Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KASB-HUNAR KOLLEJINING VASIYLIK KENGASHI TOʻGʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari jamoatchilik boshqaruvining samarali tizimini yanada rivojlantirish, taʼlim jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kasb-hunar kollejining Vasiylik kengashi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda respublikaning har bir kasb-hunar kollejida vasiylik kengashlari tashkil etilishini taʼminlasinlar va ularning taʼlim muassasalari bilan oʻzaro samarali hamkorlik qilishlariga har tomonlama koʻmaklashsinlar.
3. Belgilansinki, vasiylik kengashlari:
kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika va oʻquv-metodik bazasini mustahkamlashga, ularning binolari va hududini obodonlashtirishga;
taʼlim jarayoni, oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirishga, shuningdek kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini keyinchalik “kollej-korxona” bogʻlamasida ishga joylashtirishga;
ishlab chiqarishning malakali va tajribali mutaxassislarini taʼlim jarayoniga jalb etishga;
kasb-hunar kollejlari pedagog va muhandis-pedagog kadrlarining ish sharoitlarini tashkil etish va yaxshilashga, ularning malakasi va qayta tayyorgarligini oshirishga;
kasb-hunar kollejlarining faoliyatini izchil rivojlantirishni taʼminlash uchun xayr-ehson qiluvchilar (homiylar) mablagʻlarini, texnik koʻmaklashish mablagʻlari (grantlar)ni va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etishga;
oʻquvchilar va bitiruvchilarni, ayniqsa yetim bolalar boʻlgan oʻquvchilar va bitiruvchilarni ijtimoiy muhofaza qilishga, iqtidorli oʻquvchilarga stipendiyalar ajratishga, oʻquvchilarning yotoqxonalarda yashash va boʻsh vaqtini foydali oʻtkazish sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek taʼtil vaqtida dam olishini tashkil etishga;
kasb-hunar kolleji bazasida raqobatbardoshli mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga;
kollejda sogʻlom intellektual, axloqiy-psixologik muhitni, pedagoglar, ishlab chiqarish murabbiylari va oʻquvchilar oʻrtasida oʻzaro bir-birini tushunish muhitini shakllantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirishga, oʻquvchilarda kasbiy, maʼnaviy va jismoniy kamol topishga intilishni tarbiyalashga koʻmaklashadilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 6-iyul,
201-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-iyuldagi 201-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kasb-hunar kollejining Vasiylik kengashi toʻgʻrisida
Namunaviy nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Kasb-hunar kollejining Vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi va kasb-hunar kollejini jamoatchilik tomonidan boshqarishning doimiy ishlaydigan organi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Kengash Oʻzbekiston Respublikasining har bir kasb-hunar kollejida, yuridik shaxs tashkil etmasdan tashkil qilinadi va jamoatchilik asosida ishlaydi.
3. Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Namunaviy nizomga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Taʼlim jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini samarali amalga oshirish, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sifatini yaxshilash, kasb-hunar kollejining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va taʼlim jarayonini takomillashtirish Kengashni tashkil etishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Kengash tarkibiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, vazirliklar, idoralar, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla”, “Nuroniy” jamgʻarmalari, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar, Yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlarning vakillari, xayr-ehson qiluvchilar (homiylar), shuningdek kasb-hunar kolleji faoliyatini takomillashtirish va izchil rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar kirishi mumkin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Kengashning tarkibi va Kengash toʻgʻrisidagi Nizom oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
II. Kengashning vazifalari va vakolatlari
7. Quyidagilarga:
kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika va oʻquv-metodik bazasini mustahkamlashga, ularning binolari va hududini obodonlashtirishga;
taʼlim jarayoni, oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirishga, shuningdek keyinchalik kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini “kollej-korxona” bogʻlamasida ishga joylashtirishga;
ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish sohasidagi malakali va tajribali mutaxassislarni taʼlim jarayoniga jalb etishga;
kasb-hunar kollejlari pedagog va muhandis-pedagog kadrlarining ish sharoitlarini tashkil etish va yaxshilashga, ularning malaka oshirish va qayta tayyorgarlikdan oʻtishiga;
kasb-hunar kollejlarining faoliyatini taʼminlash va ularni izchil rivojlantirish uchun xayr-ehson qiluvchilar (homiylar) mablagʻlarini, texnik koʻmaklashish mablagʻlari (grantlar)ni va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etishga;
oʻquvchilar va bitiruvchilarni, ayniqsa yetim bolalar boʻlgan oʻquvchilar va bitiruvchilarni ijtimoiy muhofaza qilishga, iqtidorli oʻquvchilarga stipendiyalar ajratishga, oʻquvchilarning yotoqxonalarda yashash va boʻsh vaqtini foydali oʻtkazish sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek taʼtil vaqtida dam olishini tashkil etishga;
kasb-hunar kolleji bazasida raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga;
kollejda sogʻlom intellektual, axloqiy-psixologik muhitni, pedagoglar, ishlab chiqarish murabbiylari va oʻquvchilar oʻrtasida oʻzaro bir-birini tushunish muhitini shakllantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirishga, oʻquvchilarda kasbiy, maʼnaviy va jismoniy kamol topishga intilishni tarbiyalashga koʻmaklashadilar.
8. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi huquqlarga ega:
vazifalarni bajarish uchun zarur maʼlumot va axborotlarni kasb-hunar kollejidan belgilangan tartibda olish;
Kengash toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda kiritish;
ish rejalarini, tadbirlar rejalarini, dasturlarni va kasb-hunar kollejining boshqa hujjatlarini muhokama qilishda qatnashish, ularni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar kiritish;
kasb-hunar kollejining faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, shu jumladan kasb-hunar kollejining rahbar lavozimlariga nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha takliflar bilan davlat organlariga murojaat qilish;
kasb-hunar kolleji direktoriga kasb-hunar kollejining pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini, shuningdek oʻquvchilarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida tavsiyalar kiritish;
Vasiylik jamgʻarmasining moliyaviy rejasini tasdiqlash;
Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilash;
Vasiylik jamgʻarmasining moliyaviy rejasi bajarilishi haqidagi hisobotlarni koʻrib chiqish;
nazorat-taftish komissiyasini tayinlash.
Kengash qonun hujjatlariga va kasb-hunar kollejining ustaviga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Kengash faoliyatini tashkil etish
9. Kengash qatnashishning ixtiyoriyligi va Kengash vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda Kengash aʼzolarining teng huquqliligi tamoyillari asosida tashkil etiladi.
Kengash, qoidaga koʻra, Kengashning raisi, raisning oʻrinbosari, kotibi va aʼzolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Kengashning son tarkibi reglamentlanmaydi. Kengashning shaxsiy tarkibi va rahbariyatidagi oʻzgarishlar, qoidaga koʻra, bir yilda bir marta amalga oshiriladi.
Kasb-hunar kolleji direktori lavozimiga koʻra Kengash aʼzosi hisoblanadi.
10. Kengashga rais boshchilik qiladi, uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Kengash majlislari kun tartibini belgilash va ularni chaqirish;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etish;
Kengash aʼzolariga yuklangan vazifalarning bajarilishi boʻyicha ularning ishlarini muvofiqlashtirish;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Kengash manfaatlarini ifodalash;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa xatti-harakatlarni bajarish.
11. Kengash raisi va uning oʻrinbosari Kengashning birinchi tashkiliy majlisida saylanadi, majlisda kasb-hunar kolleji direktori raislik qiladi.
Kengash raisi, qoidaga koʻra, korxonalar va tashkilotlar — ish beruvchilar rahbarlari yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari orasidan saylanadi.
Kengash raisi va rais oʻrinbosarining vakolatlari muddatlari Kengash aʼzolari tomonidan, ularni saylash vaqtida belgilanadi.
Kasb-hunar kolleji direktori yoki xodimi Kengash raisi yoki raisning oʻrinbosari etib saylanishi mumkin emas.
Kengash oʻz vakolatlarini kasb-hunar kolleji direktoriga berishga haqli emas.
12. Kengash aʼzolari:
Kengash majlislarida koʻrib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar;
Kengashga kasb-hunar kollejida taʼlim jarayonini rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha takliflar kiritadilar;
Kengash tomonidan koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etadilar.
Kengash aʼzolari oʻz faoliyatini Kengash tarkibida jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
Kengash aʼzolari majlisda shaxsan qatnashishlari kerak. Kengash aʼzosi majlisda shaxsan qatnashish imkoni boʻlmaganda majlis kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini Kengashga yozma shaklda yetkazish yoki ishonchnomani belgilangan tartibda rasmiylashtirgan holda majlisga oʻzining vakolatli vakilini yuborish huquqiga ega.
13. Kengash oʻz ishlarini oʻzi tasdiqlagan rejalar asosida tashkil qiladi va oʻz majlislarini, zaruriyatga koʻra, biroq yil choragida kamida bir marta oʻtkazadi. Kengash raisi tomonidan Kengash aʼzolarining yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin. Ularda majlisni oʻtkazishning sabablari va asoslari bayon qilinishi kerak.
Majlislar oraligʻidagi davrda rais Kengashga rahbarlik qiladi, tashkiliy ishlarni kasb-hunar kolleji maʼmuriyati koʻmagida Kengash kotibi yuritadi.
14. Kengash majlisini Kengash raisi olib boradi. Rais boʻlmagan taqdirda majlisni uning oʻrinbosari boshqaradi.
Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qonuniy hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum mavjud boʻlmagan taqdirda, Kengash majlisini oʻtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi. Yangi majlisni oʻtkazishda kun tartibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Kengash majlisida koʻrib chiqilayotgan masalalarning xususiyatiga bogʻliq holda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari, alohida jismoniy shaxslar taklif etilishi mumkin.
16. Kengashni tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
17. Kengash kotibi:
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddati va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni Kengash oʻtkaziladigan sana, uning kun tartibi loyihasi, oʻtkazilish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi;
Kengash protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan protokollarni Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kengash kotibi kasb-hunar kolleji direktori tomonidan tayinlanadi, kotib Kengash aʼzosi hisoblanadi.
