Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA (OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “2012 — 2016 YILLARDA QIShLOQ XOʻJALIGI IShLAB ChIQARIShINI YANADA MODERNIZATSIYA QILISh, TEXNIK VA TEXNOLOGIK JIHATDAN QAYTA JIHOZLASh DASTURI TOʻGʻRISIDA” 2012 YIL 21 MAYDAGI PQ–1758-SON QARORI)
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012 — 2016-yillarda Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi toʻgʻrisida” 2012-yil 21-maydagi PQ–1758-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 1-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U.Rozuqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 14-iyul,
216-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyuldagi 216-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 11-son, 70-modda):
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Belgilansinki, respublika qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan, shu jumladan yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqarilgan traktorlar va oʻrim-yigʻim texnikasi (keyingi oʻrinlarda zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi deb ataladi) fermer va shirkat xoʻjaliklariga, mashina-traktor parklariga hamda “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi “Qishloqxoʻjalikkimyo” hududiy aksiyadorlik birlashmalariga (keyingi oʻrinlarda lizing oluvchilar deb ataladi) quyidagi shartlarda lizingga berish yoʻli bilan yetkazib beriladi:
zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi (2013-yildan boshlab — kamida 15 foizi, 2015-yildan boshlab esa — kamida 20 foizi) avans sifatida lizing oluvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlanadi;
zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 85 foizi (2013-yildan boshlab 85 foizigacha, 2015-yildan boshlab esa — 80 foizigacha) “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi tomonidan unga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini texnika bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda “Jamgʻarma” deb ataladi) qarz asosida beradigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi”;
b) 2-bandning ikkinchi — oltinchi xatboshi quyidagi mazmundagi ikkinchi — yettinchi xatboshi bilan almashtirilsin:
“lizing oluvchilarning ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish yuzasidan berilgan buyurtmalarini umumlashtirish;
Jamgʻarmaning kafolat xatlari bilan tasdiqlangan moliyaviy manbalar asosida zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy distribyutorlari tomonidan yetkazib berish yuzasidan buyurtmalarni joylashtirish;
joylashtirilgan buyurtmalarga muvofiq ishlab chiqariladigan va yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun oʻz vaqtida avanslar toʻlash va uzil-kesil hisob-kitob qilish;
lizing shartnomalari tuzish va, ham yangi texnikani, ham belgilangan tartibda talab qilib olingan ilgari lizing oluvchilarga lizingga berilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizingga berish;
lizing shartnomalari boʻyicha toʻlovlarning oʻz vaqtida undirilishini va ularning tegishli qismi Jamgʻarmaga oʻtkazilishini taʼminlash;
lizing toʻlovlari toʻgʻri hisoblab yozilishini hamda qonun hujjatlariga muvofiq ular yuzasidan hisob-kitoblar va hisobot yuritilishini taʼminlash”;
v) 3-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi korxonalar” soʻzlari “ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy distribyutorlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Sugʻurta tashkilotlari — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari lizingga berilayotgan texnikani sugʻurtalash vazifalarini bajaruvchi sugʻurta agentlari etib belgilansin”;
g) 4-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Jamgʻarmaga har yili, 1-oktabrdan boshlab va uning kelgusi yilga daromadlari va xarajatlari balansi tasdiqlangungacha boʻlgan davrda, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarilishini taʼminlash uchun ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy distribyutorlariga avans berish uchun “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi buyurtmanomalari boʻyicha mablagʻlar ajratishga ruxsat etilsin. Avans berish har oylik ulushlar bilan, oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan yetkazib berish muddatidan 3 oydan kechikmay, ushbu shartnomada kelgusi yilda yetkazib berish nazarda tutilgan hajmlar va yetkazib berish muddatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi”;
