Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining
Qarori
Birinchi guruhga qattiq xoʻjalik sovunini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 27-iyulda 2493-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisida nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga qattiq xoʻjalik sovunini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim hamda u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-iyun,
13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2013-yil 25-iyundagi 13-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga qattiq xoʻjalik sovunini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida
yoʻriqnoma
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga qattiq xoʻjalik sovunini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar hamda birinchi guruh moddiy boyliklarini masʼul saqlovchi tashkilotlar uchun majburiydir.
Keyingi tahrirga qarang.
II bob. Sovunni idishga joylash, tamgʻalash va transportda joʻnatish
3. Qattiq xoʻjalik sovuni (bundan buyon matnda sovun deb yuritiladi) qismlarga ajralmaydigan karton qutilarga yoki koʻp marta foydalaniladigan yogʻoch qutilarga normativ hujjatlarga muvofiq 30 kg dan oshmaydigan ogʻirlikda taxlanadi.
4. Sovun temir yoʻl va avtomobil transportida yogʻoch yoki karton qutilarga joylangan holda tashiladi. Taxta qutilar aylanasiga sim yoki poʻlat lenta bilan bogʻlanishi lozim.
5. Uzoq muddat saqlashga topshiriladigan sovunni yetkazib berish uchun faqat qopqoqli qutilardan foydalaniladi.
6. Sovun taxlanadigan idish toza, quruq va boshqa moddalarning hidlarisiz boʻlishi lozim.
7. Sovun taxlanadigan idish (jumladan, qaytariladigan idish) tagiga oʻrash qogʻozi, pergamentsimon qogʻoz va boshqa turdagi qogʻoz toʻshash mumkin.
8. Normativ hujjat talablariga muvofiq yelimli qogʻoz lenta yoki skotch bilan faqat idishning tagini, agar transportda tashish va saqlash jarayonida butun turishini taʼminlasa, shuningdek karton idishning faqat qopqoqlarini yopishtirish, idishni bogʻlash yoki oʻrash qogʻozidan qilingan lenta bilan yopishtirib chiqish mumkin.
9. Har bir sovun boʻlagiga quyidagi maʼlumotlar aniq yozilgan shtamp tushirilishi lozim:
tovar belgisi yoki ishlab chiqargan tashkilot nomi;
sovunning qisqacha nomi (72 foiz, 70 foiz, 65 foiz, 60 foiz);
normativ hujjat nomi.
10. Transport tamgʻasida “Namlikdan saqlansin!” degan ogohlantiruvchi belgi boʻlishi lozim.
11. Har bir transport idishida qogʻoz yorliq boʻlishi va unda mahsulot toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
sovunning nomi;
tovar belgisi (agar bor boʻlsa);
ishlab chiqargan tashkilot nomi, uning pochta manzili;
qutidagi boʻlaklar soni, boʻlaklarning jami nominal ogʻirligi koʻrsatiladi;
partiya raqami;
ishlab chiqarilgan sana;
muvofiqlik belgisi;
yaroqlilik muddati va saqlash shartlari;
normativ hujjat nomi.
12. Sovun partiyalari uzoq muddat saqlash uchun joʻnatilganda bir xil turdagi, bir oy mobaynida ishlab chiqarilgan, bir xil hajmdagi qutilarga taxlangan sovundan tashkil topgan boʻlishi, har bir qutida esa sovunlar soni bir xil boʻlishi lozim.
13. Sovun barcha turdagi transportlarda yuk tashish qoidalariga muvofiq tashiladi.
14. Sovun toza, quruq va tomi yopiq vagon yoki avtomobil transportida tashilishi lozim. Tashilayotganda sovunni yogʻingarchilikdan asrash lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Har bir sovun partiyasiga muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologik xulosasi yoki ularning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari ilova qilinishi lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2017-yil 15-noyabrdagi 31-sonli (roʻyxat raqami 2493-1, 06.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2493-1/0373-son)
16. Masʼul saqlovchi tashkilotlar shartnomaga muvofiq sovunni bus-butun, belgilangan saqlash tartibiga rioya qilinadigan yopiq omborxonalarda saqlash, shuningdek oʻz vaqtida almashtirish, yangilash, hisobini yuritish va hisobot tayyorlash uchun javobgardir.
