Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Aloqa sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin "Tomonlar" deb ataluvchilar,
oʻz davlatlari siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun aloqa sohasidagi oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlarning ushbu Bitim doirasidagi hamkorligi Tomonlar davlatlarining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu Bitimda koʻzda tutilmagan pochta va elektr aloqani tashkil etish hamda ekspluatatsiya masalalari Jahon pochta ittifoqining pochta joʻnatmalari haqidagi Nizom, Konvensiya va Bitim qoidalari, shuningdek Xalqaro elektr aloqa ittifoqi Nizomi, Konvensiyasi, Maʼmuriy tartiblari va Tavsiyalari orqali boshqarib turiladi.
2-modda
Pochta va elektr aloqa sohasida hamkorlikning konkret yoʻnalishlari va shakllari Tomonlar davlatlarining aloqa maʼmuriyatlari tarafidan ular oʻrtasida tuziladigan alohida bitimlar bilan aniqlanadi.
3-modda
Tomonlar zarur hollarda aloqa xizmatlarining hamma turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
4-modda
Tomonlar pochta va elektr aloqa sohasida tajriba xamda ilmiy-texnik axborot almashish yoʻli bilan Tomonlarning davlat aloqa vositalari xamda tashkilotlarining ishlari bilan tanishish uchun aloqa maʼmuriyatlari, kompaniyalari va mutaxassislari oʻrtasidagi aloqalarini kengaytirishga koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlar uchinchi davlatlarda va tegishli xalqaro tashkilotlarda Tomonlar davlatlarining aloqa maʼmuriyatlari faoliyatiga toʻsqinlik qiladigan yoki uni qiyinlashtiradigan kamsitish choralarini bir-birlariga qoʻllamaydilar.
6-modda
Tomonlar aloqa sohasida davlatlararo qoʻshma loyihalarni tashkil etishga koʻmaklashadilar va yangi aloqa texnologiyalarini takomillashtirish hamda ishlab chiqish maqsadida ilmiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish choralarini koʻradilar.
7-modda
Tomonlar davlatlarining aloqa maʼmuriyatlari aloqa sohasidagi liberalizatsiya dasturlari, shuningdek oʻzaro qiziqish uygʻotishi mumkin boʻlgan investitsiya dasturlari haqida bir-birlarini xabardor qilib turadilar.
8-modda
Tomonlar davlatlarning aloqa maʼmuriyatlari favqulodda vaziyatlarda aloqa tarmoqlari va vositalari orqali xabarlarni ustuvor uzatishni taʼminlaydilar.
Davlatlararo aloqa tizimlarida avariyalarni bartaraf etishda va tiklash ishlarini oʻtkazishda oʻzaro yordam koʻrsatish uchun Tomonlar yoki ularning tegishli muassasalari alohida bitimlar tuzadilar.
9-modda
Pochta va elektr aloqa xizmatlari uchun tarif va yigʻimlar Jahon pochta ittifoqining pochta joʻnatmalari toʻgʻrisida Konvensiya va Bitimi, shuningdek Xalqaro elektr aloqa ittifoqining Konvensiyasi, Maʼmuriy tartiblari, tegishli hollarda esa Tavsiyalari qoidalariga muvofiq oʻrnatiladi.
Bu masalalar Tomonlar davlatlarining tegishli xalqaro operatorlari oʻrtasida tuzilgan bitimlarda belgilanadi.
10-modda
Pochta va elektr aloqa xizmati toʻlovlarini tuzishda Jahon pochta ittifoqi va Xalqaro elektr aloqa ittifoqi konvensiyalarida belgilangan "Maxsus oʻzlashtirish huquqi" birligi qoʻllanadi.
11-modda
Tomonlar davlatlarining aloqa maʼmuriyatlari Jahon pochta ittifoqining pochta joʻnatmalari toʻgʻrisida Konvensiya va Bitimi, shuningdek Xalqaro elektr aloqa ittifoqining Konvensiyasi, Maʼmuriy tartiblari, tegishli xollarda esa Tavsiyalari qoidalariga muvofiq, pochta va elektr aloqa xizmatlari toʻlovlarini muntazamlashtirishga koʻmaklashadilar.
Aloqa xizmatlaridan foydalanish borasidagi hamma hisob-kitoblar markazlashtirilgan holda vakolatli banklar orqali Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob va bank operatsiyalari masalasi boʻyicha tuzilgan bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
12-modda
Tomonlar davlatlarining maʼmuriyatlari yoki ularning tegishli idoralari zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi pochta va elektr aloqasini amalga oshirishda rasmiyatchiliklarni soddalashtirish va tariflarni kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar koʻradilar.
13-modda
Davlatlararo xabarlar va axborot uzatish texnologik jarayonlarida aloqa korxonalarida qayd etish-hisobot vaqti sifatida Moskva vaqti qoʻllaniladi.
14-modda
Tomonlar yozma ravishda ifodalangan oʻzaro kelishuv boʻyicha ushbu Bitimga qoʻshimcha yoki oʻzgartishlar kiritishlari mumkin.
15-modda
Bitim moddalarini izohlashda va qoʻllashda yuzaga keladigan bahslar Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
16-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri ikkinchi Tomonga oʻzining ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda maʼlum qilmagunicha oʻz kuchini saqlaydi.
Bu holda Bitimning amal qilishi bunday bildirishnoma olingan sanadan soʻng olti oy oʻtgach toʻxtatiladi.
Bitim amal qilishini toʻxtatilishi Tomonlarning ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha yuzaga kelgan va uning amal qilishi toʻxtatilgan daqiqagacha bajarilmagan moliyaviy majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 1998-yil 11-oktyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)