d) 5-bandda:
“mashina-traktor parklari hududiy birlashmalari, muqobil mashina-traktor parklari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlar) va fermer xoʻjaliklari” soʻzlari “lizing oluvchilar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “daromadi (marjasi)” soʻzlari “daromad foizi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
e) 6-bandning uchinchi xatboshi quyidagi mazmundagi uchinchi-toʻrtinchi xatboshi bilan almashtirilsin:
“lizing oluvchilar tomonidan lizing shartnomasida nazarda tutilgan lizing toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda “Agrobank” ATB lizing egasining hisob raqamiga soʻzsiz bajarilishi kerak boʻlgan “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan toʻlov talabnomalarini qoʻyadi;
lizing toʻlovlari toʻgʻri hisoblab yozilishi hamda toʻlanishini, shuningdek Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va ularning oʻz vaqtida qaytarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi”;
j) Respublika qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizingga olish Tartibida (1-ilova):
1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Mazkur Tartib respublika qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari (keyingi oʻrinlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar deb ataladi) tomonidan ishlab chiqarilgan traktorlar va oʻrim-yigʻim texnikasini (keyingi oʻrinlarda zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi deb ataladi) lizingga olish mexanizmini belgilab beradi.”;
2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Har yili, 1-avgustgacha, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi fermer va shirkat xoʻjaliklari, mashina-traktor parklari va “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi “Qishloqxoʻjalikkimyo” hududiy aksiyadorlik birlashmalaridan tushgan buyurtmanomalar asosida qishloq xoʻjaligining lizing shartlarida yetkazib beriladigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan ehtiyoji prognozini shakllantiradi.
Qishloq xoʻjaligining texnikaga boʻlgan ehtiyoji prognozidan kelib chiqib “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi va “Agrobank” ATB har yili 10-avgustdan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini texnika bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — “Jamgʻarma” deb ataladi) zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarilishining, shuningdek lizing oluvchilar tomonidan toʻlov toʻlanishining prognoz hajmlarini hisobga oluvchi kelgusi yil uchun (oylarga boʻlgan holda) Jamgʻarma mablagʻlariga boʻlgan ehtiyoj prognozini taqdim etadilar”;
3-bandga “Ishlab chiqariladigan” soʻzlaridan keyin “va rasmiy distribyuterlar orqali sotiladigan zamonaviy” soʻzlari qoʻshilsin;
“5. “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi, Jamgʻarmaning kafolat xatlari bilan tasdiqlangan manbalar asosida zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarishga va ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy distribyuterlari tomonidan yetkazib berishga buyurtmanomalarni joylashtiradi.
6. Buyurtmaga muvofiq “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi har yili 1-oktabrgacha keyingi yilda sotib olish maqsadida zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berishga, uning haqini toʻlash va yetkazib berish muddatlarini koʻrsatgan holda, ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy distribyuterlari bilan oldi-sotdi shartnomalari tuzadi (shartnomaviy kompaniya)”;
birinchi xatboshidagi “kelgusi yil uchun” soʻzlari chiqarib tashlansin;
ikkinchi xatboshidagi “daromad (marja)” soʻzlari “daromad foizi” soʻzlari bilan almashtirilsin, “kompaniya” soʻzidan keyin “va bank” soʻzlari qoʻshilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Oʻzagrosugʻurta” kompaniyasi bilan” soʻzlari “sugʻurta tashkilotlari — Oʻzbekiston Respublikasi rezedentlari bilan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“8. “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi oʻzining mintaqaviy filiallari orqali lizing oluvchilar bilan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasining lizing shartnomalarini tuzadi. Har bir shartnomaga lizing toʻlovlari jadvali (lizing obyekti qiymatini va lizing oluvchining daromad foizini qoplash) ilova qilinadi. Bunda shartnomaning bir asl nusxasi “Agrobank” ATBga joʻnatiladi.
