Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qayd etib oʻtilsinki, mamlakatda Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunini hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish doirasida chet tillarga oʻqitishning kompleks tizimi, yaʼni uygʻun kamol topgan, oʻqimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishga, respublikaning jahon hamjamiyatiga yanada integratsiyalashuviga yoʻnaltirilgan tizim yaratildi.
Mustaqillik yillarida 51,7 ming nafardan ziyod chet tillar oʻqituvchilari tayyorlandi, umumtaʼlim maktablarining 5 — 9 sinflari uchun ingliz, nemis va fransuz tillari boʻyicha multimedia darsliklari, boshlangʻich sinflarda ingliz tilini oʻrganish boʻyicha elektron resurslar tayyorlandi, umumtaʼlim maktablarida, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda 5 mingdan koʻproq lingafon kabinetlari jihozlandi.
Shu bilan birga, chet tillarni oʻrganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni koʻrsatmoqdaki, taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilgʻor axborot va media-texnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga toʻliq javob bermayapti. Taʼlim asosan anʼanaviy uslublarda olib borilmoqda. Taʼlim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz oʻrganishni tashkil qilish, shuningdek, oʻqituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy oʻquv-uslubiy materiallar bilan taʼminlash yanada takomillashtirilishini taqozo etadi.
Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻqitishning ilgʻor uslublarini joriy etish yoʻli bilan, oʻsib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga oʻqitish, shu tillarda erkin soʻzlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng koʻlamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2013/2014 oʻquv yilidan boshlab:
respublikaning barcha hududida chet tillarni, asosan, ingliz tilini oʻrganish umumtaʼlim maktablarining birinchi sinflaridan oʻyin tarzidagi darslar va ogʻzaki nutq darslari shaklida, ikkinchi sinfdan boshlab esa, alifbo, oʻqish va grammatikani oʻzlashtirishdan bosqichma-bosqich boshlanadi;
oliy oʻquv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitish chet tillarda olib boriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari va oʻqituvchilarini chet tillar boʻyicha darsliklar va oʻquv-uslubiy komplekslar bilan taʼminlash, ularni belgilangan muddatlarga rioya etilgan holda qayta nashr etish, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining aylanma mablagʻlari hisobidan bepul amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni oʻrganishni kengaytirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi
Dasturga kiritilgan chora-tadbirlar belgilangan muddatlarga muvofiq sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, boshqa vazirliklar, idora va ijrochi-tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Chet tillarni oʻrganishni yanada rivojlantirish boʻyicha doimiy ishlaydigan Muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash deb yuritiladi) 2-ilovaga* muvofiq tarkibda tashkil qilinsin, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti uning ishchi organi etib belgilansin.
* 2-ilova berilmaydi
Muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Ikromov) manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda hamda yetakchi olim va mutaxassislarni jalb etgan holda:
2013-yilning 1-martigacha boʻlgan muddatda har bir taʼlim bosqichida chet tillarni bilish darajasining aniq mezonlarini nazarda tutuvchi yangi taʼlim standartlari tasdiqlanishini taʼminlasin;
2013-yilning 1-mayigacha boʻlgan muddatda umumtaʼlim maktablarining birinchi sinfidan boshlab chet tillar taʼlimini uzluksiz joriy etilishini, shuningdek taʼlimning barcha bosqichlarida uning davomiyligini nazarda tutuvchi umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy oʻquv yurtlarining yangi oʻquv rejalari va dasturlari tasdiqlanishini taʼminlasin;
taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va rejalari, darsliklarni ishlab chiqish, shuningdek, taʼlim jarayonini tashkil etish uchun yetakchi xorijiy oʻquv markazlarini, chet tillar boʻyicha xalqaro ekspertlar va mutaxassislarni jalb etsin;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda chet tillarni oʻqitish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqilishi va kuchaytirilishini, oʻquv yakunlari boʻyicha umumeʼtirof etilgan testlar (imtihonlar) topshirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tarkibida Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tashkil qilinsin, Markaz xodimlarining soni 12 kishiga koʻpaytirilsin va uning vazifalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:
xalqaro eʼtirof etilgan standartlarning talablariga muvofiq chet tillarni bilish darajasini baholashning Milliy test tizimini ishlab chiqish va joriy etish;
oʻrganuvchilarni chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlashni toʻlov asosida test oʻtkazish (jumladan, Internet orqali masofaviy) va davlat namunasidagi tegishli malaka sertifikatini berishni tashkil etish;
oʻrganuvchilarning mustaqil ravishda, chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash uchun, testga tayyorlanishlariga zarur maʼlumotlarni tayyorlash va Internet tarmogʻiga joylashtirish.
