Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
SAREZ KOʻLI TOShIB KETGAN TAQDIRDA BIRGALIKDA KOʻRILADIGAN ChORA-TADBIRLAR HAMDA OʻZ VAQTIDA XABARDOR QILIShDA KOʻMAKLAShISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
oʻz davlatlarining xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga, Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirishga intilib,
Sarez koʻli toshsa yoki toshish xavfi tugʻilsa, buning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik qilish ikkala davlatning farovonligi hamda bexatarligiga koʻmaklashishini eʼtirof etib,
Sarez koʻlining toshishi va buning oqibatida suv toshqini falokatiga uchragan ulkan zonaning yuzaga kelishi ikkala mamlakat uchun naqadar xavfli ekanini anglab,
oʻz davlatlari ekologik tizimlarining oʻzaro bogʻliq ekanligi Tomonlar oʻrtasida transhududiy favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish va bartaraf etish borasida bahamjihat siyosat olib borishni taqozo etishidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1 -modda
Tomonlar Sarez koʻli toshib ketishi oqibatida yuz berishi mumkin boʻlgan ekologik falokat koʻlamini kamaytirish maqsadida quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
ishonchli kuzatuv hamda oshigʻich xabar berish tizimini ishlab chiqish va tatbiq etish boʻyicha;
roʻy berishi mumkin boʻlgan falokatning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun moʻljallangan organlar va boshqaruv tizimlarining, kuch hamda vositalarning hamisha shay ekanligini aniqlash boʻyicha.
2-modda
Atamalar
Atamalar
Ushbu Bitimda atamalar quyidagi maʼnoda qoʻllanadi:
“soʻrayotgan Tomon”— boshqa Tomonga Sarez koʻlining holati toʻgʻrisida axborot berishni soʻrab murojaat qilgan Tomon;
“taqdim etuvchi Tomon” — boshqa Tomonning Sarez koʻlining ahvoli toʻgʻrisida axborot berishni soʻrab qilgan iltimosini qondiruvchi Tomon;
“aloqa maʼmuriyati” — Tomonlar telekommunikatsiyasi sohasida davlat boshqaruvining maxsus vakolatli organlari;
“favqulodda vaziyat” — odamlarning qurbon boʻlishiga, kishilar salomatligi va atrofdagi tabiiy muhitning izdan chiqishiga, xiyla katta moddiy ziyon koʻrish va odamlarning mehnat sharoitining buzilishiga sabab boʻladigan yoki sabab boʻlgan falokat, xavfli tabiiy hodisa, halokat, tabiiy va boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan vaziyat;
“favqulodda vaziyatning oldini olish” — oldindan va favqulodda vaziyatlar kelib chiqish tavakkalchiligi xavfini maksimum darajada kamaytirishga, shuningdek odamlar sogʻligʻini saqlash, atrof muhitga etadigan ziyon hamda moddiy zarar xavfini kamaytirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar majmui,
“favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish” — favqulodda vaziyat yuz berganida oʻtkaziladigan va odamlar hayotini, ularning sogʻligʻini saqlash, atrof muhitga etadigan ziyon va moddiy zarar koʻlamlarini kamaytirish, shuningdek favqulodda vaziyat zonasini kichraytirish, unga tahdid soladigan omillar faoliyatiga chek qoʻyishga yoʻnaltirilgan avariya-qutqaruv ishlari va boshqa tezkor tadbirlar;
“favqulodda vaziyat zonasi” — favqulodda vaziyat yuzaga kelgan hudud.
3- modda
Vakolatli organlar
Vakolatli organlar
Quyidagilar ushbu Bitimni bajarishda Tomonlarning vakolatli organi hisoblanadi:
Oʻzbekiston Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Tojikiston Tomonidan — Tojikiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Boshqa vakolatli organ tayinlansa, Tomonlar bir-biriga diplomatik kanallar orqali bu toʻgʻrida xabarnoma yoʻllaydilar.
4- modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Tomonlarning ushbu Bitim doirasidagi hamkorligi quyidagilarni koʻzda tutadi:
kuzatuv va shoshilinch xabar qilishning ishonchli lokal tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish;
Sarez koʻli toshib ketishi oqibatida yuz berishi mumkin boʻlgan hodisalarning deformatsion, seysmologik va gidrometeorologik monitoringini tashkil etish hamda amalga oshirish;
Sarez koʻli toshib ketishi oqibatida yuz berishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatni taxminlash, Sarez koʻli tabiiy toʻgʻonini birgalikda monitoringini tashkil etish hamda amalga oshirish;
Sarez koʻli toshib ketishining atrof muhit va aholi uchun xavf tugʻdirishini baholash yuzasidan oʻzaro axborot almashish;
Sarez koʻli muammolariga oid ilmiy tadqiqot loyihalarini birgalikda rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish, ilmiy-texnikaviy adabiyot hamda tadqiqiy ish natijalarini almashish;
birgalikda konferensiyalar, seminarlar, ish kengashlari, mashgʻulot hamda mashqlar oʻtkazish;
qoʻshma publikatsiya va maʼruzalar tayyorlash;
Tomonlar vakolatli organlarining hamjihat ishlashini taʼminlash;
Taqdim etuvchi Tomonning Sarez koʻli toshib ketishi va favqulodda vaziyatning yuzaga kelish xavfi toʻgʻrisida oʻz vaqtida soʻrayotgan Tomonni xabardor qilishini tashkil etish;
suv bosishi ehtimol boʻlgan joylarda xabar berishning lokal tizimlarini barpo etish tadbirlarini rejalashtirish va oʻtkazish;
Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida kelishilgan holda fuqarolik himoyasi (mudofaasi) hamda Sarez koʻlining toshib ketishi yoki toshishi xavfi tufayli yuzaga keladigan favqulodda vaziyatning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi boshqa faoliyat.
