OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT ZAXIRALARINI BOSHQARISH QOʻMITASINING
Qarori
Birinchi guruhga choyni yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 23-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2486]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisida nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga choyni yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim hamda u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-iyun,
12-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2013-yil 25-iyundagi 12-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga choyni yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga choy yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
II bob. Choyni idishga joylash, tamgʻalash va tashish
3. Choy yumshoq yoki yarim qattiq idishlarga netto ogʻirligi 25, 50, 75, 100, 125, 150, 200 va 250 gr bilan qadoqlanadi.
Shartnoma asosida chakana savdo uchun moʻljallangan 200, 300, 500, 1000, 2000 gr li paketli choy ham ishlab chiqarilishi mumkin.
4. Yumshoq idishning ichki yuzasi normativ hujjatlarga muvofiq aluminiy folgali, pergament yoki polivinilidenxlorid qogʻoz bilan qoplangan boʻlishi, pachkaga normativ hujjatlarda belgilangan maʼlumotlar trafaret usulida bosilishi lozim.
5. Yarim qattiq idishning ichki qismi normativ hujjatlarga muvofiq yuzasi aluminiy folgali, pergament yoki polivinilidenxlorid qogʻoz bilan qoplangan yoki ogʻirligi 1 m² da 230 — 240 gr boʻlgan “xrom-erzats” kartonidan boʻlishi lozim.
6. Choyning har bir oʻramdagi netto ogʻirligidagi tafovut 25 gr dan 2000 gr gacha qadoqlanganda 1 foiz koʻrsatkichdan oshmasligi lozim.
7. Choy pachkalari normativ hujjatlarga muvofiq fanerali yoki gofrirovka qilingan karton qutilarga joylashtiriladi.
Qoʻshimcha oʻrash idishi sifatida polietilen-tereftal plyonkadan qilingan qistirma varaqchali qopchalardan foydalanishga ruxsat etiladi.
8. Koʻp marta ishlatiladigan transport idishlari oʻzining himoya xususiyatlarini butun foydalanish davri mobaynida saqlab qoluvchi va koʻp martali tozalashlarga chidamli materialdan tayyorlanishi lozim.
9. Uzoq muddatli saqlashga moʻljallangan choy normativ hujjat talablariga javob beradigan polietilen suqmali polipropilen qoplarga solinadi.
10. Choy pachka va qutilari toza boʻlishi, yaxshilab yelimlangan va toʻgʻri shaklga ega boʻlishi lozim. Mayda choy qadoqlangan qutilarda “mayda” degan yozuvi boʻlishi kerak.
11. Choyning har bir oʻram birligiga quyidagi maʼlumotlar trafaret qilib bosiladi:
mahsulot nomi;
ishlab chiqaruvchi nomi, uning manzili;
mahsulot navi va choy bargi oʻsgan joy;
netto ogʻirligi;
tovar belgisi (belgiga ega tashkilotlar uchun);
normativ hujjat nomi.
12. Choy idishining transport markirovkasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
mahsulot nomi, tovar belgisi;
ishlab chiqaruvchi nomi, uning manzili;
qadoqlangan sana;
brutto va netto ogʻirlik;
saqlash harorati va muddati;
oʻram birliklari soni va uning netto ogʻirligi;
“Namlikdan asrang!” ogohlantiruvchi belgisi;
normativ hujjat nomi.
13. Markirovkada mahsulotni identifikatsiyalovchi va tavsiflovchi yoki uning xususiyatini taʼriflovchi boshqa maʼlumotlarni yozishga ham ruxsat etiladi.
14. Choy tashishni amalga oshiruvchi transport tashkilotlari ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan mahsulotni tashish shartlariga rioya etishlari lozim.
15. Choy barcha turdagi transportlarda yuklarni tashish qoidalariga muvofiq tashiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Har bir yuklab yuborilayotgan choy partiyasiga muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologik xulosasi yoki ularning tasdiqlangan nusxalari ilova qilinadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2017-yil 15-noyabrdagi 36-sonli qarori (roʻyxat raqami 2486-1, 06.12.2017-y.) tahririda — (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2486-1/0378-son)
III bob. Choyni yetkazib berish va qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
17. Choyni yetkazib berish va qabul qilish shartnoma asosida, qonunchilik hujjatlari hamda mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
18. Choy yuklangan vagon kelganda u temir yoʻl vakili ishtirokida sinchiklab oʻrganiladi. Tashqi kuzatuvni amalga oshirishda vagonning texnik holati va uning sozligi, plombalarning saqlanganligi, ulardagi izning aniqligi, choy qutilarining butunligi, plombaning yukka ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi tekshiriladi. Qutilar namlanmagan, ochilmagan boʻlishi kerak.
Tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklar, shu jumladan, vagonning texnik nosozligi, plombalarning mavjud emasligi yoki ularning buzilganligi, ulardagi izlarning noaniqligi, oraliq bekatlar plombasining mavjudligi umumiy shakldagi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
19. Shikastlanmagan idishlarda oʻrami buzilmagan va yuk oʻrinlari saqlangan holda yetkazib berilgan choy oʻrinlar soni va netto ogʻirligiga qarab qabul qilinadi.
20. Shikastlangan idishdagi choy qutining amaldagi netto ogʻirligi boʻyicha qabul qilinadi.
21. Choyni qabul qilib olishda mahsulot yoki idish buzilishi (shikastlanish, namlanish, ifloslanish), mahsulotning nomi va miqdori yoki oʻrinlari transport hujjatlarida belgilanganidan farq qilgan taqdirda, tijorat dalolatnomasi tuziladi. Tijorat dalolatnomasida plombalar va ulardagi nazorat belgilarining holati qayd etiladi.
22. Choyni sifati boʻyicha qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
yetkazib beruvchining maʼlumotlarini tekshirish (muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologik xulosasi);
(22-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2017-yil 15-noyabrdagi 36-sonli qarori (roʻyxat raqami 2486-1, 06.12.2017-y.) tahririda — (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2486-1/0378-son)
idish, oʻram va tamgʻani koʻzdan kechirish;
organoleptik baholash (hid, taʼm, damlama, rang, choy bargi qaynashi darajasi);
normativ hujjatlarga muvofiq namlik va suvda eruvchan ekstraktiv moddalar mavjudligi boʻyicha laboratoriya tahlili oʻtkazish.
23. Organoleptik baholash va namlikni aniqlash uchun namuna har bir vagon va avtotransport partiyasidan normativ hujjatlar talablariga muvofiq olinadi.
24. Tekshirish natijasida aniqlangan haqiqiy koʻrsatkichlar va yetkazib beruvchi hujjatlarida koʻrsatilgan choy sifati oʻrtasida tafovutlar mavjud boʻlgan taqdirda, mustaqil ekspertlar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
25. Normativ hujjatlardagi sifat koʻrsatkichlariga mos kelmaydigan, shuningdek namlangan, namlanib mogʻorlagan, hidlangan va boshqa yot moddalarning hidi urgan hamda taʼmirlab boʻlmaydigan darajada shikastlangan idishlarda olib kelingan, notoʻgʻri tamgʻalangan va boshqa standartlardan ogʻishgan choy saqlash uchun qabul qilinmaydi. Bunday choy umumiy partiyadan ajratilib, alohida omborga joylashtirilishi kerak.
26. Yaroqsizga chiqarilgan choyni qabul qilish, saqlash va berib yuborish bilan bogʻliq barcha xarajatlar shartnomaga muvofiq yetkazib beruvchi tomonidan qoplanadi.
IV bob. Omborlarga qoʻyiladigan talablar
27. Choy isitiladigan yoki isitilmaydigan, texnik soz, quruq, toza va yaxshi shamollatiladigan, mogʻor bosmagan va yot moddalar hidi boʻlmagan omborlarda saqlanadi. Choy bilan birga tez buziladigan, hidli mahsulotlarni bir xonada saqlash taqiqlanadi.
28. Omborxonalar toʻldirilishdan oldin taʼmirlanishi, choyni qabul qilish va saqlashga tayyor qilinishi lozim. Bunda asosiy eʼtibor tom, pol, isitish tizimlari, yoriq va tirqishlarni oʻz vaqtida yamash, shuningdek eshiklarni yaxshi yopilishga moslash, avtomatik qoʻriqlash signalizatsiyasi uskunalari bilan jihozlash, yogʻoch konstruksiyalarni yonish xususiyatini pasaytiruvchi kimyoviy suyuqlik bilan qayta ishlashga qaratilishi lozim.
29. Omborlarning choy qabul qilishga tayyorligi tashkilotning bosh muhandisi, bosh energetik, saqlash maydoni boshligʻi (yoki uning oʻrinbosari) va yongʻin xavfsizligi boʻyicha javobgar shaxslardan iborat komissiya tomonidan tekshiriladi va dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
30. Omborlarni shamollatish vaqtida choy saqlanishining butligini taʼminlash maqsadida qoʻshimcha panjarali eshiklar oʻrnatiladi, ventilyatsiya tuynuklari panjara bilan jihozlanadi. Isitilmaydigan omborlardagi ventilyatsiya tuynuklari qish vaqtida choy saqlashga tayyorlash vaqtida issiqlashtiriladi va zich qilib berkitiladi.