Markazning budjetdan tashqari daromadlari hisobidan unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Markazga toʻlov asosida mustaqil ekspertlarni va imtihon oluvchilarni jalb etish huquqi berilsin.
5. Davlat test markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, ikki oy muddatda, 2015/2016 oʻquv yillaridan boshlab, barcha oliy taʼlim muassasalariga kirish testlari blokiga xorijiy tilni kiritish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv muassasalarida chet tillar oʻqituvchilariga zarur ehtiyoji boʻlgan uzoq tumanlar va qishloq aholi punktlarida yashayotgan aholi ichidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining tavsiyanomalari asosida chet tillar oʻqituvchilari ixtisosligiga oliy taʼlim muassasalariga maqsadli qabulni amalga oshirishga ruxsat etiladi;
maqsadli qabul asosida oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan shaxslar, oʻqishni bitirganlaridan soʻng, oʻzlari yashaydigan joylarda joylashgan va mahalliy davlat hokimiyati organlari tavsiyanomalarida koʻrsatilgan taʼlim muassasalarida 5 yildan kam boʻlmagan muddatda olingan mutaxassisliklari boʻyicha ishlab berishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining chet tillar oʻqituvchilari va muallimlariga qonun hujjatlari bilan belgilangan ragʻbatlantiriluvchi toʻlovlar va qoʻshimchalarni hisoblashda, ularning lavozim maoshlari tarkibiga kiritgan holda qishloq joylarda joylashgan taʼlim muassasalarida ularning tarif stavkalariga 30 foiz va boshqa taʼlim muassasalarida 15 foiz stavkalari miqdoridagi har oydagi qoʻshimchalar qoʻshib berishni belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi uch oy muddatda, moliyalash manbalari Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamgʻarmalar, xorijiy kreditlar va xalqaro grantlar, shuningdek, homiylar va xayriyachilar mablagʻlari koʻzda tutilgan holda, 2013 — 2016-yillarda taʼlim muassasalari xorijiy tillar kabinetlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya va oʻqitishning texnik vositalari va anjomlari bilan (qoʻshimcha jihozlash) jihozlashning jadallashtirilgan dasturini ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda uni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, bolalar va yoshlarning manfaatlari hamda qiziqishlarini inobatga olgan holda, quyidagilarni taʼminlasin:
Keyingi tahrirga qarang.
televideniye, shu jumladan mahalliy telekanallar orqali bolalar va oʻsmirlarni xorijiy tillarga oʻrgatish boʻyicha koʻrsatuvlar tayyorlash hamda ularni translyatsiya qilish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyati, jahon ilmi va texnikasiga bagʻishlangan ilmiy-ommabop xorijiy badiiy hamda multiplikatsiyaviy filmlarni oʻzbek tilidagi subtitr yordamida, muntazam koʻrsatib borishni amalga oshirish;
“ZiyoNet” tarmogʻi orqali taʼlim muassasalarining xalqaro taʼlim va bilim olish manbalariga kirish imkoniyatlarini sezilarli orttirish, uning resurs markazini multimediya resurslari, shaxsiy kompyuterlar va mobil uskunalar uchun ilovalar bilan boyitish, shuningdek, ingliz tilida oʻquv va badiiy adabiyotlar, ixtisoslashtirilgan rasmlar bilan bezatilgan gazetalar va jurnallarni chop etish, ularga maxsus ruknlar hamda ilovalarni tashkil qilish.
10. 2013-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha har yili budjet mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar, shuningdek idoraviy meʼyoriy hujjatlarga tegishli oʻzgartishlar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ikromov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 10-dekabr,
PQ-1875-son
(“Xalq soʻzi” gazetasi, 11.12.2012-y., 240 (5660)-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2019-y., 06/19/5759/3385-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)