Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING HARBIY PROKURATURASINI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki va qorovullik qoʻshinlari Bosh boshqarmalari hamda Mudofaa vazirligining harbiy okruglari tashkil etilganligi munosabati bilan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, harbiy idoralarda va vazirliklar hamda idoralarning harbiylashtirilgan tarkibiy boʻlinmalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan prokuror nazoratining toʻlaligi va samaradorligini taʼminlash maqsadida:
1. .Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Harbiy prokuraturasi negizida mavjud lavozimlar soni va mehnat haqi fondi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Harbiy prokuraturasi tashkil qilinib, uning tarkibida harbiy okruglarning toʻrtta harbiy prokuraturasi tuzilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi rahbariyati tarkibiga Bosh prokurorning oʻrinbosari — Oʻzbekiston Harbiy prokurori lavozimi qoʻshimcha ravishda kiritilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasining Prokuraturasi (U. Xudoyqulov) ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Harbiy prokuraturasi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (S. Mirsafoyev) Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi (U. Xudoyqulov) bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (H. Tursunov) Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi va uning tarkibiy boʻlinmalarini zarur moliyaviy, moddiy-texnikaviy jihatdan taʼminlasin, shaxsiy tarkibning harbiy xizmatchilar huquqiy maqomi hamda pul va boshqa taʼminotning barcha turlari saqlab qolinsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Nosirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 30-mart,
PF-2277-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 3-son, 81-modda; 2016-y., 32-son, 387-modda)