17. Paketning (qutining) oʻrami boʻlsa, sovun vaqtincha saqlashga qabul qilinadi, yetkazib beruvchi shartnomaga muvofiq yaroqsiz paketni (qutini) yaroqlisiga almashtiradi.
III bob. Omborlarga qoʻyiladigan talablar
18. Sovunni uzoq muddat saqlash uchun yil mavsumidan qatʼi nazar, saqlash uchun optimal harorat-namlik darajasi boʻlgan, saqlash muddati va omborni toʻldirish meʼyorini oshirish imkoniyati boʻlgan isitiladigan va isitilmaydigan, texnik jihatdan soz, quruq, yaxshi shamollatiladigan omborxonalardan foydalaniladi.
19. Omborxonalar mahsulotlarni qabul qilishdan oldin taʼmirlanishi va mahsulotni joylashtirish uchun tayyorlanishi lozim. Bunda tom va pollarga, tuynuk va deflektor holatlariga va eshiklarning zich yopilishiga alohida eʼtibor berilishi kerak.
20. Shamollatish vaqtida sovun bus-butun saqlanishini taʼminlash uchun omborxonalarga qoʻshimcha panjarali eshiklar oʻrnatilishi, tuynuklarga ham panjara oʻrnatilishi lozim.
21. Omborlar quyidagilar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim:
tagliklar, qistirma reykalar, narvonlar;
harorat-namlik darajasini nazorat qilish asboblari (termometrlar, termograflar, gigrograflar va psixrometrlar);
idishlarni taʼmirlash uchun zarur asboblar va yordamchi materiallar;
himoya vositalari va qoʻriqlash signalizatsiyasi, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari, avtomatik ravishda yongʻindan xabar berish qurilmasi;
birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish vositalari.
22. Elektr qurilmalaridan foydalanish Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda), Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil, 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) talablariga muvofiq bajariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Ombor atrofidagi hudud toʻgʻri rejalashtirilishi lozim. Yer ustidagi suvlar va ariq suvlari ombordan chetlatilib oqiziladi, ushbu ariqlar suv oʻtishiga toʻsqinlik qiladigan chiqindilardan tozalab turiladi.
24. Yongʻin chiqish manbalarining quvvati qanchalik katta va taʼsir kuchi qanchalik davomiyligidan qatʼi nazar, saqlash jarayonida sovunni ulardan uzoqda tutish lozim.
25. Birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari doim soz va foydalanishga tayyor boʻlishi lozim.
26. Yongʻin chiqqanda ularni bartaraf etish maqsadida suvli yoki havo-koʻpikli yongʻin oʻchirgichdan foydalaniladi.
27. Omborxonalar yongʻinga qarshi ogohlantiruvchi plakatlar, xavf toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi yozuvlar hamda koʻrsatkichlar va yorugʻlik signalizatsiyasi bilan toʻliq taʼminlangan boʻlishi kerak.
28. Omborlarning sovunni joylashtirishga va saqlashga tayyorligi bosh muhandis, laboratoriya mudiri, moddiy boyliklarga va yongʻin xavfsizligiga javobgar shaxslardan iborat komissiya tomonidan tekshiriladi va dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
IV bob. Sovunni yetkazib berish va qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
29. Sovunni yetkazib berish va qabul qilish shartnoma asosida, qonunchilik hujjatlari hamda mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
30. Sovunning organoleptik va fizikaviy-kimyoviy koʻrsatkichlari mazkur Yoʻriqnomaning ilovasida keltirilgan jadvallarga muvofiq aniqlanadi.
31. Sovun temir yoʻl transportida keltirilganda vagonlar temir yoʻl tashkiloti vakili ishtirokida koʻzdan kechiriladi. Tashqi koʻzdan kechirishda:
vagonlarning texnik sozligi;
plombalarning butunligi, ulardagi izning aniqligi;
vagon eshiklarida buragichlarning borligi va ularning holati;
yukning nomi va qutilardagi tamgʻa yukka ilova qilingan hujjatlarga mosligi tekshiriladi.
32. Tekshirish jarayonida aniqlangan kamchiliklar, shu jumladan vagonning texnik nosozligi, plombalarning yoʻqligi, ulardagi izning noaniqligi, yuk tashish qoidalarida koʻrsatilgan boshqa holatlar umumiy shakldagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
33. Yaroqli idishlardagi (butun paketlardagi) sovun oʻrinlar soni, normativ hujjatlar boʻyicha sovun boʻlagining nominal ogʻirligi, trafaret boʻyicha qutilardagi sovunlar sonidan kelib chiqqan holda har bir qutining netto ogʻirligiga qarab qabul qilinadi.
