Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2022-yil 28-oktabrdagi “Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida”gi Bitimga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida tarixan tarkib toptan munosabatlarni eʼtiborga olib,
barqaror va ishonchli munosabatlarni rivojlantirish uchun sanoat mulki obyektlarini huquqiy muhofaza qilish zarurligini anglab,
sanoat mulki obyektlarida muhofaza hujjatlari mualliflari va egalarining huquqlarini muhofaza qilish va foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning maqsadga muvofiqligini tushunib,
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida patent integratsiyasining foydaliligini va kelishilgan siyosat oʻtkazishning maqsadga muvofiqligini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ixtirolar, sanoat namunalari, mahsulot belgilari va sanoat mulkining boshqa obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi hamkorlikni ushbu Bitimga va boshqa oʻzlari ishtirokchi boʻlgan yoki boʻladigan xalqaro shartnomalarga muvofiq oʻzaro manfaatdorlik hamda tenglik asosida amalga oshiradilar va rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlarning hamkorligi:
sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni tartibga solishga;
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi milliy huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirishga;
Oʻzbekiston Respublikasi buyurtmanoma beruvchilari uchun Ozarbayjon Respublikasida va Ozarbayjon Respublikasi buyurtmanoma beruvchilari uchun Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza hujjatlari berish soʻralgan buyurtmanomalarni topshirish va ularni koʻrib chiqish tartibini oʻzaro soddalashtirishga;
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida axborot, normativ va boshqa hujjatlarni, shuningdek tajriba va mutaxassislarni almashishga yoʻnaltiriladi.
3-modda
Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari ikkinchi davlat hududida ushbu ikkinchi davlatning huquqiy hujjatlari bilan uning oʻz jismoniy va yuridik shaxslari uchun hozirgi vaqtda berilgan yoki keyinchalik beriladigan huquq va imtiyozlardan, shuningdek oʻz jismoniy va yuridik shaxslari kabi bir xil asoslar hamda hajmlarda huquqiy muhofaza vositalaridan foydalanadilar.
Bunda ushbu Bitim bilan tartibga solinmagan masalalar boʻyicha Tomonlar 1967-yil 14-iyulda Stokgolmda qayta koʻrib chiqilgan Sanoat mulkini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Parij Konvensiyasi qoidalarini qoʻllaydilar.
4-modda
Tomonlardan har biri quyidagilarni taʼminlovchi zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradilar:
sanoat mulki obyektlari uchun ilgari berilgan sobiq SSSR muhofaza hujjatlarining oʻz hududida haqiqiyligini eʼtirof etish;
sanoat namunalari uchun sobiq SSSR ixtirolari va guvohnomalariga sobiq SSSR mualliflik guvohnomalarini amalda boʻlishning qolgan muddati uchun milliy patentlarga almashtirish;
sobiq SSSR mualliflik guvohnomalari va guvohnomalari bilan muhofaza qilingan ixtirolardan va sanoat namunalaridan foydalanganlik uchun mazkur foydalanish sodir boʻlgan davlatning huquqiy hujjatlariga muvofiq mualliflarga mukofot pulini toʻlash;
ikkala davlatning arizachilariga va ularning patent boʻyicha vakillariga milliy muhofaza hujjatlari berish uchun buyurtmanomalarni hamda sobiq SSSR muhofaza hujjatlarini milliy muhofaza hujjatlariga almashtirish uchun iltimosnomani rasmiylashtirish, shuningdek ushbu buyurtmanomalar va iltimosnomalar bilan bogʻliq yozishmalarni olib borish huquqini berish.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi yoki Ozarbayjon Respublikasining har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsi litsenziya shartnomasi tuzmasdan ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish huquqini, basharti ushbu ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish huquqiy jihatdan sobiq SSSR mualliflik guvohnomasi yoki guvohnomasi berilgan ixtiro yoki sanoat namunasiga milliy patent berish haqida boshqa shaxslar tomonidan iltimosnoma berilgan sanagacha boshlangan boʻlsa, saqlab qoladi.
