Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan Vengriya savdoni litsenziyalash idorasi oʻrtasida
ANGLAShUV MEMORANDUMI
Metrologiya sohasida texnik hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi va Vengriya savdoni litsenziyalash idorasi, bundan keyin “Tomonlar” deb yuritiladi,
Metrologiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish istagida,
1996-yil 21-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa Hamjamiyatlari va ularga Aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sherikchilik va Hamkorlik toʻgʻrisida Bitim qoidalariga asoslanib,
Xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan meʼyorlar va standartlaridan kelib chiqqan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar qoʻshimcha ravishda tuziladigan Bitimlar, moliyaviy shartnomalar, bayonnomalar va dasturlar doirasida alohida loyihalarni oʻzaro kelishilgan holda, quyidagi sohalarda hamkorlikning tadbirlarini amalga oshiradi:
xalqaro sistema (SI) kattaliklaridagi milliy etalonlarni va ishchi etalonlarning uzatilishini takomillashtirish;
xalqaro sistema (SI) kattaliklardagi milliy etalonlarni solishtirish;
metrologiya laboratoriyalari uchun uskunalarni yaratish;
Metrologiya sohasida erishilgan yetakchi malaka va tajriba bilan almashish;
metrologiya sohasida mutaxassislarni oʻqitish;
maʼlumotlar, meʼyoriy va qonun hujjatlari bilan almashish.
2-modda
Tomonlar metrologiya sohasidagi xalqaro tashkilotlarga ularga aʼzo boʻlishda va mazkur tashkilotlar faoliyatida qatnashishda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
3-modda
Mazkur Memorandum doirasidagi hamkorlikning moliyaviy shartlari, Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra amalga oshiriladi.
4-modda
Tomonlar, agar hujjatlarning maxfiyligidan Tomonlardan biri xabardor qilingan boʻlsa, olingan hujjatlar va axborotlar hamda mazkur Anglashuv Memorandum doirasida erishilgan ilmiy-texnikaviy natijalarning maxfiyligini taʼminlaydilar. Har qanday maʼlumot uchinchi Tomonga maxfiylikni talab qilgan Tomonning faqat yozma roziligi bilangina berilishi mumkin.
5-modda
Mazkur Anglashuv Memorandumining talablari Tomonlarning davlatlari ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro bitimlar asosida paydo boʻladigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
6-modda
Mazkur Anglashuv Memorandumi qoidalarini qoʻllash va talqin qilishda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar oʻzaro maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
7-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga asosan, mazkur Anglashuv Memorandumiga uning ajralmas qismi hisoblanadigan, alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
8-modda
Mazkur Anglashuv Memorandumi Tomonlar imzolagan kundan boshlab kuchga kiradi va uch yil muddatga amal qiladi. Har bir Tomon boshqa Tomonni yozma ravishda bekor qilish toʻgʻrisida kamida 6 oy oldin xabardor qilgan holda Bitimni bekor qilishi mumkin.
Anglashuv Memorandumi Toshkent shahrida 2011-yil 7-noyabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, venger va ingliz tillarida tuzildi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)