Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
TURIZM SOHASIDA HAMKORLIK QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati (bundan keyin alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
turizmni tenglik va oʻzaro foydali asosda rivojlantirish istagida,
ikki mamlakat oʻrtasida turizmni rivojlantirishga va bu sohada hamkorlikka yoʻnaltirilgan 1988-yil 5-dekabr kuni Kuala-Lumpurda imzolangan Anglashuv Memorandumi va 1992-yil 20-iyun kuni imzolangan madaniy va ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida Bitimdan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Hamkorlik maqsadlari
Hamkorlik maqsadlari
Tomonlar ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalari va har ikki mamlakat qonun hujjatlariga hamda milliy siyosatiga amal qilib, turizm sohasida hamkorlikni oʻzaro manfaatdorlik va tenglik asosida quyidagilar orqali mustahkamlaydilar, jadallashtiradilar va rivojlantiradilar:
(a) ikki mamlakatga jahonning boshqa mamlakatlaridan Oʻzbekiston Respublikasi orqali va/yoki Malayziya orqali turistik safarlarni koʻpaytirish;
(b) ikki mamlakatning turli turistik obyektlari va diqqatga sazovor joylariga turistik safarlarni yanada kengroq yoyishni ragʻbatlantirish;
(v) ikki mamlakat fuqarolarining oʻzaro tashriflarini ragʻbatlantirish;
(g) ikkala mamlakatda turizm industriyasining sogʻlom rivojlanishini ragʻbatlantirish.
2-modda
Hamkorlik sohalari
Hamkorlik sohalari
Tomonlar oʻz davlatlarining tegishli qonun hujjatlari doirasida turizm faoliyatini rivojlantirish va unga hamjihatlik qilish yoʻlida quyidagi sohalarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
a) tegishli tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik.
Tomonlar turizm sohasiga, ayniqsa qurilish, jihozlash va mehmonxona boshqaruviga aloqador tashkilot va firmalar oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni ragʻbatlantiradilar. Tomonlar oʻz moliyaviy imkoniyatlarini inobatga olgan holda shunday munosabatga tegishli hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
b) reklama materiallari.
Tomonlar televideniye va kino orqali yoritilishi mumkin boʻlgan turistik reklama mahsulotlari, jumladan televizion filmlar va audio-video materiallar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
v) maʼlumotlar bilan almashish.
Tomonlar turizm sohasiga oid maʼlumotlar bilan birga oʻzaro mutaxassislar almashuvi sohasida hamkorlik qiladilar.
g) turizm investitsiyalari.
Tomonlar turizm sektoriga investitsiyalarni jalb qilishning qoʻshma hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganadilar va shu maqsadda tajriba almashadilar, shuningdek, oʻz milliy qonunchiliklari tomonidan belgilangan investitsiyalash shartlari, jumladan ikkala davlatda investitsiyalar uchun mavjud boʻlgan imkoniyatlar boʻyicha bir-birlarini xabardor etib turadilar. Tomonlar ikkala mamlakatning turizm sohasidagi tegishli va vakolatli tashkilotlariga hamjihatlik qiladilar, qoʻshma korxonalar tashkil etadilar yoki boshqa sarmoyaviy loyihalarni amalga oshiradilar.
d) xalqaro hamkorlik.
Tomonlar xalqaro turizm, jumladan xalqaro turistik tadbirlarda ishtirok etish sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha fikr almashib turadilar.
e) taʼlim va oʻqitish.
Tomonlar oʻz vakolatli idoralari va tegishli tashkilotlari orqali turizm sohasida kadrlarni, ayniqsa turizm industriyasida band boʻlgan xodimlarni tayyorlashda oʻzlarining texnikaviy hamkorliklarini kengaytiradilar.
3-modda
Memorandumni qoʻllash
Memorandumni qoʻllash
1. Tomonlar maslahatlashuvlar oʻtkazish va ikkala mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi oʻzaro manfaatli va foydali masalalar boʻyicha hamkorlikni yengillashtirish uchun har bir Tomonning imkoniyatlarini hisobga olgan holda Qoʻshma komissiya (bundan buyon “Komissiya” deb ataladi) tashkil etadilar.
2. Komissiya yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarni amalga oshirish yoʻllari va vositalarini ishlab chiqadi, shuningdek oʻz qaror va/yoki tavsiyalarining toʻgʻri muvofiqlashtirilishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi.
