Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Afgʻoniston Oʻtish Islom Davlati Hukumati oʻrtasida
anglashuv Memorandum
Transport aloqalarini rivojlantirish toʻgʻrisidagi kelishuvlar haqida
2003-yil 24 — 29-oktabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining taklifiga binoan Afgʻoniston Transport vaziri Sayid Muxammad Ali Jovid boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonda boʻldi. Tashrif davomida delegatsiya quyidagi vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi:
R. Yunusov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari;
S. Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri;
O. Ramatov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat aksionerlik kompaniyasi raisi;
V. Tyan, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori;
A. Abduvaliyev, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi raisi.
Muzokara natijasida quyidagi masalalar boʻyicha oʻzaro hamjihatlikka erishildi:
I. Tomonlar Afgʻoniston Oʻtish Islom Davlati, Eron Islom Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentlari tomonidan imzolangan xalqaro transport koridori toʻgʻrisidagi (18-iyun 2003-yil Tehron shahri) Bitim asosida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlar yana bir yuqori pogʻonaga koʻtarganligini taʼkidlab oʻtishdi.
II. Mazkur Bitim hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov va Afgʻoniston Oʻtish Islom Davlati Prezidenti X.Karzay oʻrtasidagi muzokaralarni amalga oshirish maqsadida:
1. Ikki davlat transport kommunikatsiyalari sohasidagi qurilish ishlarini kengaytirish maqsadida tomonlar ikki oy mobaynida Termiz va Mozori-Sharif shaharlarida ikki tomon davlatlari avtotransport muassasalarining vakolatxonalarini ochishadi.
2. Oʻzbekiston tomoni oʻzining texnik yordami bilan Hayraton temir yoʻl bekatini qurish va temir yoʻl shoxobchasini qayta qurish ishlariga rozilik bildiradi. Amalga oshiriladigan ishlarning aniq hajmlari boʻyicha afgʻon tomoni Oʻzbekiston tomoniga oʻz takliflarini beradi.
3. Tomonlarning milliy aviakompaniyalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka erishishga qiziqish katta ekanligini taʼkidlashdi. Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston tomoniga uchuvchilar va muhandislarni tayyorlash, hamda havo kemalarini taʼmirlashga tayyor ekanligini bildirdi.
4. Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston Oʻtish Islom Davlati avtotransport korxonalariga texnik yordam koʻrsatish masalasiga oid afgʻon tomonining takliflarini oʻrganib chiqadi.
5. Oʻzbekiston afgʻon tomonining avtotransport vositalarining texnik xizmatchilari va haydovchilarini, shuningdek lokomotiv haydovchilari, temir yoʻl uchun muhandis texniklar va xizmatchilarni tayyorlash va oʻqitishga oid takliflarini ekspertlar darajasida oʻrganib chiqishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi.
6. Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston yoʻnalishi boʻyicha TRASEKA dasturini rivojlantirishga oid boʻlgan aniq takliflar berishda amaliy yordam beradi.
7. Afgʻoniston tomoni Hayraton portidagi yuk koʻtarish kranlarini va boshqa texnikalarni taʼmirlashda yordam koʻrsatilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga murojaat etishini maʼlum qildi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralar oʻzaro anglash va doʻstona kayfiyatda oʻtdi.
Ushbu Memorandum Toshkent shahrida 2003-yil 29-oktabr kuni, ikki nusxada oʻzbek, dariy va ingliz tillarida imzolandi. Bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)