5- modda
Tashkilotlar va muassasalar oʻrtasida hamkorlik
Tashkilotlar va muassasalar oʻrtasida hamkorlik
Zarur hollarda Tomonlar Sarez koʻli muammolariga aloqador favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xabar berish va bartaraf etish sohasida faoliyat yuritayotgan davlat muassasalari hamda tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
6- modda
Qoʻshma komissiya
Qoʻshma komissiya
Ushbu Bitimni bajarish yuzasidan tadbirlarni amalga oshirish uchun Tomonlarning vakolatli organlari Sarez koʻli muammolariga bogʻliq favqulodda vaziyatning oldini olish va oʻz vaqtida xabar berish sohasida hamkorlik boʻyicha Qoʻshma komissiya tuzadilar, uning tarkibi, vazifalari va ish tartibini belgilaydilar.
7- modda
Vakillarni qabul qilish shartlari
Vakillarni qabul qilish shartlari
Agar Tomonlar boshqacha kelishib olmagan boʻlsalar, boshqa Tomonning ushbu Bitimda koʻzda tutilgan faoliyatda ishtirok etish uchun va favqulodda vaziyatlarni tugatishga bevosita bogʻliq boʻlmagan vakillarini qabul qiluvchi Tomon ularning oʻz davlati hududida boʻlishi va yurishi xarajatlarini koʻtaradi. Qabul qiluvchi Tomon davlati hududiga va uning hududidan qaytib kelish xarajatlarini yuboruvchi Tomon toʻlaydi.
8-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
Tojikiston Tomoni har hafta, Sarez koʻli mintaqasida favqulodda vaziyat yuzaga kelgan holda esa ahvol va Favqulodda vaziyatning kelib chiqish fakti toʻgʻrisida shoshilinch axborotni Oʻzbekiston Tomoniga taqdim etadi.
Axborot Tomonlarning vakolatli organlari liniyasi orqali uzatiladi.
Tomonlarning vakolatli organlari Sarez koʻlining toshib ketishiga bogʻliq ravishda favqulodda vaziyat tahdid solgan va yuzaga kelganda xabar berish hamda kundalik faoliyat tartibi toʻgʻrisida qoʻshma yoʻl-yoʻriq ishlab chiqadilar.
Tomonlar Sarez koʻli tevaragidagi vaziyatga oid axborotni bir-birlariga soʻrov boʻyicha ham, oʻz tashabbuslariga koʻra ham taqdim etadilar.
9-modda
Xalqaro aloqaning simli va radiokanallaridan foydalanish
Xalqaro aloqaning simli va radiokanallaridan foydalanish
Sarez koʻlining toshib ketish xavfi yuzaga kelsa, Tomonlarning vakolatli organlari aholini maxsus avtomatlashtirilgan xabar berish tarmogʻini barpo etish va zarurat tugʻilsa Tomonlarning magistral hamda zonalar ichidagi ijaraga olingan maʼmuriy aloqa kanallaridan qisman foydalanish orqali xabardor qilish choralarini koʻradilar.
10 modda
Axborotdan foydalanish
Axborotdan foydalanish
Tomonlar davlatlarining qonunlariga binoan oshkor qilinmaydigan axborotdan tashqari, ushbu Bitim doirasida olingan axborot, agar Tomonlarning vakolatli organlari yozma ravishda boshqacha kelishgan boʻlmasalar, eʼlon qilinadi va undan oddiy amaliyot hamda Tomonlardan har birining koʻrsatmasiga muvofiq foydalaniladi.
11-modda
Bahslarni hal etish
Bahslarni hal etish
Ushbu Bitimni talqin etish va qoʻllash yuzasidan kelib chiqqan bahslar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
12-modda
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan, ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va uning tarkibiy qismi hisoblanadi.
13-modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitimning muddati cheklanmagan. Tomonlardan har biri yozma ravishda xabar berib uning faoliyatini toʻxtatishi mumkin.
Ushbu Bitimning faoliyati Tomonlardan biri uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarordan xabardor qilingan sanadan olti oy oʻtgach toʻxtatiladi.
Ushbu Bitim faoliyatining toʻxtatilishi, agar Tomonlar boshqacha kelishgan boʻlmasalar, unga muvofiq amalga oshirilayotgan, boshlangan, ammo uning amal qilishi toʻxtatilgunicha yakunlanmagan faoliyatga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida, 2000-yil 30-mayda ikki nusxada, oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)