Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatda oʻtkazilayotgan demokratik va huquqiy islohotlar, fuqarolik jamiyatini shakllantirishning yuksak talablari va zamonaviy xalqaro standartlariga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Toshkent davlat yuridik instituti Toshkent davlat yuridik universiteti etib qayta tashkil etilsin (keyingi oʻrinlarda TDYU deb yuritiladi).
TDYU 1-ilovaga muvofiq “yurisprudensiya” mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash boʻyicha bazaviy davlat oliy taʼlim va ilmiy-metodik muassasasi etib belgilansin.
2. TDYUning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
davlat huquqi va boshqaruvi, jinoyat huquqi va protsessi, fuqarolik huquqi va protsessi, tadbirkorlik huquqi (biznes huquqi), xalqaro, xalqaro tijorat (xususiy) huquqi va yuridik taʼlimning boshqa ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha talabalarning fundamental bazaviy, shuningdek amaliy kasbiy tayyorgarligini taʼminlaydigan dastur va oʻquv rejalari asosida bakalavrlar, magistrlar tayyorlash;
oʻquv jarayonini nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash faoliyati bilan uzviy bogʻliqligini, talabalarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ulardan foydalanish koʻnikmasini shakllantirishni taʼminlaydigan oʻqitishning zamonaviy shakl va metodlari, pedagogik, axborot-kommunikatsiya, innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etish;
davlat qurilishi va boshqaruvi, sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, bozor islohotlarini chuqurlashtirishning huquqiy asoslarini rivojlantirishning dolzarb huquqiy muammolari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ushbu sohadagi xalqaro tajribani oʻrganish huquqni qoʻllash amaliyotiga, oʻquv jarayoniga ilmiy ishlanmalar natijalarini samarali joriy etishni taʼminlash;
mamlakatdagi oʻrta maxsus, kasb-hunar, shuningdek oliy yuridik taʼlim muassasalarida huquqiy fanlar boʻyicha dars berayotgan pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular uchun zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan oʻquv adabiyotlar, oʻquv-metodik materiallar yaratish;
talabalarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, huquqiy, siyosiy madaniyatini va huquqiy ongini oshirish boʻyicha samarali tizimni yaratish, ularda vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish hamda rivojlantirish;
Universitetning oʻquv va ilmiy boʻlinmalarini oʻqitishning zamonaviy shakllari va metodlarini egallagan, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining yuridik boʻlinmalarida amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali ilmiy, pedagogik kadrlar bilan taʼminlash, ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish; shartnoma asosida xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim, tadqiqot muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini oʻquv, ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun jalb etish.
3. TDYU tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tugatilgan Falsafa va huquq instituti bazasida Huquqiy tadqiqotlar markazi tashkil etilsin, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish va rivojlantirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, sud-huquq tizimini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy bozor islohotlarini chuqurlashtirish, shuningdek mamlakatda qonun ijodkorligi, huquqni qoʻllash, huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish;
Markaz tomonidan oʻtkaziladigan ilmiy tadqiqotlarga TDYU va respublikaning boshqa yuridik taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, katta ilmiy xodim-izlanuvchilari va talabalarini keng jalb etish;
Universitet, yuridik taʼlim muassasalarining oʻquv rejalari va dasturlariga joriy etish uchun Markaz tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqotlar natijalari asosida yuridik fanlarni oʻqitish sifati va darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan ilmiy va oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning norma ijodkorligi, huquqni qoʻllash faoliyatida hamda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotning boshqa sohalarida foydalanish uchun yuridik fan va amaliyotning dolzarb muammolari boʻyicha axborot-tahliliy materiallar va tavsiyalar tayyorlash.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki:
Markaz xodimlariga respublikaning ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi tegishli lavozimlar uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;
Markazga xodimlarni ishga jalb qilish ilmiy va amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar orasidan tanlov va shartnoma asosida, shu jumladan oʻrindoshlik shartlari asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Markaz tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot ishlarini mazkur qaror bilan belgilangan asosiy vazifalarni inobatga olgan holda muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqiy tadqiqotlar markazining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 335-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, prokuratura, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarda yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni yurisprudensiya sohasiga qabul qilish va mutaxassislarni tayyorlash rejalari bilan uzviy bogʻlagan holda chuqur oʻrganishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda TDYUda zamonaviy oʻquv va moddiy-texnik bazani yaratish, oʻquv, ilmiy-metodik boʻlinmalarni, kafedralarni oʻqitishning zamonaviy texnik vositalari, axborot-kommunikatsiya tizimlari va dasturiy majmualari bilan taʼminlash boʻyicha takliflar kiritsin;
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda zamonaviy yuridik fanning yutuqlarini, davlat-huquqiy, sud, huquqni muhofaza qilish, huquqni qoʻllash sohalaridagi demokratik oʻzgarishlar tajribasini inobatga olgan holda oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy adabiyotlar mualliflari mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish choralarini nazarda tutgan holda huquqiy fanlar va predmetlar boʻyicha yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlashning kompleks dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlasin;
