Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
BOJXONA IShLARIDA HAMKORLIK VA OʻZARO KOʻMAKLAShISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida savdo va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish zarurligini eʼtiborga olib,
bojxona qoidalarining buzilishini nazorat qilish hamda unga qarshi kurashda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va oʻzaro koʻmaklashishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda.
Ushbu Bitimda qoʻllanadigan atamalar quyidagi maʼnoni anglatadi:
“bojxona qonunlari” — ikki mamlakatda bojxona organlari tomonidan qoʻllanilayotgan yoki qoʻllanadigan bojxona qonunlari va qoidalar;
“bojxona organlari” — Oʻzbekiston Respublikasida -Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi; Misr Arab Respublikasida — Misr Arab Respublikasi Bojxona maʼmuriyati;
“bojxona huquqbuzarligi” — bojxona qonunlarini buzish yoki buzishga urinish;
“nazorat uchun yetkazib berish” — Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining ruxsati va nazorati bilan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar va boshqa tovarlarni noqonuniy yurgizishda ishtirok etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida ular davlatlarining hududiga yoki bu hudud orqali noqonuniy yoxud gumon qilinayotgan tovarlar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar yoinki ular oʻrnini bosuvchi moddalarni olib kirish, olib chiqish va tranzit oʻtkazishga yoʻl qoʻyish metodi;
“giyohvandlik vositalari” — giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida BMTning 1961-yildagi Yagona Konvensiyasida qabul qilingan va keyinchalik toʻldirilgan roʻyxatga kiritilgan moddalar;
“psixotrop moddalar” — psixotrop moddalar toʻgʻrisida BMTning 1961-yildagi Konvensiyasi tomonidan qabul qilingan va keyinchalik toʻldirilgan roʻyxatiga kiritilgan moddalar.
2-modda.
Ushbu Bitimni bajarish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar yuk, yoʻlovchilar va pochta joʻnatmalari, valyutalar va boshqa mollarni bojxona nazoratidan oʻtkazishni tezlashtirish uchun barcha zarur choralarni koʻradilar.
3-modda.
Tovarlarni davlatlarning hududi orqali tranzit oʻtkazish, shuningdek tranzit oʻtayotgan yoʻlovchilarning bagaji, qoʻl yukini bojxona nazoratidan oʻtkazish har qaysi davlatning tegishli qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
4-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar yuklar, transport vositalari, yoʻlovchilar, pochta joʻnatmalari va boshqa mollarning oʻz tegishli mamlakatlarining bojxona chegaralaridan bexatar oʻtkazilishini taʼminlaydilar.
5-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari boshqa Tomonning pochta joʻnatmalari, yuk va transport vositalaridagi bojxona hujjatlari, bojxona taniqlik belgilari (muhrlar, shtamplar) va boshqa ramziy imzolarni oʻzaro eʼtirof etadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim.kuchga kirganidan soʻng bir oy ichida ushbu moddada qayd etilgan bojxona hujjatlari va bojxona taniqlik vositalarining namunalarini almashadilar.
6-modda.
Tomonlar bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunlarida olib kirish taqiqlangan tovar va ashyolarni olib kirish taqiqiga amal qiladilar.
Bunday tovar va ashyolarni olib kirish hollari yuz bergan boʻlsa, agar boshqa Ahdlashuvchi Tomon shunday soʻrov bilan murojaat qilgan hollarda ular bojxona hujjatlariga taqiq belgisi qoʻyib boshqa Ahdlashuvchi Tomonga qaytarib yuboriladi.
7-modda.
Agar bir Tomon hududiga tovarlar, transport vositalari, pochta joʻnatmalari, valyuta va valyuta qiymatlari noqonuniy ravishda olib kirilgan boʻlsa, ularga ayni tovar va mollar turgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona qonunlarida koʻzda tutilgan choralar qoʻllanadi.
8-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlarida amalda boʻlgan qonun va qoidalarga muvofiq, ushbu Bitim doirasida kontrabanda hamda bojxona huquqbuzarligining oldini olish, taftish qilish, shuningdek giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy yurgizishda hamkorlik qiladilar.
Taqdim etilgan axborot, ogʻzaki yoki yozma shaklda boʻlishidan qatʼi nazar, maxfiy hisoblanadi.
9-modda.
