Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Taʼlim sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlikning tarixiy ildizlariga tayanib,
anʼanaviy har tomonlama Oʻzbekiston — Ozarbayjon aloqalarini hisobga olib,
taʼlim sohasida teng huquqli hamkorlikdan oʻzaro manfaatdorlik va unga tayyorlikni ifodalab hamda uni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga intilib,
taʼlim siyosatida va ushbu sohada oʻzlarining oʻzaro munosabatlarida umuminsoniy qadriyatlar, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi prinsiplari, bolaning huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaning ustunligini tan olib va ularni amalda roʻyobga chiqarishga intilib,
taʼlimning davlat tizimini etnik qarashliligi, siyosiy va diniy qarashlari hamda eʼtiqodlaridan qatʼi nazar, har ikkala davlat fuqarolarining toʻlaqonli rivojlanishiga koʻmaklashuvchi yaxlit tizim sifatida qarab,
har ikkala davlatda yashovchi xalqlarning madaniy-taʼlim ehtiyojlari qondirilishiga muqim ahamiyat berib hamda teng huquqlilik va hurmat asosida ular oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, oʻz davlatlarida amal qiluvchi qonunchilik va xalqaro huquq normalariga muvofiq, teng huquqlik va oʻzaro hurmat prinsiplari asosida har ikkala davlatning tegishli tashkilotlari va muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar.
2-modda
Tomonlar oʻz saʼy-harakatlarini quyidagilarga jamlaydilar:
taʼlimni rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha tajriba almashish;
Tomonlarning har biri uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklar boʻyicha talabalar, aspirantlar va stajorlarni teng ayirboshlash asosida mutaxassislar tayyorlash va ularning oʻqishi va yashashlari uchun bir xil sharoitlar yaratish;
ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi gumanitar, tabiiy, texnik, pedagogik fanlar boʻyicha, ayniqsa Tomonlar davlatlari xalqlarining tarixi sohasida birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
oʻz davlatlarining tarixi, geografiyasi, siyosiy rivojlanishini darsliklar, oʻquv va pedagogik adabiyotda tegishli ravishda aks ettirish maqsadida ular boʻyicha axborot almashish;
Ozarbayjon Respublikasi hududida yashovchi oʻzbek millatiga mansub shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi ozarbayjon millatiga mansub shaxslar uchun mutaxassislar, darsliklar va oʻquv adabiyoti tayyorlashda hamkorlikni kengaytirish.
3-modda
Tomonlar 1992-yil 15-maygacha har ikkala davlatda berilgan taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash, berilgan ilmiy darajalar va unvonlar toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarning oʻz hududlarida muddatsiz tan olinishini kafolatlaydilar.
4-modda
Tomonlar har ikkala davlat taʼlim muassasalari tomonidan 1992-yil 15-maydan keyin berilgan taʼlim, malaka, ilmiy darajalar va unvonlar toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻzaro tan olish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishga kelishdilar.
5-modda
Tomonlar har ikkala Tomon diplomatik vakolatxonalari xizmatchilarining va davlat xorijiy muassasalari xodimlarining bolalari tegishlicha Oʻzbekiston va Ozarbayjonning umumiy oʻrta va hunar-oʻquv yurtlarining barcha turlarida oʻzlari boʻlgan davlat fuqarolari bilan teng sharoitlarda oʻqishlariga kelishdilar.
6-modda
Tomonlar boshqa Tomon davlatining davlat tili, adabiyoti, tarixi va geografiyasini oʻrganishni xoxlovchilarga koʻmaklashadilar.
7-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi universitetlari tomonidan oʻquv yurtlari oʻrtasidagi oʻzaro rozilik asosida tashkil etiladigan yozgi til kurslari oʻtkazilishiga koʻmaklashadilar.
8-modda
Tomonlar boshqa Tomon fuqarolarining oʻz oliy oʻquv yurtlarida oʻqishga qabul qilinishiga davlat kvotalari belgilashlari mumkin. Oʻqish uchun haq toʻlash yoʻllovchi Tomon hisobiga amalga oshiriladi. Tanlash, oʻqishga qabul qilish va mablagʻ bilan taʼminlash tartibi Tomonlarning tegishli vakolatli organlari oʻrtasidagi alohida protokollar bilan belgilanadi.
9-modda
Tomonlarning har biri boshqa Tomon fuqarolarining oʻz oʻquv yurtlariga amaldagi qabul qoidalariga muvofiq kompensatsiya prinsiplarida oʻqitilgan holda tanlov asosida kvotadan tashqari yakka tartibda qabul qilinishiga toʻsqinlik qilmaydilar.
10-modda
Tomonlar olimlarning taʼlimni rivojlantirish muammolari boʻyicha xalqaro dasturlar va loyihalarda, seminarlarda, konferensiyalarda, gumanitar fanlar sohasida, jumladan oʻzbek tili va adabiyoti, ozarbayjon tili va adabiyoti, shuningdek har ikkala davlat tarixi va geografiyasi sohasida leksiyalar oʻqish va boshqa tadbirlarda birgalikda qatnashishi kengaytirilishiga intiladilar.
11-modda
Tomonlar gumanitar, tabiiy va texnika fanlari sohasida boshqa Tomonning oliy oʻquv yurtlarida pedagogik faoliyat uchun mutaxassislar ayirboshlashga, Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi hamkorlikning samaraliligini oshirishga koʻmaklashadilar.
12-modda
Tomonlar taʼlimning turli sohalarida taʼlim muassasalari oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar rivojlanishi va mustahkamlanishiga, taʼlim oluvchilarning birgalikda mehnat qilishlari va dam olishlari tashkil etilishiga koʻmaklashadilar.
Ushbu modda doirasidagi hamkorlik Tomonlarning tegishli muassasalari va tashkilotlari oʻrtasidagi shartnoma asosida amalga oshiradi.
13-modda
Ushbu Bitimni amalda roʻyobga chiqarishning moliyaviy masalalari Tomonlarning oʻzaro roziligiga yoki har bir aniq holatda ularning tegishli tashkilotlari va muassasalari oʻrtasidagi alohida kelishuvga koʻra hal etiladi.
14-modda
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning fuqarolariga kompensatsiya asosida oʻz aspiranturalari va doktoranturalari orqali oliy oʻquv yurtini tamomlagandan keyin taʼlim olishda koʻmaklashadilar.
15-modda
Tomonlar aloqalarni mustahkamlash, ish tajribasini almashish, bundan keyingi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, shuningdek ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq maslahatlashuvlar oʻtkazish maqsadida vaqti-vaqti bilan delegatsiyalarni ayirboshlaydilar.
16-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning yozma kelishuviga koʻra alohida protokol bilan rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblangan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
17-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalarini bajargani toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan eʼtiboran olti oygacha amalda boʻladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)