Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Quvayt Davlati Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
IKKI TOMONLAMA MASLAHATLAShUVLAR OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Quvayt Davlati Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik va doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashish istagida,
ikki tomonlama aloqalarning barcha sohalarida, mintaqaviy va global masalalar, shuningdek xalqaro maydonda hamkorlikni mustahkamlashga hissa qoʻshishda ularning munosabatlari samimiy ekanligiga ishonch bildirib,
1961-yildagi Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasiga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1 -modda
Tomonlar yuqori darajadagi mansabdor shaxslari oʻrtasida muntazam maslahatlashuvlarni (bundan keyin “Maslahatlashuvlar” deb ataladi) tashkil qiladilar.
Maslahatlashuvlar Tomonlar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish yoʻllari hamda oʻzaro qiziqish uygʻotadigan xalqaro masalalarni muhokama etish uchun olib boriladi.
2- modda
1. Maslahatlashuvlar yilda bir marta yoki zarurat yuzasidan undan koʻp marotaba navbatma-navbat bilan Oʻzbekistonda va Quvaytda, yoki xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalar oʻrtasida yoki xalqaro anjumanlar davomida oʻtkazilishi mumkin.
2. Maslahatlashuvlar yoki uchrashuvlarning kun tartibi diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
3- modda
Agar Tomonlar oʻzgacha kelishib olmasalar, maslahatlashuvlar natijalari oshkor etilmaydi.
4- modda
Tomonlar umumiy manfaatga ega boʻlgan oʻziga xos yoʻnalishlardagi masalalarni muhokama qilish uchun ishchi guruhlari yoki ekspertlar uchrashuvlarini tashkil qilishlari mumkin.
5- modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Anglashuv Memorandumiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
6- modda
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan kuchga kiradi.
2. Ushbu Anglashuv Memorandumi, Tomonlardan biri ushbu Anglashuv Memorandumini bekor qilish toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmaguncha, oʻz kuchini saqlab qoladi.
Toshkent shahrida 2007-yil 6-iyunda, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)