Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
hamjihatlik memorandumi
QIShLOQ XOʻJALIGIGA OID TADQIQOTLAR HAMDA TAʼLIM SOHASIDA
2000-yil 2-may, Dehli
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashish niyatida,
qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasida texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida hamjihatlikka erishdilar:
1-modda
Tomonlar oʻz milliy qonunlariga muvofiq ravishda ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashish va uni rivojlantirishga ahdlashdilar.
Vakolatli organlar qilib Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Hindiston Respublikasi Hukumati nomidan Qishloq xoʻjaligi vazirligining Qishloq xoʻjaligiga oid tadqiqotlar va taʼlim departamenti tayinlanadi.
2-modda
Bogʻdorchilik, urugʻchilik, baliqchilik, paxtachilik, sabzavotchilik, oʻsimliklar himoyasi, chorvachilik, qishloq xoʻjaligi sohasidagi taʼlim, qishloq xoʻjaligi texnikasi hamda tabiiy resurslarni boshqarish yuzasidan qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari hamkorlikning ustuvor sohalari (biroq bu bilan cheklanilmaydi) boʻlib hisoblanadi.
3-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi hamkorlik quyidagicha amalga oshiriladi:
a) oʻqitish, malaka oshirish va konsultatsiya maqsadida olimlar va texnologlarni almashish;
b) homila plazmasi va genetik materiallarni almashish;
v) ilmiy asarlar, axborot va ilmiy metodologiyani almashish.
4-modda
Ushbu Hamjihatlik memorandumi hamkorlikda ishlab chiqiladigan, Tomonlardan har birining hamkorlikka ishtiroki dasturiga muvofiq faoliyat yoʻnalishlari koʻzda tutilgan har yillik ish rejalarining bajarilishi orqali amalga oshiriladi. Bu ish rejalarini Tomonlardan har biri ishlab chiqishi mumkin, ammo uni amalga oshirish uchun ikkala Tomonning tasdiqlashi lozim boʻladi.
5-modda
Ushbu Hamjihatlik memorandumiga muvofiq yaratilgan ilmiy ixtirolar ikkala Tomonning birgalikdagi roziligiga koʻra eʼlon qilinishi mumkin. Yillik hisobotlardan tashqari, nashr etish ishlari birgalikda yoki alohida ravishda boʻlishi mumkin. Agar Tomonlar nashr etish metodi yuzasidan kelisha olmasalar, istalgan Tomon chop etish moʻljallanayotgan qoʻlyozmani boshqa Tomonga koʻrsatib, u bildirgan barcha izoh va takliflarni koʻrib chiqqach, tadqiqot natijalari eʼlon qilinishi mumkin.
6-modda
Ushbu Hamjihatlik memorandumi hamda yillik ish rejalarini bajarish maqsadida olimlar/ekspertlarning tashrifi yuzasidan ikkala Tomon quyidagi moliyaviy muddat va shartlarga rozidirlar:
1) Yuborayotgan Tomon barcha xalqaro kelish-ketish yoʻl xarajatlarini qoplaydi.
2) Qabul qiluvchi Tomon quyidagi chiqimlarni oʻz boʻyniga oladi:
a) ovqatlanish, yashab turish va kommunal xizmatlar,
b) mamlakat ichida qatnov xarajatlari,
v) tarjimonga haq toʻlash, tibbiy xizmat va h.lar chiqimi.
3) Yuborayotgan Tomon, shuningdek qabul qiluvchi Tomonga nashr etish uchun publikatsiya va bosma materiallarni yuborish xarajatlarini koʻtarishga masʼul boʻladi. Ammo qabul qiluvchi Tomon tovarlar va ular uchun zarur boshqa narsalarni tashish xarajatlarini oʻz boʻyniga oladi.
4) Yuborayotgan Tomon ovqatlanish uchun ketgan xarajatlarni oʻz normalariga muvofiq toʻlaydi.
7-modda
Ushbu Hamjihatlik memorandumining Tomonlari Ushbu Hamjihatlik memorandumiga oʻzaro kelishuv asosida oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
8-modda
Ushbu Hamjihatlik memorandumi imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi. U besh yil muddat ichida amal qiladi. Shundan soʻng Tomonlardan hech qaysisi boshqa Tomonni uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatidan yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilish muddati besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayadi. Bu holda esa Hamjihatlik memorandumining faoliyati shunday xabarnoma olinganidan keyin bir oy oʻtgach toʻxtatiladi. Agar boshqa ahdlashuvga erishilgan boʻlmasa, ushbu Hamjihatlik memorandumi faoliyatining toʻxtatilishi ayrim dasturlarning faoliyati yoki faoliyat muddatiga taʼsir qilmaydi.
Dehli shahrida, 2000-yil 2-mayda ikki nusxada, oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda har xilliklar kelib chiqsa, ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)