Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
Yoʻlovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 29-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2416]
Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 921-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 247-modda) muvofiq buyuraman:
1. Yoʻlovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-dekabr,
14n-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2012-yil 27-dekabrdagi 14n-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yoʻlovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 921-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 247-modda) muvofiq yoʻlovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalarini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yoʻlovchi — havo transportida tashish shartnomasiga muvofiq havo kemasida tashilayotgan yoki tashilishi lozim boʻlgan shaxs;
havo kemasi ekipaji — havo kemasi komandiri, uchuvchilar tarkibiga kiruvchi boshqa shaxslar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining tashuvchilari tomonidan tashiladigan barcha yoʻlovchilar uchun majburiydir.
II bob. Yoʻlovchining havo kemasi ichidagi yurish-turishi
3. Havo kemasi (bundan buyon matnda HK deb yuritiladi) ichida yoʻlovchi quyidagilarni bajarishga majburdir:
mazkur Qoidalarni, HK komandirining yoki ekipaj aʼzosining havo kemasi komandiri nomidan bergan parvoz va HK ichidagi odamlar xavfsizligini, mol-mulk but saqlanishini, tashish shartnomasini ijro etish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish tartibi va imkoniyatini taʼminlashga doir farmoyishlarini bajarishga;
HK sahnida uchish taloniga, shuningdek zarur boʻlgan hollarda parvoz xavfsizligini taʼminlash maqsadida HK ekipaji aʼzolarining koʻrsatmasiga muvofiq joylashishga;
yuklarini maxsus ajratilgan joylarga joylashtirishga;
“Kamarlarni taqish” tablosi yoqilishi bilan xavfsizlik kamarini taqishga va u oʻchmaguncha yechmaslikka.
4. Yoʻlovchi HK ichida quyidagilarni amalga oshirishi taqiqlanadi:
giyohvand moddalarni, tamaki mahsulotlarini (nosvoy va boshqalarni ham) isteʼmol qilishi, shuningdek elektron sigaretlardan foydalanishi;
tashuvchi tomonidan isteʼmol qilish uchun taklif qilingan belgilangan meʼyordan tashqari, shuningdek boj olinmaydigan savdo doʻkonlaridan sotib olingan alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishi;
uchuvchilar kabinasiga kirishi;
HK ekipaji aʼzolarining xizmat vazifalarini bajarishlarida ularga toʻsqinlik qilishi yoki ularning ishlariga aralashishi;
HKni yurish, koʻtarilish va qoʻnish vaqtida elektron va aloqa vositalaridan foydalanishi;
Keyingi tahrirga qarang.
HKning mol-mulkini (pledlar, yostiqlar, idish-tovoqlar, oshxona jihozlari, elektron vositalar, qutqarish nimchalari va boshqalarni) olib ketishi va shikastlashi;
jamoat tartibini buzishi va zaruratsiz atrofdagilarni bezovta qilishi;
HK ekipaji aʼzolarining tegishli koʻrsatmalarisiz avariya-qutqaruv jihozlarini ishlatishi;
HK ekipaji aʼzolarining ruxsati yoki koʻrsatmalarisiz boshqa joylarga oʻtirishi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. HK ichidagi yurish-turish qoidalari yoʻlovchi tomonidan parvoz xavfsizligiga tahdid tugʻdiradigan yoxud shaxslarning hayotiga yoki sogʻligʻiga va mol-mulkiga tahdid tugʻdiradigan tarzda buzilsa, u bilan tuzilgan tashish shartnomasi tashuvchi tomonidan tashish yoʻnalishining istalgan manzilida bekor qilinishi mumkin.
III bob. Yoʻlovchining huquqlari
6. Yoʻlovchi HK ekipaji aʼzolaridan tashish shartnomasi shartlarida belgilangan xizmatlarning koʻrsatilishini talab qilishga haqlidir.
7. Yoʻlovchi jamoat tartibini buzayotgan, oʻzini yoki boshqa shaxslarni zaruriyatsiz bezovta qilayotgan hamda shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, mol-mulkiga yoki sogʻligʻiga yoxud hayotiga tahdid tugʻdirayotgan yoʻlovchiga taʼsir koʻrsatish talabi bilan HK ekipaji aʼzolariga murojaat qilish, shuningdek xuddi shunday harakatlar qilayotgan HK ekipaji aʼzolari ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Qonun hujjatlariga muvofiq yoʻlovchi boshqa huquqlarga ham egadir.
Keyingi tahrirga qarang.
IV bob. Yakuniy qoidalar
8. Mazkur Qoidalar talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mazkur Qoidalar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori V. TYAN
2012-yil 26-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 5-son, 60-modda; 2016-y., 2-son, 17-modda; 2017-y., 37-son, 1014-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.07.2023-y., 10/23/2416-3/0479-son)