Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Elektr va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi xalqlari oʻrtasidagi teng huquqlilik hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan mavjud aloqalarni rivojlantirishga intilishga amal qilishib,
aloqa sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar Jahon pochta ittifoqi hujjatlari qoidalariga hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyanomalariga, shuningdek boshqa xalqaro shartnomalarga qatʼiy muvofiq ravishda oʻrnatilishini eʼtiborda tutishib,
aloqa sohasidagi oʻzaro harakat va hamkorlik oʻzaro yordam asosida rivojlanishi kerak, deb hisoblashib,
Tomonlar oʻrtasida aloqa vositalarining uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun mustahkam huquqiy, iqtisodiy va texnologik munosabatlar oʻrnatilishini istashib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, oʻz vakolatlari va imkoniyatlari hajmida, xalqaro huquqning umumiy ravishda qabul qilingan normalari va prinsiplariga, Jahon pochta ittifoqi hujjatlari qoidalariga hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyanomalariga muvofiq ravishda harakat qilishib, elektr va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlikni davom ettiradilar va kengaytiradilar.
2-modda
Tomonlar pochta va elektr aloqasini tashkil etishdagi barcha oʻzgartirishlar toʻgʻrisida, shuningdek aloqa xizmati koʻrsatganlik uchun oʻzaro hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisida bir-birlarini ushbu oʻzgartirishlar boshlanishi tavsiya etiladigan sanadan uch oy oldin xabardor qiladilar.
Tomonlar pochta joʻnatmalarining, maxsus aloqaning, shuningdek televideniye va radioeshittirish dasturlarini uzatishning barcha turlarini oʻzaro foydali shartlarda oʻz davlatlari hududi orqali erkin tranzit yoʻli bilan amalga oshirilishini kafolatlaydilar.
3-modda
Quyidagilar ushbu Bitimni bajarish boʻyicha Tomonlarning vakolatli ijro etuvchi organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Xalqaro hisob-kitoblar va shartnomalar markazi (XHShM);
Qozogʻiston Respublikasidan — “Kazaxtelekom” ochiq aksiyadorlik jamiyati (OAJ) va Qozogʻiston Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi Pochta aloqasi respublika davlat korxonasi (PARDK).
Xizmatlar koʻrsatish boʻyicha barcha oʻzaro hisob-kitoblar Tomonlar davlatlarning amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
4-modda
Tomonlar bir-birlariga nisbatan uchinchi davlatlarda va tegishli xalqaro tashkilotlarda Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi yoki uni qiyinlashtiruvchi kamsitish choralarini qoʻllamaydilar.
5-modda
Tomonlar oʻz davlati hududida boshqa Tomonning radio va televizion dasturlarini hamda vaqtli nashrlarini obuna va chakana savdo boʻyicha Tomonlarning hukumatlari va tegishli idoralari oʻrtasidagi shartnoma va bitimlar bilan belgilangan hajmlarda tarqatishni tashkil etishda bir-birlariga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar shunga kelishib oldilarki, xizmat koʻrsatishda qatnashuvchi barcha aloqa korxonalari oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatish yuzasidan isteʼmolchilar oldida bab-baravar javob beradilar. Xalqaro aloqalarning sifatsiz ishi yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi Jahon pochta ittifoqi hujjatlari va Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyanomalari bilan belgilanadi.
7-modda
Tomonlar aloqa korxonalarining telefonchilari, telegrafchilari, texnik va pochta xodimlari oʻrtasida xizmat axborotlarini ayirboshlash, shuningdek xizmat hujjatlarini ayirboshlash uchun rus tilidan foydalanish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Tomonlar davlatlarning aloqa korxonalari tomonidan yuboradigan pochta joʻnatmalari va telegrammalarning manzillari rus tilida, shuningdek lotin alifbosidan foydalanish ruxsati bilan rasmiylashtiriladi.
Telegrammalar matnlari lotin harflarida qabul qilinishi va uzatilishi mumkin.
8-modda
Tomonlar aloqa korxonalarida davlatlararo xabarlar va axborotlarni uzatish texnologik jarayonlarida yagona hisobga olish — hisobot vaqtini — Moskva vaqtini qoʻllashadi.
9-modda
Tomonlar operativ-texnik boshqarish tizimining amaldagi texnologik jarayonlarga muvofiq oʻzaro hamkorlikda ishlashi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Tomonlar favqulodda vaziyatlarda xabarlarning aloqa vositalari orqali ustuvorlik bilan uzatilishini taʼminlaydilar.
Tomonlar davlatlararo aloqa liniyalaridagi avariyalarni bartaraf etishda bir-birlariga oʻzaro yordam beradilar.
Tiklash ishlarini amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik qilish tartibini Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari:
Oʻzbekiston Respublikasidan — Aloqa vazirligi;
Qozogʻiston Respublikasidan — Transport va kommunikatsiyalar vazirligi ishlab chiqadilar va kelishib oladilar.
10-modda
Tomonlar davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan aloqa obyektlarini qurish hamda ishlatish norma va qoidalarini muvofiqlashtirib borishga kelishib oldilar.
11-modda
Tomonlar shuni belgilab qoʻydilarki, agar ularning oʻrtasidagi bitimlarda aloqa sohasidagi munosabatlarda kelib chiqadigan bahslarni echish tartibi kelishib olinmagan boʻlsa, Tomonlarning aloqa korxonalari ushbu tartibni ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda mustaqil ravishda belgilaydilar.
12-modda
Tomonlar shu toʻgʻrida kelishib oldilarki, zarurat boʻlganda, ushbu Bitimga ikkala Tomonning roziligiga koʻra oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan protokol bilan rasmiylashtiriladi.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-qoidalarini bajarishgani toʻgʻrisida diplomatik yoʻl bilan olingan oxirgi bildirishnomasi sanasidan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonni oʻzining uni bekor qilish maqsadi toʻgʻrisida diplomatik yoʻl bilan yozma ravishda xabardor qilmagungacha amal qiladi. Ushbu Bitimda qatnashishdan voz kechish toʻgʻrisidagi bildirishnoma olingandan keyin olti oy oʻtgach va ushbu Bitim boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilgandan soʻng Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
Almati shahrida 1997-yil 2-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda har qanday kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)