31. Omborlar quyidagilar bilan taʼminlanishi lozim:
jihozlash tabelida nazarda tutilgan kerakli asbob-uskuna va jihozlar;
saqlashning harorat-namligi darajasini nazorat qilish uskunalari (issiqlik oʻlchagich, termograf, gigrograf, psixometrlar);
mahsulot tagligi, prokladka materiallari, narvon va traplar;
zamonaviy himoya vositalari va qoʻriqlash signalizatsiyalari, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari, shuningdek avtomatik ravishda yongʻindan darak beruvchi uskunalar;
birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish vositalari.
32. Omborlar atrofidagi hudud puxta tekislangan boʻlishi lozim. Tashqi suvlar ombordan chetlatib oʻtilishi kerak. Oqovalar va ariqlar doimiy ravishda chiqindilardan tozalab turilishi lozim.
33. Choy har qanday darajadagi yongʻinga chidamli omborlarda saqlanadi.
34. Fanera qutilari, gofrirovka qilingan kartonga oʻralgan choy yonuvchi material hisoblanadi.
35. Choyni saqlash jarayonida uni har qanday kuchlanishdagi va yonish davomiyligidagi alanga olish manbalaridan asrash lozim.
36. Birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari doim soz va tayyor holda saqlanadi.
37. Omborxonalar xavfdan ogohlantiruvchi tegishli asbob-uskunalar, plakat, yozuv, koʻrsatkich, chiroqli va ovoz signallari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
38. Yuk tashishga moʻljallangan barcha moslamalarda ish xavfsizligi va qulayligini taʼminlovchi uskunalar, shuningdek uning yuk koʻtarish qobiliyati, butligi tekshirilgan sana va yuklanadigan yuk chegaralari koʻrsatilgan trafaret boʻlishi lozim.
V bob. Choyni omborga joylashtirish
39. Choy toʻgʻri burchakli shaklga ega boʻlgan shtabellarda uning mustahkamligini inobatga olgan holda taxlanadi. Choyni omborga joylashtirish mahsulot va idishlar sifati va miqdorini saqlagan holda, omborxonalardan imkon darajada samarali foydalanish, yuklash-tushirish ishlarini va saqlash jarayonida sifat nazoratini amalga oshirishda eng yaxshi qulaylik yaratishni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Choy assortiment, nav va qadoqlanishiga qarab shtabellarga alohida joylashtirilishi lozim.
40. Choy shtabellari bir xil ishlab chiqarish sanasi boʻlgan (bir chorak davomida), bir xil yaroqlilik muddati boʻlgan bir yoki bir necha partiyadan shakllantiriladi va bir xil oʻlcham va balandlikdagi tagliklarda joylashtiriladi.
41. Choy qutilari quruq va toza, poli asfaltlangan omborlarga balandligi poldan 15 sm dan 30 sm gacha boʻlgan hamda oʻlchamlari 1200 x 800 yoki 1200 x 1500 mm li tagliklar ustiga joylashtiriladi.
42. Toʻsiq konstruksiyalari va devorlar bilan shtabellar orasidagi kenglik kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
43. Yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida shtabelning yuqori qatorlari va elektr simlari va chiroqlar orasidagi masofa kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
44. Choyning sifatli saqlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish, havoning eng maqbul aylanishini taʼminlash va choyni joylashtirishda mexanizmlardan foydalanish uchun qulaylik yaratish maqsadida omborlarda yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiq devorlar oldida boʻylama va koʻndalang yoʻlaklar qoldiriladi.
45. Yomgʻirli va qorli kunlarda yuklash va tushirish ishlari choy qutilarini namlik tushishidan saqlash uchun pana joyda (soyabon ostida) amalga oshiriladi. Salqin kunlarda yuklash-tushirish ishlari amalga oshirilayotganda eshik oldida turgan shtabellar brezent bilan yopiladi.
46. Har bir choy shtabeliga choy joylashtirilgandan soʻng shtabel yorligʻi biriktiriladi. Shtabel yorligʻiga choyning assortimenti, navi va qadoqlanishiga qarab amaldagi joylashishi chizmasi biriktiriladi. Shtabel yorligʻi qabul qilish dalolatnomasi, kuzatuv hujjatlari, sifat va miqdorning laboratoriya tekshiruvi natijalari asosida toʻldiriladi.
