OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN BRAZILIYAFEDERATIV RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Madaniy hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Braziliya Federativ Respublikasi Hukumati (bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar),
madaniy hamkorlik ikki davlat oʻrtasida doʻstlik rishtalari va oʻzaro yaqinlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshishiga, shuningdek ular oʻrtasidagi bilim darajasini koʻtarishiga ishonib,
madaniyat sohasidagi munosabatlarni yaxshilash istagiga tayanib,
ikki davlatda madaniy boyliklarni targʻib qilish muhimligini tan olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki davlat oʻrtasida oʻz madaniyatlarini oʻzaro tanishtirish va tarqatish uchun xizmat qilishi mumkin boʻlgan faoliyatlarni rivojlantirish maqsadida, jamoat va xususiy madaniyat muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
2-modda
Tomonlar lingvistik, etnik va madaniy xilma-xillikni hisobga olgan xolda har bir davlatning umumiy madaniyatini oʻqitish hamda bilim darajasini kengaytirish va imkoniyat tugʻdirish uchun harakat qiladilar.
3-modda
Tomonlar tasviriy sanʼat, musiqa, teatr, raqs, kino, muzey va arxiv ishi sohasida tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
4-modda
1. Tomonlar muzeylar oʻrtasida ommalashtirishni ragʻbatlantirish va madaniy obyektlar bilan almashinuvni yoʻlga qoʻyish maqsadida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatishda koʻmaklashadilar.
2. Bundan tashqari, Tomonlar madaniy merosni qayta tiklash, saqlash va muhofaza qilish sohalarida tajriba almashish va hamkorlik qilishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
5-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligi hamda ular ishtirok etadigan ushbu sohaga taalluqli xalqaro hujjatlarga muvofiq, oʻz madaniy merosiga tegishli boʻlgan buyumlarni noqonuniy import, eksport hamda oʻtkazishni oldini olish boʻyicha kerakli chora-tadbirlarni koʻradilar.
6-modda
Tomonlar oʻz adabiy asarlarini ragʻbatlantirishga qaratilgan kitoblarni tarjima qilish bilan bogʻliq loyihalar, yozuvchilar uchun almashinuv dasturlari hamda kitob yarmarkalarida ishtirok etish kabi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda
1. Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq kutubxonalar va arxivlar oʻrtasida axborot, kitoblar va nashrlar almashish yoʻli bilan hamkorlikni mustahkamlaydilar.
2. Shuningdek, Tomonlar bibliografik merosni qayta tiklash, konservatsiyalash hamda targʻib qilish, qadimiy qoʻlyozmalarni saqlash va qayta tiklash ishlarida hamda yangi axborot texnologiyalar sohalarida tajriba almashishda koʻmaklashadilar.
8-modda
Tomonlar ikki davlat madaniyatlarini targʻib qilishni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi mahsulotlarni tarqatish maqsadida radioeshittirish, kino va televideniye sohalarida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
9-modda
Tomonlar oʻz madaniyat tashkilotlari oʻrtasida maʼlumot almashinuvini jadallashtirish hamda qoʻshma loyihalarni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
10-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligi hamda ular ishtirok etadigan xalqaro hujjatlarga muvofiq mualliflik va turdosh huquqlarini hamda ularning har xil koʻrinishlarda himoyasini taʼminlash boʻyicha hamkorlik va maʼlumot almashishda koʻmaklashadilar.
11-modda
Tomonlar ushbu Bitimni samarali amalga oshirishga xizmat qiladigan faoliyati madaniy aloqalar mexanizmlarini mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan nodavlat va xususiy tashkilotlarning ishtirokini qoʻllab-quvvatlaydilar.
12-modda
Tomon madaniy hamkorlik loyihalari rasmiy ishtirokchilarining kelishi, vaqtinchalik yashashi va joʻnab ketishi uchun zarur sharoitlar yaratib beradi. Mazkur ishtirokchilar qabul qiluvchi davlat milliy xavfsizligi, sanitariya va migratsiya normalariga rioya qilishlari lozim hamda tegishli hokimiyat ruxsatisiz boshqa faoliyat bilan shugʻullanmaydilar.
13-modda
1. Tomonlar madaniy hamkorlik loyihalarida foydalaniladigan har qanday asbob-uskuna va materiallarni olib kirish va olib chiqish bilan bogʻliq barcha maʼmuriy hamda nazorat ishlarini oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradilar.
2. Madaniy koʻrgazmalar uchun olib kelinadigan tovarlarni maxsus vaqtinchalik ruxsat tizimida davlatga import qilish mumkin. Ushbu Bitim bilan belgilangan immigratsiya, import va eksport shartlari Tomonlar hududlarida amalda boʻlgan qonun va normalar bilan cheklanishi mumkin.
14-modda
1. Ushbu Bitim Tomonlardan birining boshqa Tomonni ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarni bajarganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnomani olgan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh yil davomida amal qiladi. Agar Tomonlardan biri Bitim muddati tugashidan 6 (olti) oy oldin uning amal qilishini toʻxtatish istagi haqida yozma ravishda bildirmasa, Bitim oʻz-oʻzidan navbatdagi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
3. Ushbu Bitimga oʻzgartishlar diplomatik kanallar orqali Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida kiritiladi.
4. Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi amalga oshirilayotgan har qanday dastur va loyihalarni tugatishga taʼsir qilmaydi.
5. Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday nizolar diplomatik kanallar orqali Tomonlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar yoʻli bilan doʻstona hal etiladi.
Braziliya shahrida 2009-yil 28-may kunida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, portugal va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelganda ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)