Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Litva Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YuKLARINI KLAYPEDA DAVLAT DENGIZ PORTI ORQALI TAShISh UChUN TRANSPORT VA BOShQA XIZMATLARNI KOʻRSATISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Litva Respublikasi Hukumati, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
har tomonlama hamkorlikka intilib,
Oʻzbekiston Respublikasi yuklarini Klaypeda davlat dengiz porti (bundan keyin Klaypeda porti) orqali tashish oʻzaro iqtisodiy foydali ekanligini tushunib,
Litva Respublikasi hududi orqali davlatlararo tranzit tashishlarning sifatli va kelishilgan hajmlarda bajarilishi maqsadida,
tashishlar harakatining xavfsizligini va rentabilligini kafolatlaydigan yuklarni tashish va xizmat koʻrsatish sohasida bir-biriga yordam berishni zarur deb hisoblab,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
“Oʻzbekiston Respublikasi yuklarini Klaypeda porti orqali tashish” iborasi Klaypeda portiga yuklarni keltirish va undan olib ketish, ularni yuklash, saqlash va yuklarni tashish bilan bogʻliq boshqa tartibotlarni, bunday tartibotlarni amalga oshirishga rasmiy ruxsat berilgan, Klaypeda porti hududida joylashgan korxona va terminallarda bajarishni bildiradi.
2-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
— oʻz xoʻjalik subyektlarini Klaypeda portidan foydalanishga har tomonlama ragʻbatlantirishni;
— oʻz qonunlari va boshqa normativ aktlari doirasida Klaypeda porti orqali tashiladigan eksport-import yuklari uchun chegara, bojxona va boshqa tartibotlarni yengillashtirish va tezlashtirish uchun zarur hamma choralarni koʻrishni;
—- Litva Respublikasi transport tashkilotlari bilan oʻz vaqtida hisob-kitobni amalga oshirishni taʼminlashni oʻz zimmasiga oladi.
Litva Respublikasi Hukumati:
— yuklarni Litva Respublikasi hududi va Klaypeda porti orqali tranzit tarzda oʻz vaqtida oʻtkazishni taʼminlashni;
— oʻz qonunlari va boshqa normativ aktlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining markazlashtirilgan eksport-import yuklariga kelishilgan va oʻzaro maʼqul tariflarni qoʻllagan holda birinchi navbatda xizmat koʻrsatishni taʼminlash uchun zarur choralarni koʻrishni va Klaypeda portida kemalar va quruqlikda yuradigan transport vositalarining turib qolmasligini va portdagi chegara, bojxona va boshqa tartibotlarning tezlashtirilishini taʼminlashni;
— Oʻzbekiston Respublikasining markazlashtirilgan eksport-import yuklariga xizmat koʻrsatish boʻyicha barcha sharoitlarni yaratish va yukni olib kirish, olib ketish va saqlash, shuningdek yukka xizmat koʻrsatish uchun zarur tijorat operatsiyalari bilan bogʻliq port xizmatlarini toʻsiqlarsiz koʻrsatilishini kafolatlashni oʻz zimmasiga oladi.
3-modda
Oʻzbekiston Respublikasining tranzit yuklari Litva Respublikasi hududi orqali Litva Respublikasi qonunlari va boshqa normativ aktlariga rioya qilingan holda tashiladi.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar yuklarni yuklash, saqlash, kemalarni yollash va yuklarni kuzatib borish bilan shugʻullanuvchi qoʻshma korxonalar tuzilishini ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Ushbu Bitimning qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchi boʻlgan xalqaro konvensiyalar va shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarni, shuningdek uchinchi davlatlarning Litva Respublikasi hududi va Klaypeda porti orqali yuklarni tranzit tashishga boʻlgan huquqlarini buzmaydi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Qoʻshma komissiya tuzadilar. Qoʻshma komissiya Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra ariza olingandan keyin 3 (uch) oydan kechikmasdan yigʻiladi. Qoʻshma komissiyaning har bir majlisining kun tartibi majlis boshlanishidan kamida 30 (oʻttiz) kun oldin kelishilgan boʻlishi kerak.
Qoʻshma komissiya:
— Oʻzbekiston Respublikasi yuklarini tranzit tashishda Litva Respublikasi savdo kemachiligi va Klaypeda portidan foydalanishning samaraliligini, shuningdek tashishlar hajmlarini koʻpaytirish istiqbollarini muhokama qiladi;
— ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllash boʻyicha kelib chiqadigan har qanday nizoni hal qiladi;
— port quvvatlarini oshirishda hamkorlikning imkoniyatlari va ushbu Bitimni amalga joriy qilish bilan bogʻliq boshqa masalalarni muhokama qiladi;
— ushbu Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan muzokaralar olib boradi. Ushbu Bitimga kiritiladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
Agar Qoʻshma komissiya qaror chiqara olmasa, nizo Ahdlashuvchi Tomonlarning muzokaralari yoʻli bilan hal etiladi.
7-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarini diplomatik yoʻllar orqali har bir Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunlari bilan koʻzda tutilgan talablari bajarilgani toʻgʻrisida xabardor qilganlaridan keyin 30 (oʻttiz) kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim 3 (uch) yilga tuzildi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri uch yillik muddat oʻtishidan 3 (uch) oy oldin ushbu Bitimni bekor qilmasa, uning kuchi nomaʼlum muddatga uzaytiriladi va u Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni Bitimni bekor qilishi toʻgʻrisida 3 (uch) oldin xabardor qilmaguncha kuchda boʻladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 20-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, litva va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim matnini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)