34. Zarar koʻrgan idishdagi sovun amaldagi ogʻirligi boʻyicha va har bir sovun boʻlagini bittadan sanagan holda qabul qilinadi.
35. Sovun qabul qilinayotganda idishning jiddiy zarar koʻrganligi, oʻramning normativ hujjatlar talablariga javob bermasligi, mahsulot nomining yoki miqdorining transport hujjatida koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos kelmasligi aniqlansa, dalolatnoma tuziladi.
Dalolatnomada plombalardagi nazorat belgilarining holati koʻrsatilishi shart.
36. Sovunning sifatini tekshirish uchun kelgan har bir vagon va avtomobil transportidan qutilardagi sovunning bir foiziga teng miqdorda oʻrtacha namuna ajratib olinadi. Partiyaning kamida uchta joyidan namuna olinishi lozim.
37. Idish, oʻram va tamgʻaning normativ hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlansa, tanlov asosida takroriy tekshiruv oʻtkaziladi. Belgilangan koʻrsatkichlar boʻyicha oʻrinlarning ikki foizdan koʻp boʻlmagan qismigina normativ hujjat talablariga javob bermasa, faqat aniqlangan oʻrinlar soni yaroqsizga chiqariladi. Ushbu koʻrsatkichlar boʻyicha oʻrinlarning ikki foizdan koʻp qismi normativ hujjat talablariga javob bermasligi aniqlansa, butun partiya yaroqsiz deb topiladi.
Sovunning sifat koʻrsatkichlari normativ hujjat talablariga javob bermasligi aniqlansa, tahlil oʻtkazish va nizoli holatlarni nazarda tutgan holda belgilangan tartibda arbitraj namunasi olinadi va ikki oy davomida saqlanadi.
38. Sifat jihatidan normativ hujjat talablariga javob bermaydigan hamda joyida taʼmirlash imkoni boʻlmagan nosoz idishdagi sovun partiyasi vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va keyinchalik yetkazib beruvchining koʻrsatmasiga asosan joʻnatish uchun alohida taxlanadi.
39. Yaroqsiz deb topilgan sovunlar boʻyicha yaroqsiz deb topish toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi. Yetkazib beruvchi yaroqsiz deb topish toʻgʻrisidagi dalolatnomani olgandan keyin shartnomaga muvofiq yaroqsiz deb topilgan sovun oʻrniga yaroqli sovun yetkazib berishi, yaroqsizga chiqarilgan mahsulotni olib chiqib ketilishini taʼminlashi lozim.
V bob. Sovunni omborga joylashtirish
40. Sovun ombor maydonidan oqilona foydalanish, mahsulot va idishlarning butun saqlanishini taʼminlash, ularning sifatini nazorat qilish uchun qulay sharoit yaratish zarurligini inobatga olgan holda omborga joylashtiriladi. Sovunni shtabelga taxlash ularning mustahkamligini taʼminlash, yukni tushirish va ortish ishlari uchun imkon qadar qulay sharoit yaratish zaruratidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Bunda har bir omborning oʻziga xos xususiyatlari va ombor maydonining har bir kvadrat metriga mahsulot taxlash meʼyorlari inobatga olinishi lozim.
41. Mahsulot miqdorini nazorat qilish uchun shtabellarda saqlanayotgan sovun qutilari sanab chiqiladi.
42. Shtabellar bitta yoki bir nechta vagon yoki avtomobil transporti partiyalaridan, turi va sifati bir xil, bir chorak mobaynida ishlab chiqarilgan, bir xil turdagi va hajmdagi qutilarga taxlangan sovundan tashkil topgan boʻlishi, har bir qutida esa sovunlar soni bir xil boʻlishi kerak.
43. Ombor maydonidan samarali foydalanish uchun ayrim hollarda bitta shtabelga turli xildagi, turli oylarda ishlab chiqarilgan, turli yetkazib beruvchilardan olingan sovun taxlanishi mumkin, bunda shtabel chizmasida qutilarni shtabelga taxlash tartibi koʻrsatiladi.
44. Sovun balandligi 15 sm dan oshmaydigan quruq, toza tagliklarga taxlanadi. Berib yuborilayotganda ishlarni mexanizatsiyalashtirish uchun har bir quti tagiga 5 sm qalinlikda reyka yoki taglik qoʻyiladi.
