OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
MIKROKREDIT TAShKILOTLARIDA AUDIT TEKShIRUVLARINI OʻTKAZISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 17-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2379]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 6-dekabrdagi 28/3-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3411, 11.01.2023-y.) asosan 2023-yil 14-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 372-modda), “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 149-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ–1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Mikrokredit tashkilotlarida audit tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 23-iyun,
19/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 23-iyundagi 19/4-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mikrokredit tashkilotlarida audit tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda), “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 149-modda), “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 372-modda) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi PQ–1438-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq, mikrokredit tashkilotlarining moliyaviy hisobotlarini hamda u bilan bogʻliq moliyaviy axborotlarni auditorlik tashkilotlari tomonidan tekshirish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
auditorlik tashkiloti — tanlov asosida tanlab olingan auditorlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
auditorlik tekshiruvi — moliyaviy hisobot va boshqa moliyaviy axborot toʻgʻriligi va qonun hujjatlariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining (keyingi oʻrinlarda Markaziy bank deb ataladi) meʼyoriy hujjatlariga mosligini aniqlash maqsadida mikrokredit tashkilotining moliyaviy hisobotini hamda u bilan bogʻliq moliyaviy axborotni auditorlik tashkilotlari tomonidan tekshirishdir;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik hisoboti — auditorlik tekshiruvining borishi, buxgalteriya hisobini yuritishning belgilangan tartibidan aniqlangan chetga chiqishlar, moliyaviy hisobotdagi qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi mufassal maʼlumotlardan, shuningdek auditorlik tekshiruvi oʻtkazish natijasida olingan boshqa axborotdan iborat boʻlgan va mikrokredit tashkiloti rahbariga, mulkdoriga, ishtirokchilari (aksiyadorlari)ning umumiy yigʻilishiga yoʻllangan hujjat;
auditorlik xulosasi — mikrokredit tashkilotida moliyaviy hisobotning toʻgʻriligi va buxgalteriya hisobini yuritish tartibining qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida auditorlik tashkilotining fikri yozma shaklda ifodalangan, mikrokredit tashkiloti moliyaviy hisobotidan foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan hujjat.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mikrokredit tashkilotlarining faoliyati har yili moliyaviy yil yakuni boʻyicha auditorlik tashkiloti tomonidan tekshirilishi shart.
3. Mikrokredit tashkilotlar faoliyati samaradorligini tahlil qilish va baholashda auditorlik tashkilotlari, avvalambor daromadlilik (rentabellik), kapitaldan foydalanish darajasi, moliyaviy barqarorligi, toʻlov qobiliyati va oʻzini-oʻzi moliyalash darajasi, ishdagi faollik mezonlaridan kelib chiqadi.
4. Auditorlik tekshiruvi auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishini qoʻzgʻatuvchi mikrokredit tashkiloti, uning mulkdori, shuningdek ustav kapitalida qonun hujjatlarida belgilanganidan kam boʻlmagan miqdordagi ulushga ega ishtirokchilar (aksiyadorlar), nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbusiga koʻra oʻtkazilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Aynan bir xil asoslarga koʻra aynan bir auditorlik tashkiloti aynan bir mikrokredit tashkiloti faoliyatini tekshirishga takror jalb etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Auditorlik tashkiloti aynan bir mikrokredit tashkilotining faoliyatini ketma-ket uch yildan ortiq auditorlik tekshiruvidan oʻtkazishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
II bob. Mikrokredit tashkilotlari tomonidan auditorlik tashkilotlarini tanlash shartlari va talablari
7. Mikrokredit tashkilotlari auditorlik tashkilotlarini tanlov asosida tanlab oladi. Tanlov auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda manfaatdorlik bildirgan kamida uchta auditorlik tashkilotining takliflaridan iborat boʻlishi hamda tanlovda ishtirok etuvchi auditorlik tashkiloti boshqa auditorlik tashkiloti taklifining mazmunidan bexabar boʻlishi kerak.
8. Mikrokredit tashkiloti va auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnoma va bitimlarda auditorlik xulosasi va hisobotini Markaziy bankka taqdim etishni cheklash boʻyicha qoidalar koʻzda tutilmasligi lozim.
III bob. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda mikrokredit tashkiloti va auditorlik tashkilotining huquq va majburiyatlari
9. Auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilayotgan mikrokredit tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
auditorlik tashkilotini mustaqil tanlash;
tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotganda auditorlik tekshiruvining yoʻnalishi va hajmini belgilash;
auditorning eʼtirozlari asoslanilgan qonun hujjatlarining normalari toʻgʻrisidagi zarur axborotni auditorlik tashkilotidan olish;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasini olish;
buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobotni tuzish tartibi toʻgʻrisida hamda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni toʻgʻrilash haqida auditorlardan maslahat va tavsiyalar olish.
10. Auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilayotgan mikrokredit tashkiloti:
auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorga kerakli sharoitlarni yaratib berishi, unga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobot tuzish qoidalari hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqish tartibi buzilishlarini bartaraf etishga majburdir.
Keyingi tahrirga qarang.
Mikrokredit tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Mikrokredit tashkiloti ushbu Nizomga muvofiq amalga oshirilayotgan auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish yoki unga xalaqit berish maqsadlarida u yoki bu harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etishga haqli emas.
12. Mikrokredit tashkiloti auditorlik tekshiruvlari yakunlangach, auditorlik hisoboti va xulosasi, shuningdek auditorlik tashkiloti tomonidan haqqoniyligi tasdiqlangan mikrokredit tashkilotining moliyaviy hisobotining nusxalarini Markaziy bankka taqdim etishi lozim.
13. Mikrokredit tashkilotlari har yilgi moliyaviy hisobotni unda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini auditorlar tasdiqlagach, hisobot yili tugaganidan soʻng birinchi maygacha matbuotda eʼlon qilishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Mikrokredit tashkiloti auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga doir shartnomaga muvofiq auditorlik xizmatlarining haqini oʻz vaqtida toʻlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha ishlarga haq toʻlash auditorlik tekshiruvini belgilagan organ hisobidan amalga oshiriladi.
16. Auditorlik tashkilotlari:
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun mikrokredit tashkilotining taʼsis hujjatlari va buxgalteriya hisobi hamda moliyaviy hisobotlari bilan oldindan tanishib chiqish;
auditorlik tekshiruvini olib borish shakllari va uslublarini mustaqil ravishda belgilash;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda mikrokredit tashkilotining moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq hujjatlari bilan toʻliq tanishib chiqish, shuningdek ushbu hujjatda hisobga olingan har qanday mulkning aniq mavjudligi yoki har qanday majburiyatlarning aniq holatini tekshirish;
auditorlik tekshiruvi davomida yuzaga kelgan savollar boʻyicha mikrokredit tashkilotining moddiy javobgar shaxslaridan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar hamda auditorlik tekshiruvi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni olish;
mikrokredit tashkilotidan uchinchi shaxslar axborotining yozma tasdiqnomasini olish;
mikrokredit tashkiloti ishonchli auditorlik xulosasini tayyorlash uchun barcha zarur boʻlgan axborotni bermagan taqdirda auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda auditorlar va boshqa mutaxassislarni ishtirok etishga belgilangan tartibda jalb etish;
auditorlik tekshiruvini olib borish davrida mikrokredit tashkilotiga buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, tiklash, olib borish hamda moliyaviy hisobotni tayyorlashdan tashqari professional xizmatlar koʻrsatish huquqiga egadir.
Auditorlik tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Auditorlik tashkilotlari:
auditorlik faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlarida belgilangan litsenziya talablari va shartlariga amal qilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
mikrokredit tashkilotining talabiga koʻra auditorlik tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha qonun hujjatlaridagi talablar, auditorning fikr-mulohazalari asoslanadigan huquqiy normalar toʻgʻrisida axborot taqdim etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik tekshiruvini amalga oshirishda olingan axborotlarni sir saqlashi;
auditorlik hisobotida moliya-xoʻjalik operatsiyalarining qonuniyligini buzish holatlari va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni aks ettirishi;
mikrokredit tashkiloti faoliyatini auditdan oʻtkazgan auditorlik tashkiloti mikrokredit tashkilotiga uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari zarar yetkazganligini tasdiqlab turgan faktlarni aniqlagan taqdirda, bu haqda mikrokredit tashkiloti rahbariyatiga, mulkdoriga, taʼsischilarining umumiy yigʻilishiga maʼlum qilishi hamda auditorlik hisobotiga tegishli qaydni kiritishga majbur. Zarur hollarda, auditorlik tekshiruvining natijalarini maʼlum qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼsischilarning umumiy yigʻilishi chaqirilishini talab qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tashkilotlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
IV bob. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda auditorlik tashkilotining mustaqilligi va xolisligi
18. Auditorlik tashkilotlari auditorlik tekshiruvini oʻtkazish jarayonida:
auditorlik tekshiruvi natijalari boʻyicha mikrokredit tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlashlari;
auditorlik tekshiruvi jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mikrokredit tashkilotining yuqori boshqaruv organiga tavsiyalar kiritishlari;
auditorlik tekshiruvi jarayonida mikrokredit tashkilotining buxgalteriya hisobi va ichki nazorati ahvoli, moliyaviy hisobotlari, kredit portfelini tahlil qilish, berilgan kreditlar boʻyicha zaxiralar hajmiga, tavakkalchilik va likvidlilik koʻrsatkichlariga baho berish hamda uning faoliyati qonun hujjatlariga, shu jumladan Markaziy bankning meʼyoriy hujjatlariga mosligini tahlil qilishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Auditorlik tashkiloti auditorlari mikrokredit tashkilotidan mustaqil boʻlishlari lozim, yaʼni tekshirilayotgan mikrokredit tashkiloti rahbarlari va (yoki) boshqa mansabdor shaxslar bilan yaqin qarindosh boʻlgan, ushbu tashkilotlarda mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy manfaatlari boʻlgan shaxslarga hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V bob. Auditorlik hisoboti va xulosasiga qoʻyiladigan talablar
20. Auditorlik tekshiruvi natijasi boʻyicha auditorlik tashkiloti tomonidan mikrokredit tashkilotining yuqori boshqaruv organiga qonun hujjatlariga muvofiq tayyorlangan auditorlik xulosasi va auditorlik hisoboti taqdim etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Auditorlik tekshiruvi mikrokredit tashkiloti ishtirokchilari (aksiyadorlari) yoki nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qilish organlari topshirigʻiga binoan auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkazilayotgan boʻlsa, auditorlik hisoboti auditorlik tekshiruvi topshirigʻiga binoan oʻtkazilayotgan shaxsga ham taqdim etiladi.