Tomonlar soʻrovga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan bir Ahdlashuvchi Tomon hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari, shuningdek noqonuniy oʻtkazilgan shaxslar, yuklar, transport vositalari va pochta joʻnatmalari xususida axborotni taqdim etadilar.
10-modda.
Soʻralayotgan bojxona organi soʻrovga binoan soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qiladigan bojxona qonunlarini buzadigan yoki buzishda gumon qilinadigan xatti-harakatlar yuzasidan rasmiy soʻrovlarni amalga oshiradi. Bunday soʻrovlarning natijalari soʻrayotgan bojxona organiga joʻnatiladi.
Bunday soʻrovlar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalda boʻlgan qonunlarga binoan amalga oshiriladi. Bunda soʻralayotgan bojxona organi oʻzi uchun harakat qilayotgandek faoliyat koʻrsatadi.
Bir Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining vakillari ushbu Bitim doirasida boshqa Tomon davlati hududida boʻlganlarida oʻz rasmiy vakolatining tasdigʻini koʻrsata olishlari lozim.
Ular forma kiyishlari va qurol olib yurishlari mumkin emas.
11-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitimni bajarishga bogʻliq xarajatlar qoplanishini talab etmaydilar, guvohlar, ekspertlar, tilmochlar va tarjimonlarga toʻlanadigan xarajatlar bundan mustasno.
12-modda.
Tomonlardan birining sudi yoki maʼmuriy organlari ular tomonidan bojxona qonunlarining buzilishiga doir ish koʻrib chiqilayotganligi munosabati bilan soʻrov yoʻllasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi ana shunday sud yoki maʼmuriy tekshiruvlarida ekspert yoinki guvoh sifatida qatnashish uchun oʻz mansabdor shaxslarini vakil qilishi mumkin. Bu mansabdor shaxslar oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida aniqlagan faktlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradilar. Bunday ishtirok etish toʻgʻrisidagi soʻrovnomada mansabdor shaxsning qaysi ish yuzasidan kim sifatida qatnashishi aniq koʻrsatilishi kerak.
Guvoh yo ekspert sifatida chaqirilgan mansabdor shaxs, agar oʻz davlatining yoki soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunlari bunga yoʻl qoʻysa, guvohlik koʻrsatmalarini berish yoki arz qilishdan voz kechish huquqiga ega.
13-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar milliy qonunlar hamda ushbu Bitim doirasida giyohvandlik vositalarini noqonuniy yurgizishga qarshi samarali kurashish maqsadida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar yuzasidan “nazorat qilinadigan yetkazib berish” metodini qoʻllaydilar.
14-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlar milliy qonunlar hamda ushbu Bitim doirasida madaniy qadriyatlarni noqonuniy olib chiqish va olib kirishga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar. Tomonlarning bojxona organlari bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan olib kirilgan madaniy qadriyatlarni bir-birlariga qaytarib beradilar.
15-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari oʻz milliy qonunlariga muvofiq, oʻz davlatlarining bojxona qonunlari toʻgʻrisidagi axborotni almashib turadilar.
Ushbu Bitim doirasida axborot almashish ingliz tilida yoki Tomonlarning bojxona organlariga oʻzaro maqbul boshqa biron tilda amalga oshiriladi.
16-modda.
Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari zarur hollarda ushbu Bitimni bajarishning borishini baholash hamda bojxona huquqbuzarligiga doir ishlarni tekshirishda tajriba almashish uchun maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashuvlarning muddati Tomonlarning bojxona organlari oʻrtasida qoʻshimcha ravishda oʻzaro belgilanadi.
Ushbu Bitim qoidalarini bajarish, shuningdek unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlar yoki ularning bojxona organlari bu masalalar borasida qoʻshimcha bayonnomalar tuzadilar, ular ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadi.
17-modda.
Ushbu Bitimni bajarish yoki uni talqin qilish yuzasidan kelib chiqadigan barcha bahsli masalalar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida muzokara oʻtkazish orqali hal etiladi.
18-modda.
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning uni kuchga kiritish uchun zarur davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali bergan oxirgi bildirishnomasi olingan sanadan 30 kun oʻtgach kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomondan uning ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish niyatida ekanini bildiruvchi xabarnoma olganidan keyin olti oy oʻtgunicha amal qiladi.
Toshkent shahrida, 2001-yil 19-iyunda ikki nusxada, oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin etishda kelishmovchilik yuzaga chiqqan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)