45. Sovun shtabellari isitilmaydigan omborlarga 7 va undan koʻp quti kengligida, isitiladigan omborlarda 5-6 quti kengligida taxlanadi. Taxlash uzunligi va balandligi omborxona xususiyatlaridan (balandligi, uzunligi, ustunlar balandligi, shamollatish tizimi) kelib chiqib belgilanadi. Transport tagligiga ortilganda sovun 3-4 quti balandligida taxlanadi. Ayrim qutilar egilib qolsa, shtabelni qaytadan taxlash lozim.
46. Saqlash jarayonida sovunni jadal shamollatish, yuk ortish va tushirish mexanizmlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratish, sovunning bus-butun saqlanishini nazorat qilish va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etish maqsadida sovun shtabellari orasida quyidagi tartibda yoʻlak qoldiriladi:
ombor (seksiya) perimetri boʻyicha – devor, chiqib turgan konstruksiyalar yoki isitish uskunalaridan 0,8 m kenglikda;
shtabellar orasida - 0,5 m kenglikda;
maydoni 700 m² oshmaydigan omborlarda foydalaniladigan yuk ortish mexanizmiga qarab ishchi eshik qarshisida 2,0-2,5 m kenglikda;
maydoni 700 m² dan 1000 m² gacha boʻlgan omborlarda 2,0-2,5 m kenglikda bitta boʻylama yoʻlak va ishchi eshikdan boʻylama yoʻlakkacha 1,5-1,7 m kenglikda ikkita koʻndalang yoʻlak;
maydoni 1000 m² dan ortiq boʻlgan omborlarda 2,0-2,5 m kenglikda bitta boʻylama yoʻlak va ishchi eshikdan boʻylama yoʻlakkacha 1,5-1,7 m kenglikda uchta koʻndalang yoʻlak.
Ombor kengligi 30 m dan kam boʻlsa, sovunni aralash boʻylama yoʻlak qoldirib taxlash mumkin.
47. Yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish maqsadida shtabellarning tepa qatori bilan elektr simlari va yoritqichlar orasidagi masofa 0,5 m dan kam boʻlmasligi lozim.
48. Sovun bilan bogʻliq yuk ortish va tushirish ishlari, ombor ichidagi ishlar yuqori mehnat samaradorligiga erishish, xarajatlarni qisqartirish hamda mahsulotning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini taʼminlashni, shuningdek ilgʻor ish usullarini qoʻllashni nazarda tutuvchi texnologik xaritalar asosida amalga oshirilishi lozim.
49. Yuk ortish va tushirish hamda joydan-joyga koʻchirishda sovun solingan qutilarni ehtiyot qilish, urilishi, turtilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Sifatini tekshirish uchun sovun solingan qutilarni ehtiyotkorlik bilan ochish lozim.
50. Har bir sovun shtabeli tayyor boʻlgandan soʻng, unga shtabel yorligʻi tuziladi va shtabelga osib qoʻyiladi. Har bir shtabel yorligʻiga qutilarning joylashish chizmasi ilova qilinadi. Bu chizma moddiy javobgar shaxs tomonidan mahsulotni shtabelga taxlash ishlari tugatilishi bilan tuziladi.
VI bob. Sovunni saqlash
51. Sovun va sovun taxlangan idish sifatini saqlab qolish uchun omborlarda havoning nisbiy namligi 70 foizdan oshmasligi lozim.
52. Talab etiladigan havo namligi isitiladigan omborda havo haroratini tartibga solish va shamollatish orqali, isitilmaydigan omborda esa shamollatish orqali taʼminlanadi.
53. Isitiladigan omborlarda qishda havo harorati qutilarning pastki qatori darajasida 2-4 °S boʻlishi lozim, ushbu haroratning 6-8 °S gacha koʻtarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
54. Yangi ishlab chiqarilgan sovunda dastlabki saqlash davrida juda koʻp namlik bugʻlanib chiqib ketishini inobatga olgan holda ombor devori va shipida kondensat hosil boʻlishi, qutilar oʻralgan lentalar zanglamasligi va quti taxtalari mogʻor bosmasligi uchun ombordagi havo namligini pasaytirishga harakat qilish kerak. Yangi sovun partiyasi saqlashga qabul qilinganda ombor muntazam ravishda shamollatilishi lozim.
