OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
Tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 15-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2364]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 23-avgustdagi 19/13-sonli ““Tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2364-6, 14.09.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova), Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-mart,
10/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 24-martdagi 10/1-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil., 2-songa ilova), “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ–1438-sonli “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq, tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bank kafolati — bank (kafil) boshqa shaxs (prinsipal)ning buyurtmasiga koʻra kafil oʻz zimmasiga olayotgan majburiyat shartlariga muvofiq prinsipalning kreditori (benefitsiar) pul summasini toʻlash haqida yozma talabnoma taqdim etsa, pulni unga toʻlash haqida prinsipalga beradigan yozma majburiyat (keyingi oʻrinlarda kafolat deb yuritiladi);
kafil — oʻz mijozi (prinsipal)ning yozma arizasiga koʻra, prinsipal benefitsiar oldidagi majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafolatga muvofiq ushbu majburiyatlarning bajarilishini oʻz zimmasiga oluvchi bank;
prinsipal — bankka oʻzining uchinchi shaxs (benefitsiar) oldidagi majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida kafolat berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan shaxs;
benefitsiar — prinsipalning majburiyati boʻyicha kafolatni qabul qiluvchi kreditor.
2. Kafolat prinsipalning benefitsiar oldidagi oʻz majburiyatini (asosiy majburiyatini) lozim darajada bajarilishini taʼminlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining banklarga oid qonun hujjatlariga, shu jumladan, Markaziy bank tomonidan oʻrnatilgan iqtisodiy meʼyorlarga rioya etmayotgan hamda kredit portfelida 6 foiz va undan yuqori miqdordagi toʻlov muddati oʻtgan yoki muammoli aktivlari mavjud boʻlgan tijorat banklari tomonidan kafolat berish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tijorat banklari tomonidan berilgan jami kafolat va prinsipal tomonidan qoplanmagan benefitsarga toʻlab berilgan mablagʻlar summalarining yigʻindisi birinchi darajali bank kapitalining 25 foizidan oshmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan yigʻindidan quyida keltirilgan tartib va maqsadlarda berilgan kafolat summalari (benefitsiarga toʻlab berilgan mablagʻlar bundan mustasno) chegiriladi:
prinsipal tomonidan kafolat boʻyicha majburiyatlarning bajarilishiga taʼminot sifatida qoʻyilgan pul mablagʻlari. Mazkur pul mablagʻlari kafolat bergan tijorat bankida ochilgan alohida hisobvaraqda kafolat shartnomasi muddati tugagunga qadar saqlanishi lozim;
xorijiy va xalqaro tashkilotlarning kredit liniyalari va qarzlarini jalb qilish bilan bogʻliq boʻlgan kafolatlar;
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida berilgan kafolatlar.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-maydagi 13/1-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2364-1, 03.06.2014-y.) asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 276-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. Kafolat olish uchun prinsipal quyidagi talablarga javob berishi lozim:
zarar koʻrib ishlamayotgan boʻlishi hamda nolikvid balansga ega boʻlmasligi;
muddati oʻtkazib yuborilgan kreditorlik qarzlarining mavjud boʻlmasligi;
oxirgi uch moliyaviy yil natijalari boʻyicha ijobiy auditorlik xulosasiga ega boʻlishi;
Keyingi tahrirga qarang.
ijobiy kredit tarixiga ega boʻlishi.
6. Kafolat berilgandan keyin prinsipal tomonidan mazkur Nizomning 5-bandi ikkinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilarida belgilangan talablar buzilgan taqdirda kafolat chaqirib olinishi mumkin.
