Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Bundan keyin Tomonlar deb atalayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati,
doʻstona munosabatlarni kelgusida rivojlantirish intilishiga amal qilib,
turizmning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy progressdagi muhim rolini eʼtiborga olib,
turizmni rivojlantirish va ikkala davlat hayoti bilan yaxshiroq tanishish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida,
turizm sohasida hamkorlikni kengaytirishning oʻzaro manfaatlaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikkala davlat fuqarolarini iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirish, madaniyat sohasidagi yutuqlar, tabiat va diqqatga sazovor joylar, shuningdek ikkala mamlakat xalqlarining tarixiy yodgorliklari va madaniy anʼanalari bilan tanishtirish maqsadida turizm sohasida teng huquqli va oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar teng huquqlilik va oʻzaro foyda asosida xorijiy turizmni rivojlantirish sohasida hamkorlik qiladilar va ikki mamlakat oʻrtasida turizm harakatini kuchaytirish maqsadida maʼmuriy rasmiyatchiliklarni soddalashtirishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar xorijiy va ichki turizmning barcha sohalarida tajriba almashishga yordam beradilar, shuningdek turizm va uning rivojlanishi masalalari bilan shugʻullanuvchi boshqa tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
4-modda
Tomonlar, shuningdek reklama materiallarini nashr etish, axborot, nashrlar, koʻrgazmalar, filmlar bilan almashish va turli simpozium va seminarlar oʻtkazish yoʻli bilan turistlar oqimini ham u, ham bu mamlakatga jalb etish uchun turistik axborotni tarqatishga koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlar turistik komplekslarning xodimlarini oʻqitishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar va turizm boʻyicha tegishli organlar mutaxassislarining almashuviga koʻmaklashadilar, tegishli idora va manfaatli tashkilotlarga qoʻshma korxonalar tashkil etishda va turizm sohasidagi boshqa investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yordam beradilar.
6-modda
Tomonlar tegishli turistik organlar orqali xalqaro turistik tashkilotlardagi faoliyat boʻyicha hamkorlik, ish tajribasi toʻgʻrisida fikr almashib turadilar.
7-modda
Tomonlar turizm sohasida yanada samarali hamkorlik maqsadida mos ravishda ikkala mamlakatda turistik vakolatxonalar ochish imkoniyatiga koʻmaklashadilar va ularning faoliyatida har tomonlama yordam beradilar.
8-modda
Tomonlar, zarurat boʻlgan holda, ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha maslahatlashishlar oʻtkazadilar, va shu maqsadda uni bajarishga qaratilgan choralarni taklif etadilar.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha ushbu Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular ushbu Bitimning ajralmas qism boʻlgan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki rasmiyatchiliklarini bajarganliklari toʻgʻrisida bir-birlariga yozma ravishdagi soʻnggi xabarnomasi olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil mobaynida amal qiladi va agar Tomonlardan hech biri uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari xabardor qilmasa, keyingi besh yilga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 23-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin qilishda rus tilidagi matn ishlatiladi.
(imzolar)