Oʻzbekiston Standartlashtirish, Metrologiya Va Sertifikatlashtirish Agentligi bilan Vengriya Standartlar Instituti oʻrtasida
Bitim
Standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (Oʻzstandart) va Vengriya standartlar instituti (MSZT), bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
— 1996-yil 21-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa Hamjamiyatlari va ularga Aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sherikchilik va Hamkorlik toʻgʻrisida Bitim qoidalariga asoslanib,
— Vengriya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga aʼzo-davlat boʻlganligini eʼtiborga olib,
— standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishda oʻzaro manfaatdorlikdan kelib chiqib,
— savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida,
— atrof-muhit muhofazasini va isteʼmolchining manfaatini taʼminlashga sharoitlar yaratish uchun,
— hamkorlikdan kelib chiqadigan oʻzaro foydani anglab, umumiy vazifalar va imkoniyatlar doiralarida,
quyidagilarni kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish davomida Tomonlar mos ravishda Oʻzbekiston Respublikasi va Vengriya Respublikasi qonunlariga amal qiladilar.
2-modda
Tomonlar savdodagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va yangilarining oldini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hamda Vengriya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy va savdo munosabatlarini rivojlantirilishini yaxshilash maqsadida yevropa va xalqaro standartlar asosida milliy standartlarni uygʻunlashtirish sohasida hamkorlik qiladilar.
3-modda
Tomonlar oʻrtasida hamkorlik quyidagi asosiy yoʻnalishlarda olib boriladi:
— standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha maʼlumotlar bilan oʻzaro almashish;
— standartlarni ishlab chiqishning istiqbolli dasturlari va rejalari toʻgʻrisida axborot bilan almashish;
— standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida maslahat xizmatlarini koʻrsatish;
— zarur hollarda Tomonlarning milliy standartlari boʻyicha maʼlumotlar bilan almashish hamda milliy standartlar kataloglari yoki davriy nashrlar bilan almashish;
— ikki davlatdagi standartlar ishlab chiquvchi tashkilotlar oʻrtasida munosabatlarni yoʻlga qoʻyish;
— texnik reglamentlarni ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
— standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tajribasi bilan almashish;
— Oʻzstandart va MSZT oʻrtasidagi muhokamadan soʻng delegatsiyalar va mutaxassislar bilan almashish.
4-modda
Tomonlar savdodagi texnik toʻsiqlar deb belgilanmagan milliy standartlar bilan taʼminlashni oʻz zimmasiga oladilar va ISO aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlarni eʼzozlashni va ISO ning xalqaro standartlashtirish faoliyatida oʻzaro koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitim doirasida qabul qilingan hujjatlar va axborotlarning maxfiyligini taʼminlaydilar. Maʼlumotlar uchinchi Tomonga faqat maʼlumot bergan Tomonning yozma roziligi bilan taqdim etilishi mumkin.
6-modda
Har bir Tomon oʻz imkoniyati va vakolati darajasida:
— Oʻzstandart va MSZT oʻrtasidagi muhokamadan soʻng oʻzaro professional ekspertlar tajribasini almashish, muzokaralar, muhokamalar va oʻquv kurslari tashkil qilish uchun xizmat safarlariga safarbar etishni amalga oshiradi;
— taklif qilingan ekspertlarning Tomonlar tarafidan tashkil qilinadigan seminar va konferensiyalarda ishtirok etishini taʼminlaydi.
7-modda
Mazkur Bitimni bajarishning moliyaviy shartlari, Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra amalga oshiriladi.
8-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning ular ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro bitimlar asosida paydo boʻladigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin etilishida va qoʻllanilishida yuzaga keluvchi barcha nizolar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashish va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra mazkur Bitimga alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ushbu protokollar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
11-modda
Mazkur Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi va imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Agar Tomonlarning biri mazkur Bitimni muddati tugashidan olti (6) oy oldin bekor qilish niyati borligi haqida ikkinchi Tomonga yozma ravishda xabar bermasa, ushbu Bitim oʻz-oʻzidan keyingi shunday muddatlarga uzaytiriladi.
Agar Tomonlar boshqacha kelishib olmagan boʻlsalar, mazkur Bitimning oʻz kuchini yoʻqotishi, kuchini yoʻqotish sanasidan avval boshlangan dasturlarni amalga oshirilishiga taʼsir etmaydi
Bitim 2011-yil 7-noyabrda Toshkent shahrida ikki asl nusxada har biri oʻzbek, venger va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Bitim matnini izohlashda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)