IV. Kengash tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
18. Kengash qarori Kengash majlisida qatnashayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Quyidagi masalalar boʻyicha Kengash qarorlari Kengashning majlisda qatnashayotgan aʼzolarining uchdan ikki qismining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi:
yillik moliyaviy rejani tasdiqlash;
kirish va aʼzolik badallari miqdorini belgilash.
Kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻz fikrini yozma ifodalash huquqiga ega.
19. Kengash raisi qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilish maqsadida Kengash aʼzolari bilan kelishilgan ayrim masalalar boʻyicha Kengash qarorlarini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashi mumkin.
20. Kengash qarorlari Kengash majlisining protokoli bilan rasmiylashtiriladi. Kengash protokoliga uning barcha aʼzolarining vizalari qoʻyiladi, u kotib tomonidan imzolanadi, Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda Kengash aʼzolariga va manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
21. Kengash protokolining asl nusxasi va unga oid materiallar kasb-hunar kollejida saqlanadi.
Kasb-hunar kolleji direktori Kengash hujjatlarining saqlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
22. Kengash kotibi Kengash aʼzolarining koʻmagida Kengash qarorlari bajarilishini muntazam oʻrganadi va koʻrib chiqadi, zaruriyat boʻlganda, Kengash raisiga tegishli takliflar kiritadi.
Kengash qabul qilingan qarorlar ijrosining holatini oʻz majlislarida muntazam ravishda koʻrib chiqadi.
23. Kengashning ishi tartibi Reglament bilan belgilanadi. Reglament Kengash tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.
V. Vasiylik jamgʻarmasi
24. Kengashning maqsadlarini amalga oshirish uchun Kengash aʼzolarining kirish, aʼzolik va maqsadli badallari, shuningdek boshqa mablagʻlari, boshqa tashkilotlar hamda alohida jismoniy shaxslarning ixtiyoriy ehsonlari hisobiga Kengash huzurida Vasiylik jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlaridan Kengashning maqsadlari, vazifalari va huquqlarini amalga oshirishda va ularga erishishda foydalanilishi mumkin.
25. Kengash aʼzolari, boshqa tashkilotlar va alohida jismoniy shaxslar Jamgʻarmaga oʻz mablagʻlarini mol-mulk, mol-mulk kompleksi, pul mablagʻlari hamda boshqa moddiy va nomoddiy aktivlar shaklida kiritadilar.
26. Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlarini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining tegishli hududiy boʻlinmalarida kasb-hunar kolleji uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha shaxsiy hisob raqamlari ochiladi.
Vasiylik jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlari smetasi Kengash qarori asosida kasb-hunar kolleji direktori tomonidan tasdiqlanadi hamda roʻyxatdan oʻtkazish va tasdiqlash uchun tegishli hududiy moliya organlariga taqdim etiladi.
Zaruriyat boʻlganda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatda Vasiylik jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlari smetasiga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Smetaning xarajat qismi davlat budjeti xarajatlarining iqtisodiy tasnifi va ular boʻyicha xarajatlarga muvofiq moddalar boʻyicha xarajatlar toʻliq yoyib koʻrsatilgan ilova bilan birgalikda xarajatlar guruhlari boʻyicha tuziladi.
28. Kasb-hunar kollejlari direktorlari va bosh buxgalterlari Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlarining buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishi, rasmiylashtirilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradilar va uni nazorat qilib boradilar.
Vasiylik jamgʻarmasining joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari qoldigʻi olib qoʻyilmaydi va keyingi yilga oʻtadi.
29. Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlaridan kasb-hunar kollejining xoʻjalik faoliyati zararlarini qoplash, shuningdek xodimlarining qoʻshimcha sonini taʼminlash uchun foydalanish taqiqlanadi.
30. Kasb-hunar kolleji direktori har yili Kengash oldida Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi boʻyicha hisobot beradi.
31. Kengash Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish huquqini yil oxirida kompleks taftish oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiradi.
32. Moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq kelishmovchiliklar va bahsli vaziyatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Vasiylik jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish nazorat-taftish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Nazorat-taftish komissiyasi raisi va aʼzolari Kengashning qarori bilan tayinlanadilar.
34. Nazorat-taftish komissiyasi:
bir yilda kamida bir marta hisob-kitoblarning toʻgʻriligini tekshiradi, Vasiylik jamgʻarmasining moliyaviy koʻrsatkichlari taftishini oʻtkazadi, uning yillik hisobotlari va balansi boʻyicha xulosalar beradi;
har yili Kengash majlisida oʻz faoliyati yakunlari boʻyicha hisobot beradi.
VI. Kengash faoliyatini tugatish
35. Kengashni tarqatib yuborish oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasining qarori asosida amalga oshiriladi.
36. Kengash tarqatib yuborilgan taqdirda uning Vasiylik jamgʻarmasini boshqarish boʻyicha vakolatlari Kengashning yangi tarkibi shakllantirilgungacha kasb-hunar kollejining pedagogika kengashiga beriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 28-son, 316-modda; 2017-y., 25-son, 539-modda, 37-son, 996-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 07.07.2022-y., 09/22/363/0600-son)