Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XUSUSIY TIJORAT BANKLARINI TAShKIL QILIShNI RAGʻBATLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2020-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Xususiy tijorat banklarini tashkil qilish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun qulay shart-sharoitlarini yaratish, xususiy sarmoyani jalb etish va undan xoʻjalik oborotida samarali foydalanish maqsadida:
1. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab turgan tijorat banklari bilan bir qatorda xususiy tijorat banklari tashkil qilinishi mumkin, muassislar — jismoniy shaxslarning mazkur banklardagi ulushi ustav kapitalining kamida 50 foizini tashkil etadi, qolgan qismi esa davlatga qarashli boʻlmagan yuridik shaxslarga tegishli boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari xususiy tijorat banklarining ustav kapitaliga mablagʻlarini oʻz daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etmasdan qoʻshishlari mumkin;
xususiy tijorat banklari tashkil etilgan paytdan boshlab ikki yil mobaynida budjetga daromad soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi, bunda boʻshaydigan mablagʻlar ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga va infrastrukturani rivojlantirishga yoʻnaltiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 15-iyuldagi PF-3624-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2005-y., 28-29-son, 202-modda)
faoliyat boshlangandan keyin olti oy oʻtgach, xususiy tijorat bankiga xorijiy valyutada operatsiyalar oʻtkazishga litsenziya berilishi mumkin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda kassa uzellarini sotib olish va ular bilan uskunalashda, binolarni Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiq jihozlashda xususiy tijorat banklariga zarur yordam bersin.
3. Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi xususiy tijorat banklarining faoliyatiga nazorat organlarining asossiz aralashuviga yoʻl qoʻymasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xususiy tijorat banklariga moslashtirilgan xonalarni shartnoma asosida sotib olishda yordam koʻrsatsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgarish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflar tayyorlab taqdim etsin.
Markaziy bankka bir hafta muddatda oʻzining normativ aktlari va yoʻriqnomalarini mazkur Farmon talablariga muvofiq holga keltirish tavsiya qilinsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 24-aprel,
PF-1749-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 149-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 202-modda; 2009-y., 25-son, 282-modda)