9. Lizing oluvchilar:
lizingga olinadigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini (2013-yildan boshlab — kamida 15 foizini, 2015-yildan boshlab esa – kamida 20 foizini) avans sifatida “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasiga toʻlaydilar;
lizingga olinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasini oʻz mablagʻlari hisobiga yetakchi sugʻurta kompaniyalari — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlarida sugʻurta qiladilar;
zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasining qoplanmagan qiymatini, shuningdek lizing oluvchining daromad foizini lizing muddati mobaynida (fermer xoʻjaliklari — 10 yil, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining mashina-traktor parklari — 10 yilgacha, qolgan lizing oluvchilar – 7 yil) “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasiga toʻlaydilar;
10-bandning birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi avans toʻlovini toʻlash uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarga yoki ularning rasmiy disribyuterlariga shartnomada koʻrsatilgan yetkazib berish muddatidan uch oydan kechikmay Jamgʻarmaga lizing oluvchi tomonidan “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasiga 15 foiz (2013-yildan boshlab — kamida 15, 2015-yildan boshlab esa — kamida 20 foiz) miqdorida avans toʻlanishi sharti bilan yetkazib beriladigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizigacha (2013-yildan boshlab — 35 foizigacha, 2004-yildan boshlab — 40 foizigacha, 2016-yildan boshlab esa – 50 foizigacha) pul mablagʻlari ajratishga buyurtmanomalarni taqdim etadi.”;
11 va 12-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi shartnomada koʻrsatilgan yetkazib berish muddatidan uch oydan kech boʻlmagan muddatda navbatdagi yil choragida yetkazib beriladigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 30 foizi (2013-yildan boshlab — kamida 50, 2014-yildan boshlab — kamida 55, 2015-yildan boshlab — kamida 60%, 2016-yildan boshlab — kamida 70 foizi) miqdorida ishlab chiqaruvchi korxonalarga yoki ularning rasmiy distribyuterlariga operatsiya hisob raqamidan avans toʻlovi toʻlaydi.
12. Ishlab chiqarilgan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi tomonidan lizingga rasmiylashtirilgandan keyin shartnoma shartlariga muvofiq ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy distribyuterlari tomonidan lizing oluvchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib beriladi.
“Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi Jamgʻarmaga zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi lizing oluvchilarga yetkazib berilganligini tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etadi. Jamgʻarma uch bank kuni mobaynida kompaniya ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy disribyuterlari bilan uzil-kesil hisob-kitob qilishi uchun lizingga berilgan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 70 foizi (2013-yildan boshlab — 50 foizigacha, 2014-yildan boshlab — 45 foizigacha, 2015-yildan boshlab — 40 foizigacha, 2016-yildan boshlab — 30 foizigacha) miqdorida pul mablagʻlarini “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasining operatsiya hisob raqamiga oʻtkazadi”;
14-banddan “mashina-traktor parklarining hududiy birlashmalari, muqobil mashina-traktor parklari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlar) va fermer xoʻjaliklari” soʻzlari chiqarib tashlansin;
15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi tuzilgan qarz shartnomalariga muvofiq jalb etilgan qarzlar boʻyicha asosiy qarz yuzasidan Jamgʻarma oldidagi qarzdorlikni olingan lizing toʻlovlari hisobidan toʻlaydi. Lizing boʻyicha foizlar “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi, Jamgʻarma va “Agrobank” ATB oʻrtasida tuzilgan tijorat agenti funksiyalarini bajarish shartnomasiga muvofiq taqsimlanadi.”.
17-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Lizing toʻlovlarini toʻlash boʻyicha majburiyatlar lizing oluvchilar tomonidan bajarilmagan taqdirda shartnoma shartlariga muvofiq “Agrobank” ATB lizing oluvchilarning hisob raqamiga “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan soʻzsiz bajarilishi kerak boʻlgan toʻlov talabnomalarini qoʻyadi. Lizing oluvchilardan koʻrsatib oʻtilgan toʻlov talabnomasi boʻyicha undirilgan pul mablagʻlari “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasining operatsiya hisob raqamiga oʻtkaziladi.
2. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-avgustdagi 241-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 8-son, 72-modda) bilan tasdiqlangan Budjetdan mablagʻ oluvchilarning xarid qilishda 15 foizdan ortiq miqdorda avans toʻlashi mumkin boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning turlari roʻyxatiga quyidagi mazmundagi 21-qator qoʻshilsin:
|
21. |
Qishloq xoʻjaligi texnikasi |
kamida 70% |
shartnomaning umumiy summasidan |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 334-modda)