TDYU oʻqituvchilarini Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, tadqiqot markazlari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi, davlat organlarida har yillik asosda stajirovka oʻtash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan birgalikda yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari, tahliliy, tadqiqot markazlarining mutaxassislarini Universitetda maʼruza oʻqish, tadqiqotlar oʻtkazishga jalb etishga doimiy asosda koʻmaklashsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlardan TDYUning moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazasini mustahkamlashga, huquq va davlat qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazishga, professor-oʻqituvchilar tarkibining Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalarida stajirovka oʻtashini tashkillashtirish uchun belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti bir oy muddatda davlat taʼlim standartlari, TDYUning bakalavr va magistrlarni tayyorlash dasturlarini quyidagilarni nazarda tutgan holda tanqidiy qayta ishlab chiqsin:
oʻquv jarayonini taʼlim berishning modulli tizimini qoʻllagan holda umumeʼtirof etilgan xalqaro taʼlim standartlari va talablariga muvofiq ishlab chiqilgan hamda talabalarda tahlil qilish qobiliyatini, tizimli tahlil qilish va yuridik faoliyatning tegishli sohalarini boshqarish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan taʼlim dasturlari asosida olib borish;
talabalarning davlat-huquqiy, jinoyat-huquqiy, fuqarolik-huquqiy, xalqaro-huquqiy, tadbirkorlik-huquqiy (biznes huquqi) va boshqa yuridik faoliyat sohalarida bilim va amaliy koʻnikmalarni chuqurroq egallash zaruratini hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan holda taʼlim berish dasturlari doirasida maxsus huquqiy fanlar boʻyicha oʻquv yuklamasi hajmini oshirish;
zamonaviy shakllarni (“keys-stadi”, ilmiy prezentatsiyalar, jamoada ishlash va boshq.) joriy etgan holda amaliy mashgʻulotlar hajmini, shuningdek bakalavr va magistrlarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ishlab chiqarish, xoʻjalik, tijorat korxonalari, moliya-bank hamda boshqa muassasalarda malaka amaliyoti davomiyligini oshirish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi, Oliy attestatsiya komissiyasi yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini olish uchun tayyorlanadigan dissertatsiya ishlarining tematikasi va asosiy holatlarini tanqidiy tahlil qilgan holda inventarizatsiyadan oʻtkazsin, ularni zamonaviy talablar, huquqiy fan va yuridik amaliyotning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
9. Oliy sud, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Adliya vazirligi bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
oʻquv amaliyotining oʻquv dasturlariga muvofiq talabalarning oʻqish davrida olgan amaliy va nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tegishli boʻlinmalarida majburiy stajirovkalarini tashkil etishda Universitetga har tomonlama yordam koʻrsatsin;
idoraviy tuzilmalarning rahbar tarkiblari, masʼul xodimlari tomonidan Universitetda maxsus yuridik fan va predmetlar, qonun ijodkorligi nazariyasi va amaliyotining dolzarb masalalari, huquqni qoʻllash faoliyati boʻyicha maʼruza oʻqish (shu jumladan, soatbay haq toʻlash shartlarida), mashgʻulotlar oʻtkazishni amaliyotga joriy etsin.
Ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qoʻshma qarori bilan Yuridik taʼlim muassasalari (harbiy, maxsus oliy taʼlim muassasalaridan tashqari) talabalari tomonidan tanishtiruv va malakaviy amaliyotni oʻtash toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
10. TDYU:
qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, boshqa vazirlik va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari (bir nusxada) majburiy yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Keyingi tahrirga qarang.
Universitetning axborot-resurs markazini mustahkamlash uchun bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning nazorat nusxalarini (bir nusxa) bepul oladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi hamda boshqa vazirlik va idoralarning statistik axboroti yuborilishi shart boʻlgan reyestrga kiritilsin.
11. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda TDYUning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kengaytirish, oʻquv jarayonini tashkil etishda zarur xonalar ajratish, oʻquv-sport kompleksini tashkil etish, maxsus yuridik tayyorlashning oʻquv-metodik bazasini yaratish choralarini nazarda tutuvchi qaror qabul qilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Adliya vazirligining Oʻzbekiston milliy universiteti, shuningdek Samarqand davlat universitetining “yurisprudensiya” ixtisosligi va yoʻnalishlari boʻyicha magistrlar va bakalavrlar tayyorlashni toʻxtatish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, Oʻzbekiston milliy universiteti, shuningdek Samarqand davlat universiteti huquqshunoslik fakultetining 2013/2014 oʻquv yilida bakalavriatning II — IV kurslariga va magistraturaning II kursiga oʻtuvchi talabalariga yuqorida koʻrsatilgan oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni yakunlash va diplom olish imkoni beriladi.
13. Adliya vazirligi bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 28-iyun,
PQ-1990-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-iyundagi PQ-1990-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavrlar tayyorlash boʻyicha soha mutaxassisliklari roʻyxati
1. Davlat-huquqiy faoliyat;
2. Fuqarolik-huquqiy faoliyat;
3. Jinoiy-huquqiy faoliyat;
4. Xalqaro-huquqiy faoliyat;
5. Tadbirkorlik-huquqiy faoliyat (biznes huquqi).
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 335-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-iyundagi PQ-1990-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqiy tadqiqotlar markazining
TAShKILIY TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 372-modda; 2017-y., 19-son, 335-modda, 37-son, 980-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2017-y., 06/17/5208/0140-son; 14.04.2018-y., 07/18/3666/1073-son)