55. Ortiqcha namlikni chiqarib tashlash uchun isitiladigan va isitilmaydigan omborxonalarning eshik, tuynuk va deflektorlari ochib qoʻyiladi, shuningdek maxsus shamollatish moslamalari ishga tushiriladi.
56. Tashqaridagi havoning mutlaq namligi ombor havosining mutlaq namligidan past boʻlgan barcha hollarda ombor havosi namligini pasaytirish uchun ombor shamollatiladi. Bunda tashqaridagi havo harorati noldan past boʻlsa, ombordagi tashqi havo harorati inobatga olinmaydi.
57. Agar ombor ichidagi havo harorati tashqaridagi havo haroratidan past boʻlsa, qishda sovun saqlanadigan ombor shamollatilishi lozim.
58. Omborni shamollatish sovun quriganda, shuningdek ombordagi havoning nisbiy namligi 70 foizgacha tushganda toʻxtatiladi.
59. Qishki saqlash tartibidan bahorgi-yozgi saqlash tartibiga oʻtilganda, sovunni asta-sekin isitish lozim, shuningdek sovun solingan qutilarning pastki qatorida havo namligi oshib ketmasligini taʼminlash maqsadida, omborda sovun harorati tashqaridagi havoning oʻrtacha haroratidan past boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Bu davrda tashqaridagi havoning shudring nuqtasi ombor havosi haroratidan past boʻlganda ombor shamollatilishi lozim.
60. Ombor va tashqaridagi havo harorati va namligini oʻlchash maʼlumotlari asosida tashkilot laboratoriyasi xodimlari sovun saqlanayotgan omborlarni shamollatish toʻgʻrisida koʻrsatma berishlari lozim. Saqlash jarayonida sovun va idish sifati yomonlashishi alomatlarini oʻz vaqtida aniqlash maqsadida tashkilot laboratoriyasi tomonidan har yili yoz mavsumida ayrim qutilar ochiladi va nazorat shtabellarining tepa, oʻrta va pastki qatorlaridagi sovun va idish sifati tekshiriladi.
61. Mavsumiy saqlash davrlari oʻzgarganda (may, noyabr) sovun shtabellari va idishlari koʻzdan kechiriladi. Sovun sifati yomonlashishi alomatlari sezilsa, ishlab chiqargan tashkilot vakilini chaqirtirish va ishlab chiqargan tashkilot laboratoriyasi yoki boshqa mustaqil laboratoriyada sovunning fizika-kimyoviy koʻrsatkichlarini tekshirish lozim.
62. Sovunni saqlash davrida oyiga kamida bir marta omborxonalar tozalanishi lozim.
63. Sovun miqdori butunligi muntazam nazorat qilinishi kerak. Sovun shtabeldan qisman berib yuborilayotganda shtabel yorligʻida berib yuborilgan sana, yuk xati raqami, berib yuborilgan sovun miqdori koʻrsatiladi va shtabelda qolgan qoldiq yozib qoʻyiladi. Sovun miqdorining oʻzgarishi joylashtirish chizmasiga kiritiladi. Shtabellarni koʻchirish va saralash vaqtida sovun miqdori oʻzgarishi ham shtabel yorligʻiga qayd etiladi.
64. Sovunni saqlash muddati normativ hujjat talablariga muvofiq belgilanadi. Sovunni saqlash muddati ishlab chiqarilgan sanadan hisoblanadi. Yertoʻlada saqlanayotgan sovun va idish holati qoniqarli boʻlsa, sovunni saqlash muddati uzaytirilishi mumkin.
65. Sovunni uzoq muddat saqlash shartlari taʼminlangan hollarda oʻtkazilgan sinovlar natijasiga koʻra sovun sifati normativ hujjat talablariga mos keladigan boʻlsa, saqlash muddati uzaytirilishi mumkin.
VII bob. Sovunni berib yuborish
66. Sovunni berib yuborish Qoʻmita tomonidan beriladigan naryadlar asosida birinchi navbatda sifat holatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish muddatini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
67. Sovun oʻrinlari soni qayta sanab chiqilgach, trafaret boʻyicha netto ogʻirligi aniqlangan holda berib yuboriladi.
68. Vagon va avtomobil transportiga ortish uchun sovun qutilarga taxlanadi. Sovun qutilarini ortish va tashish vaqtida sovun bus-butun saqlanishiga eʼtibor qaratiladi. Qutilar zich taxlanishi va eshik qarshisidagi sovun qutilari mahkamlab qoʻyilishi lozim.