VI bob. Choyni saqlash
47. Choy sifatining yomonlashishi va buzilishining asosiy sababi uning mogʻorlashi, taʼm va hid yoʻqolishiga olib keluvchi namlanishi hisoblanadi, shuning uchun choyni saqlashda namlikning oshishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
48. Choyni saqlash vaqtida havoning nisbiy namligi 70 foizdan oshmasligi lozim.
49. Saqlash jarayonida choyning sifati va saqlanishini taʼminlash maqsadida saqlash sharoitlari tekshiriladi, choyning organoleptik koʻrsatkichlari, namligi tizimli ravishda nazorat qilinadi, shuningdek mahsulotning va idishning tashqi holati kuzatiladi.
50. Choy sifati nazoratining davriyligi omborxonaning turi, shuningdek tayyor mahsulotning oʻrami turiga qarab belgilanadi:
isitiladigan omborlarda saqlashda sifat nazorati faqat tashqi kuzatuv va berib yuborish vaqtida sifat yomonlashishi alomatlari aniqlanganda;
isitilmaydigan omborlarda saqlashda sifat nazorati yozgi mavsumga oʻtish vaqtida va berib yuborishda;
fanera qutilariga, polietilentereftalatdan qilingan laminatsiyalangan plyonkalarda joylashtirilgan, import (oliy, birinchi, ikkinchi navlar), raqamlangan va oliy nav choyni saqlashda, shuningdek metallizatsiyalangan plyonka asosidagi termoqizdirilgan polimer paketlarga oʻralgan choy sifatining nazorati 12 va 18 oydan soʻng, shuningdek berib yuborishda tekshiriladi.
51. Choy namligi oshganligi aniqlanganda, ombor intensiv ravishda shamollatiladi. Zarur hollarda, choy qutilaridagi namlik meʼyorga keltirilgunga qadar shaxmat tarzida joylashtiriladi.
52. Choy saqlanayotgan omborxonalar har oyda bir marta puxta tozalab chiqiladi. Doimiy ravishda devor, shift, eshik, zinapoya, toʻsin va ustunlar supuriladi. Choy saqlanayotgan omborlar polini yuvish qatʼiyan man etiladi.
53. Import qilingan qadoqlangan choyni saqlash muddati — qadoqlangan kundan boshlab 18 oy, polietilentereftalan qop-gʻilofli qutilarga qadoqlangan choyni saqlash muddati — 2 yil.
54. Omborlarda tizimli ravishda kemiruvchilarga qarshi mexanik va kimyoviy vositalar orqali mahsulot sifati va miqdorini himoyalash ishlari olib borilishi kerak.
55. Choy miqdori butun saqlanishini taʼminlash maqsadida yil davomida uning nazorat tekshiruvlari oʻtkaziladi (qayta hisoblash, oʻzaro solishtirish va boshqalar).
56. Choyni saqlash muddati va shartlari ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan mahsulotni saqlash shartlari choy sifatini butun saqlash muddati davomida taʼminlanishi lozim.
VII bob. Choyni berib yuborish (yuklash va joʻnatish)
57. Choyni berib yuborish Qoʻmita tomonidan beriladigan naryadlar asosida birinchi navbatda sifat holatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish muddatini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
58. Choyni berib yuborish uning oʻrinlari va netto ogʻirligiga (trafaret boʻyicha) qarab amalga oshiriladi. Oʻrami buzilgan choyni berib yuborish qutining amaldagi netto ogʻirligini aniqlash yoʻli bilan qutidagi pachkalar soni boʻyicha amalga oshiriladi.
59. Choy texnik soz, toza, quruq, yot moddalarning hidlaridan holi boʻlgan vagon va avtotransportlarga yuklanadi. Bunda vagonning kuzovi va tomiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim. Vagonlarning yuk ortishga tayyorligi laboratoriya xodimi, moddiy javobgar shaxslar va muhandis-texnik xodimlardan iborat komissiya tomonidan belgilanadi. Temir yoʻl hujjatlarida vagonni choy tashishga tayyorlash boʻyicha qilingan ishlar qayd qilinadi. Avtotransportda tashilganda choy tashqi atmosfera yogʻinlaridan himoyalanishi lozim.
VIII bob. Yakuniy qoida
60. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 21-iyun
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. KURBANOV
2013-yil 21-iyun
Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2013-yil 21-iyun
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
2013-yil 21-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 30-son, 400-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2486-1/0378-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)