda Tomonlar tegishli korxona va tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikning barcha shakllariga koʻmaklashadilar hamda bir Tomon xoʻjalik yurituvchi subyektlarining boshqa Tomon davlati hududidagi faoliyatini mustahkamlashga va rivojlantirishga qaratilgan eng qulay iqtisodiy sharoitlarni yaratish uchun oʻz milliy qonunlariga muvofiq bor kuchlari bilan harakat qiladilar.
3. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan investitsiyalar, eng ilgʻor hamkorlik shakllariga oʻtishga koʻmaklashish uchun xususiy va boshqa sarmoyalar oqimini taʼminlash maqsadida eng qisqa muddatlarda ikki tomonlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzishga imkoniyat yaratadilar.
4. Tomonlar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning ustuvor, chunonchi quyidagi sohalariga alohida eʼtibor berish lozim deb hisoblaydilar:
mashinasozlik;
transport va aloqa;
atrof-muhit;
kimyo va farmatsevtika sanoati;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash;
xalq isteʼmoli tovarlarini ishlab chiqarish;
turizm;
kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirish.
Tomonlar oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi boshqa yoʻnalishlarda ham hamkorlik qiladilar.
5. Tomonlar muayyan loyihalarni amalga oshirish maqsadida ikkala mamlakatning tegishli davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama ragʻbatlantiradilar.
6. Tomonlar oʻzaro hamkorlikni uzoq muddatli muvaffaqiyatli rivojlantirish manfaatlarida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha aralash komissiya tuzish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
7. Tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalda bajarishning samaradorligini oshirish, shuningdek ikki tomonlama munosabatlarning shartnoma-huquq negizini yanada rivojlantirish zaruratini tan oladilar.
8. Tomonlar tranzit va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish niyatidalar. Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi bir-birlarining fuqaro aviatsiyasi, temir yoʻl va avtomobil transportining transport operatsiyalarini taʼminlaydilar hamda bu masalalar boʻyicha alohida bitimlar tuzadilar.
9. Tomonlar siyosiy ekstremizm aktlarini qoralaydilar. 1998-yil 17-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida bitimga muvofiq Tomonlar jinoyatchilikka, ayniqsa uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi, havo transporti xavfsizligiga qarshi aktlar, odamlarni garovga olish, yuklar, radioaktiv moddalar, qurol, sanʼat asarlari, madaniy va tarixiy boyliklarni noqonuniy olib kirish va olib chiqishga, shuningdek noqonuniy migratsiya va shaxslarning noqonuniy boʻlishiga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
10. Oʻzaro foydali manfaatni hisobga olib, Tomonlar mudofaa va mudofaa sanoati sohasida hamkorlik qiladilar.
11. Tomonlar xalqlar yaqinlashuvining muhim vositasi sifatidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta ahamiyat berib, fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, sport sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarni hamda erkin axborot almashishni ragʻbatlantiradilar.
12. Tomonlar ular xalqlarining ravnaqi yoʻlida oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi boshqa soha va yoʻnalishlarda, demokratik oʻzgarishlar va iqtisodiy islohotlar sohasida birgalikdagi harakat va hamkorlikni chuqurlashtiradilar.
Toshkent shahrida 1999-yil 20-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, chex va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)