Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatdoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish toʻgʻrisida
Respublikaga noqonuniy olib kirilgan va qalbakilashtirilgan tovarlarni sotishga qarshi kurashni tashqi savdo faoliyatini tartibga solishning xalqaro amaliyotda umumeʼtirof etilgan usullarini qoʻllash asosida yanada kuchaytirish, mamlakatimiz korxonalari tomonidan ichki va tashqi bozorlarda raqobatdoshli boʻlgan, yuqori sifatli isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda import boʻyicha olib kirilayotgan isteʼmol tovarlari roʻyxati va nomenklaturasini tanqidiy koʻrib chiqib, qabul qilingan maqsadli dasturlar doirasida mamlakatimiz korxonalari tomonidan oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini ishlab chiqarish koʻlamlari va assortimentini kengaytirishni nazarda tutgan holda, bunday tovarlarni olib kirish hajmi va roʻyxatini keskin qisqartish boʻyicha 1-martgacha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga maxsus nazorat identifikatsiya belgilari qoʻyilgan isteʼmol tovarlari roʻyxatini qoʻshimcha ravishda kengaytirish boʻyicha takliflar kiritsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
2013-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirayotgan yoki tranzitini amalga oshirayotgan yuk tashuvchilar chegarani kesib oʻtgan joyidagi bojxona organlariga oʻtkazilayotgan tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni, shu jumladan ularning nomi, miqdori, vazni va yuklar qiymati, shuningdek Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq ularning kodlari haqidagi maʼlumotni taqdim etishlari shart;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-dekabrdagi PF-5287-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2017-y., 06/17/5287/0425-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi avtomobil va temir yoʻl transportida tashiladigan yuklarni puxta bojxona tekshiruvidan oʻtkazishni hamda respublika hududiga tovarlar va qalbakilashtirilgan mahsulotlarni noqonuniy olib kirishga chek qoʻyishni taʼminlagan holda bojxona chegarasi orqali isteʼmol tovarlari olib kirilishi ustidan bojxona nazoratini kuchaytirsin.
Bojxona postlarining rahbarlari ogohlantirib qoʻyilsinki, kelgusida respublika hududiga tovarlarni noqonuniy olib kirish faktlari aniqlangan hollarda ularga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq qatʼiy javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarning legallashtirilishiga qarshi kurashish departamenti Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qalbakilashtirilgan va noqonuniy olib kirilgan tovarlarning chakana savdoda sotilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan aniq qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Tovarlarni noqonuniy olib kirish hamda qalbakilashtirilgan va noqonuniy olib kirilgan mahsulotlarni sotish faktlari aniqlangan taqdirda huquqbuzarlarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish boʻyicha belgilangan tartibda taqdimnomalar kiritilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PF-5223-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2017-y., 06/17/5223/0198-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PF-5223-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2017-y., 06/17/5223/0198-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda mamlakatimizning isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarish korxonalarida ISO — 9001 standartlariga muvofiq sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish grafiklarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun 2013-yil 1-martgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 29-yanvar,
PQ-1913-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 7-son, 85-modda ; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2017-y., 06/17/5223/0198-son; 19.12.2017-y., 06/17/5287/0425-son; 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)