Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarni eʼtirof etish va tenglashtirish, ilmiy darajalarni qiyoslash prinsiplari toʻgʻrisidagi kelishuvlarga asoslanib;
ilmiy aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirishga intilib;
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikni davom ettirishga boʻlgan intilishni tasdiqlab;
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimlari va talablarini rivojlantirishning milliy konsepsiyalarini ishlab chiqishda oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
2-modda
Tomonlar ilmiy xodimlarning ixtisosliklari milliy roʻyxatlarini (nomenklaturalarini) ishlab chiqish va oʻz davlatlari hududida ilmiy darajalar beruvchi kengashlar tarmoqlarini tashkil etish haqida bir-birlarini oʻzaro xabardor qilib turadilar.
Ular Tomonlarning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazishning davlat tizimida ilmiy darajalar talabgorlariga qoʻyiladigan asosiy talablarning bir-biriga taqqoslash imkoniyatini taʼminlaydilar.
3-modda
Tomonlar yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikni quyidagi yoʻllar bilan rivojlantiradilar:
— bir Tomonning ilmiy darajalarga talabgorlarini boshqa Tomonning davlati hududidagi ilmiy darajalar beruvchi kengashlarda dissertatsiyalar himoya qilishlari uchun teng sharoitlar yaratish;
— Tomonlarning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish davlat tizimlaridagi oʻzgarishlar haqida bir-birlarini oʻz vaqtida xabardor qilib turish, ushbu xodimlar attestatsiyasi boʻyicha tegishli normativ hujjatlar va boshqa hujjatlarni oʻzaro ayirboshlash.
4-modda
Tomonlardan har biri dissertatsiya ishlarini ekspertiza qilish sifatini oshirish uchun:
oʻz davlatining etakchi olim va mutaxassislarining boshqa Tomon davlatining ilmiy darajalar beruvchi kengashlarining ishida hamda dissertatsiyalar himoyasida opponentlar sifatida qatnashishlariga:
oʻz davlatining ilmiy darajalar beruvchi kengashlarida himoya qilingan dissertatsiyalarni boshqa Tomon davlatining ilmiy darajalar beruvchi kengashlarida qoʻshimcha ekspertizadan oʻtkazishga yordam beradi.
5-modda
Tomonlar oʻz davlatlari hududida boshqa Tomonning tegishli davlat idorasi tomonidan ilmiy darajalar berilganligi haqidagi davlat namunasi shaklidagi malaka hujjatlarini eʼtirof etadilar.
Berilgan ilmiy darajalar haqidagi davlat namunasi shaklidagi hujjatlarning eʼtirof etilishi shu hujjatlar egalariga Tomonlarning oʻz davlatlari hududlarida milliy davlat malaka hujjatlari egalariga beriladigan huquqlar ham muqarrar ravishda tatbiq etilishini bildirmaydi.
Ilmiy darajalar haqidagi davlat namunasi shaklidagi malaka hujjatlarining bir-biriga tengligi hujjat egalarini qayta attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida belgilanadi.
Qayta attestatsiya talabgor fuqarosi boʻlgan yoki uning hududida doimiy yashab turgan mamlakatning davlat attestatsiya organi tomonidan oʻtkaziladi.
6-modda
Tomonlar yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni malakani takomillashtirishga yoʻnaltirilgan attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlarini boshqarish tajribasini almashish boʻyicha zarur qoʻshma tadbirlar oʻtkazib turadilar.
7-modda
Tomonlarning ushbu Bitimda qatnashishlari ularning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi hamkorlikning boshqa shakllaridan foydalanish huquqlarini cheklamaydi hamda Tomonlarning ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish davlat tizimlarining mustaqil ishlab turishiga toʻsqinlik qilmaydi.
8-modda
Ushbu Bitimning amalda tatbiq etilishiga bogʻliq aniq masalalar boʻyicha qoʻshimcha bitimlar va protokollar imzolanishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim yoki uning bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha kelishmovchiliklar vujudga kelganda, ularni bartaraf etish uchun Tomonlarning vakillari oʻzaro maslahatlashadilar.
10-modda
Ushbu Bitim boʻyicha:
Oʻzbekiston Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi;
Ozarbayjon Tomonidan — Ozarbayjon Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi vakolatli organ hisoblanadilar.
11-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalarini bajargani toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan eʼtiboran olti oygacha amalda boʻladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)