Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BOLALAR MUSIQA VA SANʼAT MAKTABLARI XODIMLARI MEHNATIGA HAQ TOʻLASHNI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-son qaroriga muvofiq hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari, konsertmeysterlari va rahbar xodimlari mehnatini qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-son qaroriga muvofiq bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari, konsertmeysterlari va rahbar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning bazaviy tarif stavkalari 2012-yil 1-yanvardan boshlab ularning pedagogik yuklamasi 10 foizga koʻpaytirilishi bilan bir vaqtda oʻrtacha 20 foizga oshirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari va konsertmeysterlariga pedagogik yuklama:
boshlangʻich sinflar oʻqituvchilari va konsertmeysterlariga — haftasiga 22 soat;
Keyingi tahrirga qarang.
yuqori sinflar oʻqituvchilari va konsertmeysterlariga — haftasiga 18 soat etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari, konsertmeysterlari va rahbar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning bazaviy tarif stavkalarining yangi miqdorlarini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari va konsertmeysterlari tarifikatsiyasiga oʻzgartirishlarning oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 3-may,
127-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 18-son, 204-modda)