Samarqand viloyati hokimining
Qarori
SAMARQAND ShAHAR HUDUDIDA YOʻNALIShSIZ TAKSILARDA YOʻLOVChI TAShISh XIZMAT TARIFI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Samarqandtrans markazi” tizimidagi yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchi tashuvchi avtokorxonalar tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatini tartibga solish maqsadida “Samarqandtrans markazi”ning 2012-yil 2-iyuldagi 184/5-1-sonli taklifi va viloyat Moliya boshqarmasining 2012-yil 17-avgustdagi 03-3/968-sonli xulosasini inobatga olib qaror qilaman:
1. 2013-yil 1-fevraldan boshlab Samarqand shahrida yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchi tashish transporti xizmatlarining cheklangan tarifi bir yoʻlovchini 1 kilometrga tashish uchun 400 (toʻrt yuz) soʻm miqdorida belgilansin.
2. Viloyat hokimligi Moliya boshqarmasi (A.Karimov), Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi (S.Xolmatov), viloyat Davlat soliq boshqarmasi (H.Shakirov) hamda “Samarqandtrans markazi” (I.Hamrayev)ga yuqorida oʻrnatilgan tariflarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish topshirilsin.
3. Viloyat teleradiokompaniyasi (A.Axmedov), “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” (F.Toshev), “Ovozi Samarqand” (O.Xidirov)larga Samarqand shahrida yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchi tashuvchi transport vositalarining faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda aholiga yaratilayotgan qulayliklarni keng ravishda yoritib borish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari O.Alixodjayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Z.T. MIRZAYEV
Samarqand sh.,
2013-yil 28-yanvar,
21-Q-son