7. Kafolat berish masalasi Bosh bankning kredit qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqiladi hamda mazkur kafolat bank boshqaruvi raisining imzosi bilan rasmiylashtiriladi. Bosh bank tomonidan bank filiallariga kafolat berish huquqining taqdim etilishi taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
II bob. Kafolat olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar hamda kafolat berishni rasmiylashtirish
8. Kafolat olish uchun prinsipal tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
kafolat buyurtmasi;
kafolatdan foydalanishning butun davrini oʻz ichiga olgan pul oqimi tahlili koʻrsatilgan biznes-reja;
oxirgi hisobot sanasi boʻyicha buxgalteriya balansi (1-shakl), moliyaviy natijalari haqida hisobot (2-shakl), muddati oʻtgan debitorlik va kreditorlik qarzdorlik haqidagi maʼlumotnoma (2a-shakl);
Keyingi tahrirga qarang.
oxirgi uch moliyaviy yil natijalari boʻyicha auditorlik xulosasi.
9. Prinsipal taqdim etilgan kafolat boʻyicha majburiyatni oʻz vaqtida bajarishning taʼminoti sifatida bankka quyidagi taʼminot turlaridan birini taqdim etishi lozim:
Oldingi tahrirga qarang.
likvidli mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlar, pul mablagʻlari garovi;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-maydagi 13/1-sonli qarori (roʻyxat raqami 2364-1, 03.06.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 276-modda)
prinsipalning kafolat boʻyicha majburiyatni bajarmaslik xatarining sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi.
10. Prinsipalning buyurtmasiga asosan bank tomonidan kafolat berish yoki kafolat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish muddati buyurtma barcha zarur hujjatlar ilova qilingan holda bankka kelib tushgan kundan boshlab yigirma bank kunidan oshmasligi lozim.
Qabul qilingan qaror natijalari toʻgʻrisidagi xabarnoma uch bank kunidan kechiktirmay prinsipalga yuboriladi. Kafolat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda xabarnomada rad etish sabablari aniq koʻrsatilishi lozim.
11. Kafolat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingach, kafil va prinsipal oʻrtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kafillik shartnomasi (keyingi oʻrinlarda shartnoma deb yuritiladi) tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Shartnomada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
shartnoma tuzilgan sana va joy;
shartnoma predmeti;
shartnoma bahosi;
shartnomaning bajarilish muddatlari;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
kafil majburiyatlarining chegaralari;
kafilning xizmatlariga haq toʻlash miqdori va tartibi;
kafolatni chaqirib olish asoslari;
shartnomaning bekor boʻlishi;
shartnoma boʻyicha javobgarlik;
tomonlarning yuridik manzili va boshqa rekvizitlari.
13. Kafolat boʻyicha benefitsiarga tegishli boʻlgan kafilga talab qoʻyish huquqi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin emas.
14. Shartnoma Bosh bank kredit qoʻmitasining bayonnomasiga asosan rasmiylashtiriladi va u imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
III bob. Bank tomonidan berilgan kafolatlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxiralarni shakllantirish
15. Tijorat banklari tomonidan berilgan kafolatlar boʻyicha mazkur Nizomda belgilangan tartibda ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxira shakllantirilishi lozim.
16. Zaxira miqdori prinsipalning moliyaviy ahvoli, kredit tarixi va prinsipal faoliyat koʻrsatayotgan iqtisodiyot tarmogʻi holatini hisobga olgan holda uning kreditga layoqatliligidan kelib chiqib belgilanadi.
17. Prinsipalning kredit layoqatliligi “yaxshi”, “standart”, “substandart”, “past” va “yomon” kabi tasniflanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Quyidagi holatlar mavjud boʻlganda, prinsipalning kredit layoqatliligi “yaxshi” deb eʼtirof etiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
moliyaviy jihatdan barqaror;
yuqori daromadlilik darajasiga ega;
barcha moliyaviy majburiyatlarini oʻz muddatida bajarishiga shubha tugʻdirmaydigan, shu jumladan kafolat boʻyicha qarzini qondirish uchun yetarli pul mablagʻlariga ega;
Keyingi tahrirga qarang.
tijorat ishlarini rivojlantirish hamda moliya resurslarini erkin jalb qilish imkoniyatlari mavjud;
faoliyati cheklangan taʼminotchi hamda isteʼmolchilarga bogʻliq boʻlmagan;
taqdim etilayotgan taʼminotga doir barcha hujjatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan;
kredit yoki boshqa qarzlari boʻyicha toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilgan.
