Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati oʻrtasida
SAVDO BITIMI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati, (bundan keyin — “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikki mamlakat oʻrtasida tenglik va oʻzaro manfaatdorlik asosida hamda Tariflar va Savdo boʻyicha Bosh Bitim (GATT) va Jahon Savdo Tashkiloti (VTO) tamoyillariga muvofiq savdo va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashni istagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlarida amalda boʻlgan qonunchilik, qoidalar va tartibotlarga muvofiq ikki mamlakat oʻrtasida uzoq muddatli va barqaror asosdagi savdoga koʻmaklashish, uni mustahkamlash va kengaytirish uchun zarur boʻlgan barcha choralarni koʻradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar savdodagi qisqa muddatli va uzoq muddatli shartnomalar uchun sohalarni belgilashda har bir mamlakatning tegishli korxonalari va tashkilotlarini ragʻbatlantiradilar va ularga zaruriy yordam beradilar, zarurat tugʻilgan hollarda esa oʻzaro kelishuvga muvofiq shunday kontraktlar tuzadilar.
3-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon tovarlar importi va/yoki eksporti bilan bogʻliq boʻlgan bojxona toʻlovlari va tashqi savdo rasmiyatchiliklariga taalluqli boʻlgan barcha masalalarda boshqa Tomon uchun eng qulay rejim yaratadi.
4-modda
Ushbu Bitim qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining quyidagilarga bergan yoki beradigan imtiyozlari va ustunliklari, konsessiyalar va istisnolarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) chegaraoldi savdosini yengillashtirish maqsadida chegaradosh va qoʻshni davlatlarga;
b) Ahdlashuvchi Tomonlardan biri aʼzosi boʻlgan yoki boʻlishi mumkin boʻlgan bojxonalar uyushmasi yoki erkin savdo zonalari boʻlgan mamlakatlarga; va
v) iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisidagi koʻptomonlama bitimdagi ishtiroki natijasi sifatida.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim boʻyicha tijorat tovarlari bilan tranzit savdosiga koʻmaklashish uchun oʻz kuchlarini sarflaydilar va quyidagilar xususida kelishadilar:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining mamlakatida ishlab chiqarilgan va uchinchi mamlakatga yoʻllanayotgan tovarlarni erkin ravishda tashishga koʻmaklashish; va
b) uchinchi mamlakatda ishlab chiqarilgan va Ahdlashuvchi Tomonlardan birining mamlakatiga joʻnatilgan tovarlarni erkin tashishga koʻmaklashish.
6-modda
Ikkala mamlakat oʻrtasidagi savdoni yanada rivojlantirish maqsadida, Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlar oʻrtasida kelishilgan shartlarda har ikkala mamlakatdan birida oʻtkaziladigan savdo yarmarkalarida bir-birlarining qatnashishlariga va mamlakatlardan birining boshqa mamlakat hududida koʻrgazmalar oʻtkazishida koʻmaklashadilar.
Yarmarkalar va koʻrgazmalar uchun moʻljallangan tovarlar va namunalar boʻyicha bojxona toʻlovlari va shu singari boshqa yigʻimlardan ozod qilish, shuningdek ularni sotish va taqsimlash shunday yarmarka va koʻrgazmalar oʻtkazilayotgan mamlakatlarning qonunlari, qoidalari va tartibga soluvchi hujjatlariga muvofiq holda amalga oshiriladi.
7-modda
Ushbu Bitimni talqin qilishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizo diplomatik vositalar yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Har ikki mamlakat oʻrtasidagi barcha toʻlovlar har bir mamlakatda amalda boʻlgan valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga binoan erkin foydalaniladigan valyutada amalga oshiriladi.
9-modda
Bunday choralarni ixtiyoriy ravishda yoki diskriminatsion tarzda qoʻllamaslik talablariga muvofiq, ushbu Bitim qoidalari istalgan Ahdlashuvchi Tomonning quyidagilarga nisbatan qabul qilish yoki bajarish borasidagi huquqlarini cheklamaydi:
a) salomatlik, jamoatchilik axloqi, tartibi yoki xavfsizligini muhofazalash maqsadida;
b) oʻsimliklar va hayvonlarni kasalliklar va epidemiyalardan saqlash;
v) oʻzining tashqi moliyaviy mavqeyi va toʻlov balansini kafolatlash; va
g) milliy boylik yoki badiiy, tarixiy va arxeologik boyliklarni asrash.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi bevosita savdoni kengaytirish boʻyicha choralar va ushbu Bitimni qoʻllashdan kelib chiquvchi masalalarni muhokama qilish uchun Savdo boʻyicha Qoʻshma qoʻmita tashkil etishga kelishadilar. Savdo boʻyicha Qoʻshma qoʻmita ushbu Bitim maqsadlariga erishish uchun zaruriy takliflarni kiritishi mumkin va oʻzaro kelishuvga binoan belgilangan vaqtda har bir mamlakatda navbati bilan yigʻiladi.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini va Malayziya Hukumati nomidan Xalqaro savdo va sanoat vazirligini ushbu Bitimni muvofiqlashtiruvchi va bajaruvchi masʼul organlar sifatida tayinlashga kelishadilar.
12-modda
Ushbu Bitim amalda joriy boʻlgan istalgan vaqtda Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri yozma ravishda unga tuzatishlar kiritishni taklif qilishi mumkin va ikkinchi Tomon bunday taklif olingan kundan boshlab uch oy mobaynida javob qaytarishi lozim. Oʻzgartirishlar yoki modifikatsiya qilish sanasigacha ushbu Bitimdan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlar toki butunlay bajarilgunga qadar ushbu Bitimning har qanday oʻzgartirilishi yoki modifikatsiya qilinishi bunday huquqlar va majburiyatlarga ziyon yetkazmagan holda amalga oshiriladi.
13-modda
Ushbu Bitim har ikkala Ahdlashuvchi Tomon uni imzolaganidan soʻng va xalqaro shartnomalarni tasdiqlash boʻyicha barcha ichki rasmiyatchiliklar tugaganligi toʻgʻrisida bir-birlarini yozma ravishda xabardor qilganlaridan soʻng kuchga kiradi va besh (5) yillik davr mobaynida amalda boʻladi.
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ikkinchi Tomonni ushbu Bitimning amalda joriy etilish davri tugaydigan sanadan avvalgi uch oy mobaynida uni qoʻllashni toʻxtatish xususidagi oʻz niyatidan yozma ravishda xabardor qilmasa, uning muddati avtomatik tarzda yana shuncha davrga uzaytiriladi.
14-modda
Ushbu Bitim qoidalari, hatto uning amalda boʻlish muddati tugagandan soʻng ham, ushbu Bitim amalda boʻlgan muddat davrida kuchga kirgan, ammo ushbu Bitimning amalda boʻlish muddati tugagan kunda toʻlaligicha bajarilmagan shartnomalarga nisbatan qoʻllanadi.
Kuala-Lumpur shahrida 1997-yil 6-oktabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, malay va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)