Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
atrof-muhit muammosining mintaqaviy va dunyo miqyosidagi xususiyatini, xalqaro hamkorlik orqali yuqori samarali va mustahkam yechimlarni axtarishni kechiktirib boʻlmasligini va ikki davlatning birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishning muhimligini tan olib,
1992-yildagi Atrof-muhit va rivojlanish toʻgʻrisidagi Rio-de-Janeyro deklaratsiyasi tomonidan belgilangan maqsad va prinsiplarga muvofiq,
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni oʻzaro foydaligiga va ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning yanada rivojlanishiga koʻmaklashishiga ishonch hosil qilib,
quyidagilar haqida kelishdilar:
1-modda
Tomonlar tenglik, oʻzaro harakat va oʻzaro foyda asosida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish bilan bogʻliq ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshiradilar va rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
1. Suv va havoning ifloslanishi monitoringi texnologiyalari.
2. Tabiatni muhofaza qilish ilmi va texnologiyalari tadqiqotlari.
3. Ekologik taʼlim, mutaxassislarni tayyorlash va targʻibot.
4. Tabiatni muhofaza qilish rayonlarini boshqarish va biologik turlarni himoya qilish.
5. Ekologik toza ishlab chiqarish texnologiyasi.
6. Tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunlar, qonun-qoidalar, siyosat va standartlar, shu jumladan sanoat ishlab chiqarishi va mahsulotlari uchun ekologik standartlar.
7. Tomonlar kelishib olgan atrof-muhitni muhofaza qilish va yaxshilashga taalluqli hamkorlikning boshqa sohalari.
3-modda
Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik quyidagi shakllarga egadir:
1. Mavjud maʼlumot va materiallar bilan almashish.
2. Ekspertlar, olimlar, delegatsiya va stajorlar bilan almashish.
3. Olim ekspert, xodimlarni va tabiatni muhofaza qilish faoliyati bilan mashgʻul boshqa kishilarni jalb etgan holda seminar, simpozium yoki boshqa uchrashuvlarni oʻzaro tashkil etish.
4. Kelishilgan hamkorlik dasturlari, jumladan qoʻshma tadqiqotlar.
5. Tomonlar kelishgan hamkorlikning boshqa turlari.
4-modda
Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish uchun tabiatni muhofaza qilish agentliklari, atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga jalb etilgan ikki davlat tashkilot va korxonalari oʻrtasida bevosita aloqa va munosabatlarning oʻrnatilishi va rivojlanishini ragʻbatlantiradilar. Tomonlar yuqorida aytib oʻtilgan tashkilotlar oʻrtasidagi bitimlar boʻyicha masʼul boʻlmaydilar.
5-modda
Ushbu Bitim yuzasidan amalga oshirish va muvofiqlashtirish ishlarini tashkil etish uchun quyidagi hukumat tashkilotlari masʼuldirlar:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi;
Xitoy tomonidan — Xitoy Xalq Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi.
6-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab olti oy mobaynida Bitimning tegishli masalalari bilan bogʻliq aloqalarni qoʻllab-quvvatlash, ushbu Bitimning bajarilishini nazorat qilish va baholash, belgilangan muddatga hamkorlik dasturlarini aniqlash va, zaruriyat boʻlgan holda ushbu Bitim doirasida hamkorlikni mustahkamlashning maxsus metodlarini oʻrnatish uchun Tomonlar bitta yoki undan ortiq muvofiqlashtiruvchilarni tayinlaydilar.
Odatga koʻra, muvofiqlashtiruvchilar har yillik uchrashuvlarni navbat bilan Oʻzbekiston Respublikasida va Xitoy Xalq Respublikasida doimiy ravishda oʻtkazadilar. Aytilgan uchrashuvlar qatnashchilarining xalqaro transport harakati xarajatlarini yuborayotgan Tomon qoplaydi. Uchrashuv boʻyicha xarajatlarni oʻzaro kelishuv asosida qabul qilayotgan Tomon qoplaydi.
7-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikka tegishli jamgʻarmalar va boshqa resurslardan foydalanadi, har bir davlatning qonunlari va huquqiy qoidalariga asoslanadi.
8-modda
Ushbu Bitimdagi hech narsa Tomonlarning boshqa xalqaro bitimlaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taʼsir etmaydi.
9-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma ravishdagi roziligi boʻyicha ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanuvchi Ilovada rasmiylashtirilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil mobaynida amal qiladi. Agarda Tomonlardan hech biri ushbu Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy ilgari uni denonsatsiya qilish istagi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilmasa, ushbu Bitim keyingi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Pekin shahrida, 1997-yil 11-dekabrda ikki nusxada oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xildir. Matnlar oʻrtasida kelishmovchiliklar boʻlgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor boʻladi.