Kreditga layoqatliligi “yaxshi” deb eʼtirof etilgan prinsipalga berilgan kafolatlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxira shakllantirilmasligi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlganda, prinsipalning kredit layoqatliligi “standart” deb eʼtirof etiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
umumiy moliyaviy ahvoli barqaror hisoblangan, lekin faoliyatida ayrim iqtisodiy salbiy holatlar mavjud boʻlgan, ularning bartaraf etilmasligi prinsipalning majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaslik holatini vujudga keltirish xavfining mavjudligi;
daromadlari yoki pul mablagʻlari oqimining pasayish tendensiyasi mavjudligi;
faoliyati davomida kredit yoki boshqa qarzlar boʻyicha toʻlovlar muddatining bir marotaba uzaytirilganligi.
Kreditga layoqatliligi “standart” deb eʼtirof etilgan prinsipalga berilgan kafolat summasining 10 foizi miqdorida ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxira shakllantirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlganda, prinsipalning kredit layoqatliligi “substandart” deb eʼtirof etiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
moliyaviy ahvolining jiddiy yomonlashuviga sabab boʻluvchi holatlarning mavjudligi;
daromadlari yoki pul mablagʻlari oqimining oxirgi chorakka nisbatan 50 foizga kamayganligi;
oxirgi hisobot oyidagi mavjud barcha muddati kelgan majburiyatlarni, shuningdek kafolat summasini ushbu oy davomida kelib tushgan pul mablagʻlari hisobidan qoplash imkoniyatiga ega emasligi;
Kreditga layoqatliligi “substandart” deb eʼtirof etilgan prinsipalga berilgan kafolat summasining 25 foizi miqdorida ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxira shakllantirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlganda, prinsipalning kredit layoqatliligi “past” deb eʼtirof etiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
mazkur Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan holatlardan birining ogʻirlashganligi;
oxirgi besh yilda salbiy kredit tarixiga ega ekanligi, yaʼni toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmaganligi.
Kreditga layoqatliligi “past” deb eʼtirof etilgan prinsipalga berilgan kafolat summasining 50 foizi miqdorida ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxira shakllantirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlganda, prinsipalning kredit layoqatliligi “yomon” deb eʼtirof etiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
berilgan kafolat boʻyicha majburiyatni bank tomonidan bajarish holatlarining yuzaga kelishi;
kredit yoki boshqa qarzlari boʻyicha toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi;
talab qilib olinguncha hisobvaragʻiga oxirgi chorakda tushum boʻlmaganligi;
moliyaviy faoliyati boʻyicha sud jarayonlarining olib borilayotganligi;
bankrotlik alomatlarining mavjudligi.
Kreditga layoqatliligi “yomon” deb eʼtirof etilgan prinsipalga berilgan kafolat summasining 100 foizi miqdorida ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxira shakllantirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Tijorat banklari tomonidan prinsipalning kreditga layoqatliligini tasniflash kafolat berilgan paytdan boshlab, har oyda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV bob. Berilgan kafolatlar hisobini yuritish
24. Berilgan kafolatlar hisobi Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlar rejasiga (roʻyxat raqami 773-17, 2004-yil 13-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil., 32-son, 369-modda) muvofiq, “90993 — Kafolat va kafilliklar” hisobvaragʻida yuritiladi. Ushbu hisobvaraq har bir mijozning unikal kodi bilan ochiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Kafolat taʼminoti sifatida kafil tomonidan qabul qilingan taʼminot hisobi “94500 — Garov sifatida taʼminlangan qimmatli qogʻozlar, mulklar va mulkiy huquqlar (talablar)” hisobvaragʻida yuritiladi.
Kafolat summasi “90993 — Kafolat va kafilliklar” hisobvaragʻiga kirim qilinadi va kafolat summasi toʻliq qoplab berilgunga qadar saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Mazkur Nizomning 34-bandida nazarda tutilgan holatlardan biri yuz bergan taqdirda, kafolat summasi bank farmoyishiga asosan “90993 – Kafolat va kafilliklar” hisobvaragʻidan chiqariladi.
27. Ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxira shakllantirish quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi orqali amalga oshiriladi:
Dt 56895 — Boshqa aktivlar — koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash;
Kt 29806 — Toʻlash uchun hisoblangan boshqa foizsiz xarajatlar.
28. Berilgan kafolat summasi benifitsiarga quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi orqali toʻlab beriladi:
Dt 19997 — Boshqa aktivlar;
Kt Benifitsiar talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi.
29. Bank tomonidan shakllantirilgan zaxira hisobidan toʻlab berilgan kafolat summasi “19999 – Boshqa aktivlar – koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi (kontr-aktiv)” hisobvaragʻiga quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi orqali oʻtkazib beriladi:
Dt 29806 — Toʻlash uchun hisoblangan boshqa foizsiz xarajatlar;
Kt 19999 — Boshqa aktivlar — koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi (kontr-aktiv).
30. Bank tomonidan benifitsiarga toʻlab berilgan kafolat summasini prinsipal tomonidan qisman yoki toʻliq qoplab berish quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi orqali amalga oshiriladi:
Dt Prinsipalning talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi;
Kt 19997 — Boshqa aktivlar.
31. Ayni vaqtda, shakllantirilgan zaxira summasi prinsipal tomonidan toʻlab berilgan kafolat summasi hisobiga quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi orqali kamayib boradi:
a) kafolat summasi zaxira shakllantirilgan hisobot yilida qoplab berilganda:
Dt 19999 — Boshqa aktivlar — koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi (kontr-aktiv);
Kt 56895 — Boshqa aktivlar — koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash;
b) kafolat summasi zaxira shakllantirilgan yildan keyingi muayyan davrda qoplab berilganda:
Dt 19999 – Boshqa aktivlar – koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi (kontr-aktiv);
Kt 45921 – Hisobdan chiqarilgan mablagʻlarning qaytarilishi.
32. Agar bank tomonidan benifitsiar foydasiga toʻlab berilgan kafolat summasi prinsipal tomonidan qisman yoki toʻliq qoplab berilmasa “19997 – Boshqa aktivlar” hisobvaragʻining qoldiq summasi quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi orqali balansdan chiqariladi:
Dt 19999 – Boshqa aktivlar – koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi (kontr-aktiv);
Kt 19997 — Boshqa aktivlar.
33. Kafillik xizmatlarini koʻrsatganlik uchun haq toʻlash prinsipal tomonidan oldindan bankning “22896 – Muddati uzaytirilgan boshqa daromadlar” hisobvaragʻiga oʻtkazib berish orqali amalga oshiriladi. Ushbu hisobvaraqdan kafillik xizmatlarini koʻrsatganlik uchun haq summasini daromadga oʻtkazish Tijorat banklarida kreditlarning buxgalteriya hisobi tartibi toʻgʻrisida nizomda (roʻyxat raqami 1435, 2004-yil 17-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil., 50-son, 511-modda) belgilangan tartibda bank daromadiga oʻtkazib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI bob. Kafolatning bekor boʻlishi hamda kafilning prinsipalga regress talablari
34. Kafolat boʻyicha kafilning benefitsiar oldidagi majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 309-moddasida nazarda tutilgan tartibda bekor boʻladi.
35. Kafilning prinsipaldan kafolat boʻyicha benefitsiarga toʻlangan summalarni regress tartibida toʻlashni talab qilish huquqi kafil bilan prinsipal oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Agar kafil bilan prinsipal oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil benefitsiarga kafolat shartlariga nomuvofiq tarzda yoki kafilning benefitsiar oldidagi majburiyatni buzganligi uchun toʻlangan summalarni qoplashni prinsipaldan talab qilishga haqli emas.
VII bob. Yakuniy qoida
36. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 20-son, 223-modda; 2014-y., 23-son, 276-modda; 2016-y., 15-son, 157-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2364-3/0987-son, 17.07.2018-y., 10/18/2364-4/1524-son, 06.09.2018-y., 10/18/2364-5/1842-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)