69. Sovun vagon va avtomobil transportiga ortilgandan soʻng, ortilgan oʻrinlar sonini hisoblab chiqish, shtabeldagi qoldiqlarni tekshirish, maʼlumotlarni shtabel yorligʻidagi maʼlumotlar va yuk joʻnatish hujjatlari bilan solishtirish zarur. Shtabel yorligʻida joʻnatilgan sovun miqdori belgilab qoʻyiladi va oʻrinlar qoldigʻi chiqariladi.
VIII bob. Yakuniy qoida
70. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 21-iyun
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. KURBANOV
2013-yil 21-iyun
Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi raisi A. SALIMOV
2013-yil 21-iyun
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2013-yil 21-iyun
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
2013-yil 21-iyun
Birinchi guruhga qattiq xoʻjalik sovunini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga
ILOVA
ILOVA
Sovun sifatining fizika-kimyoviy
KOʻRSATKICHLARI
| | | | |
1-jadval |
|
Koʻrsatkichlar nomi |
Sovun sifati koʻrsatkichlari meʼyori | |||
|
72 foizli |
70 foizli |
65 foizli |
60 foizli | |
| Sifat soni (100 gr li boʻlakning nominal ogʻirligiga nisbatan yogʻli kislotalar ogʻirligi) gr, kam emas |
70,5 |
69,0 |
64,0 |
59,0 |
| Erkin oʻyuvchi ishqorning yalpi ulushi, foiz boʻlakning nominal ogʻirligiga nisbatan, koʻp emas |
0,15 |
0,15 |
0,20 |
0,20 |
| Erkin karbonad angidridli sodaning yalpi ulushi, foiz boʻlakning nominal ogʻirligiga nisbatan, koʻp emas |
1,0 |
1,0 |
1,0 |
1,0 |
| Sovundan ajrab chiqqan yogʻli kislotalarning qotish harorati (titr), °S |
36 — 42 |
35 — 42 |
35 — 42 |
35 — 42 |
| Sovunga aylanmaydigan organik moddalar va sovunga aylanmagan yogʻning yalpi ulushi, foiz boʻlakning nominal ogʻirligiga nisbatan, koʻp emas |
2 |
2 |
3,0 |
3,5 |
| Dastlabki koʻpik hajmi, sm3 kam emas |
300 |
300 |
300 |
300 |
| Suvda erimaydigan aralashmalarning yalpi ulushi, foiz boʻlakning nominal ogʻirligiga nisbatan, koʻp emas |
0,30 |
0,40 |
0,40 |
0,50 |
Sovunning organaleptik
KOʻRSATKICHLARI
| | | | |
2-jadval |
|
Koʻrsatkichlar nomi |
Xoʻjalik sovunining xususiyatlari | |||
|
72 foizli |
70 foizli |
65 foizli |
60 foizli | |
|
Tashqi koʻrinish |
Boʻlaklar toʻgʻri toʻrtburchak va oval shaklda, shtamp aniq, usti tekis | Boʻlaklar toʻgʻri toʻrtburchak va oval shaklda, shtamp aniq, usti tekis | Boʻlaklar toʻgʻri toʻrtburchak va oval shaklda, shtamp aniq, usti tekis | Boʻlaklar toʻgʻri toʻrtburchak va oval shaklda, shtamp aniq, usti tekis |
| Yoʻl qoʻyilmaydi: oq qatlam paydo boʻlishi, deformatsiya, darz ketishi, qattiq begona qoʻshimchalar Yoʻl qoʻyiladi: marmarsimon struktura, taxlangan sovun ustida sovunga taalluqli boʻlmagan oson ketadigan kirlar | ||||
|
Konsistensiya |
Sovun boʻlaklari ushlaganda qattiq | |||
|
Rang |
Och sariqdan sariqgacha | Och sariqdan toʻq sariqgacha |
Sariqdan och jigar ranggacha | |
| Hid | Sovunga xos hid, organik moddalar chirishi, taxir yogʻ, baliq va boshqa noxush hidlar boʻlmasligi lozim | |||
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 31-son, 412-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2493-1/0373-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 06.07.2026-y., 10/26/2493-2/0696-son)