Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktorining
buyrugʻi
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilarini bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 11-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2450]
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 367-son “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibini takomillashtirish haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 6-modda) muvofiq buyuraman:
1. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilarini bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2013-yil 11-mart,
62/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktorining 2013-yil 11-martdagi 62/1-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilarini bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 367-son “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibini takomillashtirish haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 6-modda) muvofiq oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining (bundan buyon matnda taʼlim muassasasi deb yuritiladi) oʻquvchilarini bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom toʻlov kontrakt asosida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olayotganlarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʼlim berish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlmagan nodavlat taʼlim muassasalari, boshqa mamlakatlar taʼlim muassasalarining filiallari (markaz, boʻlim, oʻquv-maslahat punkti va shu kabilar) va harbiy akademik litseylar hamda olimpiya zaxiralari kollejlariga tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish ularni taʼlim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Taʼlim muassasasida har bir oʻquv yilga oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish va ularni qayta oʻqishini rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Komissiyaga taʼlim muassasasining direktori rahbarlik qiladi.
Komissiyaning tarkibi taʼlim muassasasining Pedagogik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi hamda taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Komissiya tarkibiga maʼnaviy-maʼrifiy, oʻquv va ishlab chiqarish ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, kafedra mudirlari, boʻlim boshliqlari, guruh rahbarlari hamda taalluqli fan oʻqituvchilari kiradi.
4. Hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi taʼlim muassasasi tomonidan taqdim etilgan oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirishga tegishli hujjatlarning haqqoniyligini oʻrganish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
II bob. Oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
Keyingi tahrirga qarang.
akademik qarzdorlikka (oʻzlashtirilmaslikka) ega boʻlganda;
ishlab chiqarish yoki diplom oldi amaliyotlaridan oʻtmaganda;
Keyingi tahrirga qarang.
kurs ishini topshirmaganda;
3 va undan ortiq fan boʻyicha “qoniqarsiz” yakuniy yillik baho olganda.
6. Har bir guruh rahbari tomonidan har bir kurslarni tamomlash yakunlari boʻyicha akademik qarzdorlikka (oʻzlashtirilmaslikka) ega boʻlgan, ishlab chiqarish yoki diplom oldi amaliyotlaridan oʻtmagan, kurs ishini topshirmagan hamda 3 va undan ortiq fan boʻyicha “qoniqarsiz” yakuniy yillik baho olgan oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Komissiyaga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
Bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirilishi mumkin boʻlgan oʻquvchilarning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) oʻquv yili davomida muntazam ravishda taʼlim muassasasi tomonidan oʻquvchilarni oʻzlashtirish va darslardagi ishtiroki koʻrsatkichlari toʻgʻrisida xabardor qilib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirilishi koʻzda tutilgan oʻquvchilarning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) yashash manzili va fuqarolar yigʻiniga ushbu masalani Komissiyada koʻrib chiqish vaqti koʻrsatilgan holda taʼlim muassasasi direktorining rasmiy xabarnomasi yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Kursda qoldirilayotgan oʻquvchilarning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) va fuqarolar yigʻini vakili Komissiya ishida ishtirok etmaganliklari Komissiya ishining toʻxtatilishiga yoki tegishli xulosalar chiqarmaslikka asos boʻlmaydi.
8. Oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish yuzasidan har yili oʻquv yili yakuni boʻyicha 1-iyulga qadar Komissiya quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
tegishli kursni tamomlash yakunlari boʻyicha akademik qarzdorlikka (oʻzlashtirilmaslikka) ega boʻlgan, kurs ishini topshirmagan, ishlab chiqarish yoki diplom oldi amaliyotlaridan oʻtmagan hamda 3 va undan ortiq fan boʻyicha “qoniqarsiz” yakuniy yillik baho olgan oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻrganadi;
Komissiyaning masʼul kotibi tomonidan bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish koʻzda tutilgan oʻquvchilar roʻyxati shakllantiriladi;
Komissiya bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish koʻzda tutilgan oʻquvchilarning hujjatlarini hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim boshqarmasi bilan kelishib Pedagogik kengashga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Pedagogik kengash taqdim etilgan hujjatlarini oʻrganib chiqib, bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldiriladigan oʻquvchilarga nisbatan tegishli qaror qabul qiladi.
Pedagogik kengash qaroriga oʻquvchilarni oʻqitish kursini tamomlash yakunlari boʻyicha reyting koʻrsatkichi va kurs ishini topshirish natijalari, shuningdek ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyoti natijalari ilova qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Pedagogik kengash qarori asosida oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirish toʻgʻrisida taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻquvchilarni bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirishga asos boʻlgan hujjatlarning asl nusxalari taʼlim muassasasining xodimlar boʻlimi yoki arxivida saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Kursda qoldirilgan oʻquvchilarning shaxsiy hujjatlari oʻquvchi yoki ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ga berilmaydi.
III bob. Bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirilgan oʻquvchilarning qayta oʻqishini rasmiylashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
13. Oʻquvchilarning oʻquv yili boshlangunga qadar qayta oʻqishini rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi arizalari ular taʼlim olayotgan taʼlim muassasasida qabul qilinadi va ushbu arizalar Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
Bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirilgan oʻquvchilarning qayta oʻqishini rasmiylashtirish uchun oʻquvchi voyaga yetmagan boʻlsa, ota-onasi (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan taʼlim muassasasi direktori nomiga ariza beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Taʼlim muassasasining Pedagogik kengashi bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirilgan oʻquvchilarning qayta oʻqishini rasmiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Ushbu qaror asosida taʼlim muassasasi direktorining tegishli buyrugʻi rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur buyruqda oʻquvchilar oʻqiydigan oʻquv kursi, tayyorlov yoʻnalishi va guruh raqami koʻrsatilishi shart.
15. Agar bir yil takroran oʻqitish uchun kursda qoldirilgan oʻquvchini qayta oʻqishini rasmiylashtirish davrida uni oʻqigan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) tugatilgan boʻlsa, oʻquvchining xohishiga koʻra shu taʼlim muassasasidagi mos va turdosh yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha rasmiylashtirish masalasi ham ariza bilan birga taʼlim muassasasi Pedagogik kengashi tomonidan koʻrib chiqilishi va hal etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
IV bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
16. Majburiy taʼlimni davom ettirish uchun oʻquvchilarga toʻsqinlik qilayotgan taʼlim muassasasi rahbarlari, masʼul xodimlar, shuningdek oʻquvchilarning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgardir.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Keyingi tahrirga qarang.
17. Kursda qoldirilishi yoki qayta oʻqishini rasmiylashtirishdan norozi boʻlgan oʻquvchilarning masalasini koʻrib chiqish boʻyicha ularning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tegishli oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasiga yozma murojaat qilishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 11-mart
Madaniyat va sport ishlari vaziri M. XODJIMATOV
2013-yil 11-mart
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A. NURIDINOV
2013-yil 11-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 211-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 02.03.2026-y., 10/26/2450-1/0185-son)