Bunda mualliflarga mukofot pulini toʻlash koʻrsatilgan ixtiro yoki sanoat namunasi qaysi davlat hududida foydalanilayotgan boʻlsa oʻsha davlatning huquqiy hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-modda
Tomonlar iqtisodiy, savdo, sanoat, fan va texnika sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimlarga sanoat mulki obyektlarining muhofaza qilinishini taʼminlashga doir qoidalarni kiritish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
7-modda
Muhofaza hujjatlarini berishga buyurtmanomalar berishda, muhofaza hujjatlarini qabul qilib olish va ularni oʻz kuchida saqlab turishda ikkala davlatning patent boʻyicha vakillari oʻzaro hamjihatlilik prinsipi asosida bevosita shu davlatlarning patent idorasi bilan ish olib borishlari mumkin boʻlib, bunda faqat milliy buyurtmanoma beruvchilarning manfaatlarini ifodalaydilar. Bir davlatning milliy ariza beruvchilariga va ularning qonuniy vakillariga uning huquqiy hujjatlari bilan belgilangan tartibda, shuningdek oʻzaro hamjihatlilik prinsipi asosida muhofaza hujjatlarini olishga buyurtmanomalar berish, ularni olish va ularni oʻz kuchida saqlab turish borasida bevosita boshqa davlatning patent idorasi bilan ish olib borish huquqi beriladi.
Bir davlatning murojaat qiluvchisi tomonidan boshqa davlatning patent boʻyicha idorasiga patent berish uchun beriladigan buyurtmanomalar milliy patent idorasiga buyurtmanomalar berilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda qabul qilinadi.
8-modda
Buyurtmanomalar topshirganlik, muhofaza hujjatlari berganlik, ularni oʻz kuchida saqlab turganlik va sanoat mulkini muhofaza qilish va undan foydalanish bilan bogʻliq boshqa yuridik jihatdan ahamiyatli ishlarni bajarganlik uchun poshlinalar toʻlash, shuningdek boshqa xizmatlar koʻrsatganlik uchun haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining vakolatli organlari bilan kelishilgan kurs boʻyicha milliy buyurtmanoma beruvchilarning poshlinalari va toʻlovlarini toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining huquqiy hujjatlarida nazarda tutilgan valyuta va miqdorlarda amalga oshiriladi.
9-modda
Bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari boshqa davlat hududida sanoat mulkiga tegishli patent fondlaridan, kutubxonalardan, maʼlumotlar banklaridan milliy jismoniy va yuridik shaxslar foydalanadigan shartlarda foydalanadilar.
10-modda
Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish davomida bir-birlariga yoʻllaydigan barcha hujjatlar rus tiliga shartli tarjimasi bilan taqdim etiladi.
11-modda
Tomonlarning quyidagi patent idoralari ushbu Bitimni amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasining Davlat patent idorasi;
Ozarbayjon Respublikasida — Ozarbayjon Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasining Patent-litsenziya boshqarmasi.
Patent idoralarining hamkorlik qilishi tartibi va shartlari ular oʻrtasidagi maxsus bitimlar bilan belgilanadi.
12-modda
Ushbu Bitimdan yoki uning bajarilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan kelib chiqadigan anglashilmovchiliklar paydo boʻlganda Tomonlarning' vakillari ushbu anglashilmovchiliklarni bartaraf etish uchun tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va ushbu anglashilmovchiliklarni tartibga solishga erishish uchun zarur saʼy-harakatlar qiladilar.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikda ishtirok etishiga toʻsqinlik qilmaydi.
14-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning yozma roziligiga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalarini bajargani toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan eʼtiboran olti oygacha amalda boʻladi.
Ushbu Bitim amalda boʻlishining toʻxtatilishi ikkala davlat jismoniy va yuridik shaxslariga ushbu Bitimning amalda boʻlish davrida berilgan talabnomalarga binoan berilgan yoki berilishi mumkin boʻlgan muhofaza hujjatlarining amal qilishiga daxl etmaydi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)