Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida
Bitim
Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Vazirlar Mahkamasi, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga katta ahamiyat berib va hamkorlikni amalga oshirish yoʻli bilan ushbu sohada amaliy natijalarga erishishga intilib,
noqulay tabiiy-iqlimiy va gidrometeoriologik sharoitlarga bogʻliq ekologik xavflarning mumkinligini real baholab va bu muammolarni umumiy masalalar sifatida tan olib,
atrof-muhitni muhofaza qilish va ahvolini yaxshilashning, hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini hisobga olgan holda iqtisodiy va sotsial rivojlanishni amalga oshirish uchun tabiiy resurslardan tejamkorlik va ehtiyotkorona foydalanishning muhimligini tan olib,
mamlakatlarning har birida atrof-muhitni muhofaza qilishning umumiy muammolarini hal etish ishida hamkorlik qilish ularning oʻzaro manfaatlariga javob berishiga ishonch bildirib,
ushbu hamkorlik yoʻli bilan global va mintaqaviy miqyosdagi rivojlanishning barqaror asosi sifatidagi atrof-muhitni muhofaza qilish, yaxshilash va tabiatdan oqilona foydalanish uchun qilinayotgan xalqaro urinishlarga yanada koʻmaklashishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining tegishli qonunlari doirasida teng huquqlilik, oʻzaro foyda asosida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
a) ekologik qonunlarni, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishni normativ-huquqiy tartibga solishni uygʻunlashtirish;
b) atrof-muhit va tabiatdan foydalanish sifatini boshqarishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish;
v) alohida muhofaza qilinadigan tabiat hududlarini tashkil etish va biologik xilma-xillikni saqlash;
g) kam chiqindili va chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan mineral xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanish;
d) havo havzasini transchegara ifloslanishidan muhofaza qilish;
e) ularning jugʻrofiy joylanishidan qatʼiy nazar, transchegara zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yangi inshootlar qurilishi boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish;
j) zaharli va radioaktiv chiqindilarni neytrallashtirish, zararsizlashtirish, xavfsiz holda yoʻqotish va koʻmib tashlash;
z) transchegara taʼsirga ega boʻlgan yoki ega boʻlishi mumkin boʻlgan inshootlarning qoʻshma ekologik ekspertizalarini oʻtkazish;
i) ekologik jihatdan sof, resurslarni tejovchi texnoliyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish, tegishli materiallar bilan tanishish imkoniyatini berish;
k) maishiy va sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilish boʻyicha qurilmalarni ishlab chiqarish va tatbiq etishni, shuningdek kam zaharli va zaharli chiqindilarni zararsizlantirishni tashkil etish boʻyicha sharoitlarni yaratish;
l) atrof-muhitning ifloslanishini nazorat qiladigan vosita va uskunalarni ishlab chiqarishga koʻmaklashish;
m) atrof-muhitni ifloslantiradigan moddalarni yigʻish, chiqindilarni tozalash qurilmalari, asbob-uskunalari va inshootlari ishlab chiqarish va joriy etishga koʻmaklashish;
n) atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish va favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida xabardor qilish sohasida axborot almashuvi.
Kelgusida hamkorlikning boshqa shakllari kelishilishi mumkin.
3-modda
Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish uchun oʻz davlatlarining tabiatni muhofaza qiluvchi idoralariga ushbu Bitim doirasidagi tadbirlar majmuasi boʻyicha takliflarni tayyorlash va amalda bajarishga vakolat beradilar.
4-modda
Tomonlar tabiatni muhofaza qilish boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda hamkorlik qiladilar.
5-modda
Tomonlar davlat boshqaruvini va atrof-muhitni muhofaza qilish nazoratini va tabiatdan foydalanishni tartibga solishni takomillashtirish sohasida hamkorlik qilish, tegishli iqtisodiy mexanizmlarni ishlatish tajribasi bilan almashib borish, mutaxassislar stajirovkalarini va ular bilan almashishlarni amalga oshirish niyatidalar.
6-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
7-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish va amalga oshirish bilan bogʻliq yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahslar oʻzaro maslahatlashishlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi. Agar Tomonlardan hech biri ushbu Bitimning amal qilish muddati tugagunga qadar kamida olti oy ilgari yozma ravishda xabardor qilish yoʻli bilan uni denonsatsiya qilish niyati toʻgʻrisida bayon qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yilga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Kiyev shahrida 1998-yil 19-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)