22. Mikrokredit tashkilotining yillik moliyaviy hisoboti auditorlik xulosasiga uzviy bogʻliq hujjat boʻlib, u xulosaga ilova qilinishi lozim.
23. Mikrokredit tashkilotining quyidagi moliyaviy hisobotlari auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilishi lozim:
balans hisoboti;
moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida jamlanma hisobot;
asosiy hisob siyosatlari va tushuntiruvchi izohlar.
24. Auditorlik hisoboti oʻz ichiga quyidagilarni qamrab olishi lozim:
a) buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot holatini tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi qismni, jumladan:
buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tuzishning belgilangan tartibiga rioya qilinishini baholash;
buxgalteriya hisobotini yuritishda va moliyaviy hisobotni tayyorlashda belgilangan tartiblarni buzilish holatlari aniqlanganda, ularni tavsiflash;
b) moliya-xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishda mikrokredit tashkilotining:
kapitali yetarliligiga baho berish, shuningdek ustav kapitalini oʻz vaqtida va toʻliq shakllantirishini tekshirish;
daromadlari va xarajatlari tahlili, shu jumladan soliq qonunchiligi talablariga rioya qilinishi tahlili;
kredit portfeliga baho berish;
aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish hamda hisobdan chiqarish siyosatiga baho berish;
xavf-xatarlarni boshqarishi boʻyicha maʼlumot;
ichki nazorat tizimiga baho berish;
avval oʻtkazilgan auditorlik tekshiruvi yuzasidan berilgan tavsiyalarning bajarishi toʻgʻrisida maʼlumot.
25. Oʻtkaziladigan tekshiruvlar boʻyicha barcha hisobotlarda mikrokredit tashkiloti ijro etuvchi organi faoliyati baholanishini, tavsiya qilingan tuzatishlar, aniqlangan kamchiliklar va qonun hujjatlari talablari buzilishlarini bartaraf etishga doir tavsiyalarni tasdiqlaydigan hujjatlarning toʻliq roʻyxatini oʻz ichiga oladigan yakuniy qism boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Auditorlik hisobotining har bir beti auditorlik tekshiruvini oʻtkazgan auditor (auditorlar) tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Hisobotlar bevosita mikrokredit tashkiloti yuqori boshqaruv organiga koʻrib chiqish va keyinchalik tasdiqlash uchun taqdim etilishi lozim. Hisobot nusxalari tasdiqlangandan keyin mikrokredit tashkilotining ijro etuvchi organiga ijro qilish uchun berilishi kerak.
VI bob. Yakuniy qoidalar
28. Auditorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Auditorlik hisobotidagi axborot maxfiy hisoblanadi va oshkor qilinishi mumkin emas. Ushbu axborotdan foydalangan shaxslar axborotni oshkor qilganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Mikrokredit tashkilotining yuqori boshqaruv organi yil yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobot tayyorlanishi va buning uchun auditorlik tashkilotini jalb qilinishi uchun masʼul hisoblanadi.
31. Mikrokredit tashkiloti faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazgan auditorlik tashkilotlari mikrokredit tashkiloti va boshqa moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar oldida moliyaviy hisobot hamda mirokredit tashkilotining boshqa moliyaviy axboroti toʻgʻrisida notoʻgʻri yakundan iborat boʻlgan auditorlik xulosasini tuzish oqibatida ularga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
32. Auditorlik tekshiruvini sifatsiz oʻtkazganlik yoki lozim darajada oʻtkazmaganlik oqibatida mikrokredit tashkiloti va (yoki) auditorlik tekshiruvi buyurtmachisiga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda auditorlik tashkiloti tomonidan qoplanishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 341-modda; 2013-y., 26-son, 340-modda; 2016-y., 7-son, 71-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.12.2018-y., 10/18/2379-3/2275-son; 20.03.2020-y., 10/20/2379-4/0354-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)