3. Komissiya tarkibi va protseduralari Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida belgilanadi.
4. Komissiya har bir Tomonning xohishiga binoan quyidagi masalalarni hal qilish maqsadida Malayziya yoki Oʻzbekiston Respublikasida navbat bilan chaqiriladi:
a) ushbu Anglashuv Memorandumining bajarilishi yuzasidan vujudga kelgan masalalarni muhokama qilish;
b) Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yoʻllari va vositalarini belgilash;
v) Tomonlar oʻrtasida yangi hamkorlik sohalarini ishlab chiqish.
5. Komissiya har ikki Tomonga qulay va oʻzaro kelishilgan muddatda chaqiriladi.
6. Komissiyaning qarorlari uchrashuv bayonotiga kiritiladi va har ikki Tomon ushbu qarorlarning bajarilishi uchun zarur choralarni koʻradi.
4- modda
Moliyaviy masalalar
Moliyaviy masalalar
Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasidagi hamkorlik faoliyati xarajatlarini qoplash boʻyicha moliyaviy masalalar Tomonlarning moliyaviy imkoniyatlari va resurslaridan kelib chiqib, har bir holat uchun ular oʻrtasida alohida kelishiladi.
5- modda
Nizolarni hal qilish
Nizolarni hal qilish
Ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalarini qoʻllash bilan bogʻliq barcha bahslar va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan uchinchi tomon hamda xalqaro sudga murojaat qilmagan holda hal etiladi.
6-modda
Intellektual mulk huquqining himoya qilinishi
Intellektual mulk huquqining himoya qilinishi
1. Intellektual mulkka doir huquqlarning himoyasi Tomonlarning milliy qonun hujjatlari hamda Tomonlar imzolagan xalqaro bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Tomonlardan birining nomi, belgisi yoki rasmiy emblemasidan nashrda, hujjatda va/yoki boshqa qogʻozlarda foydalanish boshqa Tomonning yozma ruxsatisiz taqiqlanadi.
7-modda
Boshqa kelishuvlar bilan munosabat
Boshqa kelishuvlar bilan munosabat
Ushbu Anglashuv Memorandumi yoki uning doirasida imzolangan boshqa hujjatlar Tomonlar ishtirok etgan boshqa bitim yoki xalqaro konvensiyalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi,
8-modda
Qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
Qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
Xar bir Tomon yozma ravishda diplomatik kanallar orqali ushbu Anglashuv Memorandumining ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan va oʻzaro kelishilgan sanadan kuchga kiradigan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishni taklif qilishi mumkin.
9-modda
Amal qilishni toʻxtatish
Amal qilishni toʻxtatish
Xar bir Tomon milliy xavfsizlikni va milliy manfaatlarni, jamoat tartibi va sogʻligʻini taʼminlash va himoya qilish maqsadida ushbu Anglashuv Memorandumiga amal qilishini toʻla ravishda yoki qisman vaqtincha muddatga toʻxtatib qoʻyish huquqiga egadir, bunday toʻxtatish boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali xabardor qilinganidan soʻng darhol amal qila boshlaydi.
10-modda
Bitimning kuchga kirishi, amal qilishi va oʻz kuchini yoʻqotishi
Bitimning kuchga kirishi, amal qilishi va oʻz kuchini yoʻqotishi
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh (5) yil muddat davomida amal qiladi. Bundan keyin, Tomonlardan birontasi ushbu Anglashuv Memorandumining amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida uning muddati tugashidan kamida olti (6) oy ilgari boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, u keyingi besh (5) yillik muddatga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
2. Har bir Tomon boshqa Tomonni ushbu Anglashuv Memorandumining amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida, bu niyatini amalga oshirish muddatigacha kamida olti (6) oy ilgari yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qilishi bilan ushbu Anglashuv Memorandumi amal qilishini tugatishi mumkin.
3. Ushbu Anglashuv Memorandumining oʻz kuchini yoʻqotishi, Anglashuv Memorandumi kuchini yoʻqotish sanasidan avvalroq Tomonlar kelishuvi asosida boshlangan tadbir va dasturlarni amalga oshirilishiga taʼsir qilmaydi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar ushbu Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Putrajayya shahrida 2005-yil 3-oktabrda olti (6) nusxada, har ikkisi oʻzbek, malay va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)