Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va
Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala davlat xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy aloqalarni hisobga olib,
Tomonlarning sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzaro foydali va teng huquqli hamkorlikdan manfaatdorligini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar sogʻliqni saqlash va tibbiyot sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantiradilar:
dastlabki va maxsuslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
ona va bola sogʻligʻini muhofaza qilish;
profilaktik tibbiyot va atrof-muhitni muhofaza qilish;
farmatsiya va tibbiy texnika;
favqulodda holatlarning tibbiy-sanitar oqibatlarining oldini olish va tugatish;
tezkor axborot bilan almashish;
Tomonlar davlatlari hududida oʻta xavfli infeksiyalar yuzaga kelganda epidemiologik nazorat oʻtkazish.
3-modda
Tomonlar ogʻir ahvollarda bepul, rejadagi bemorlarga esa tijorat asosida tibbiy yordam koʻrsatishni amalga oshiradilar.
Tomonlar bir-birlarining diplomatik vakolatxonalari xodimlari va ularning oila aʼzolariga bepul davolashni amalga oshirish va zarur tibbiy yordam koʻrsatish majburiyatini oladilar.
4-modda
Tomonlardan har biri sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishda, tibbiy organlar va muassasalar oʻrtasida bevosita aloqalarni tashkil etishda, shuningdek mutaxassislar bilan almashish, konferensiya, simpozium va seminarlar oʻtkazishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
5-modda
Tomonlar davolash va isteʼmol vositalari, diagnostikumlar, reaktivlar, tibbiy uskuna va texnika ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar barpo etishga koʻmaklashadilar, shuningdek ularni qayd qilish va oʻzaro etkazib berishga oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
6-modda
Tomonlar favqulodda holatlarda bepul asosda davolash-profilaktik, konsultativ yordam koʻrsatadilar.
7-modda
Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikning aniq shakl va shartlari Tomonlarning tegishli davlat boshqaruv organlari oʻrtasidagi alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
8-modda
Tomonlar zarur boʻlganida ushbu Bitimni amalga oshirish va birgalikda harakat qilish boʻyicha tavsiyanomalar tayyorlash uchun qoʻshma komissiya tuzishlari mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur ichki davlat protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini oxirgi marta yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi va agar Tomonlardan hech biri muddat tugashidan kamida olti oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 1998-yil 4-yanvarda ikki nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadlari uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)