O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XORAZM MA’MUN AKADEMIYASINI QAYTADAN TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, uning jahon ilmiy hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlash, mintaqalarda fanni yanada rivojlantirish hamda iste’dodli va fidoyi olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori intellektual muhit yaratishdagi milliy an’analarni rivojlantirish, qadimda fan, ma’rifat va madaniyat olamining markazi hisoblangan, odamzot tarixidagi ilk akademiyalardan bo‘lmish Xorazm Ma’mun akademiyasini qaytadan tashkil etish maqsadida:
1. Xorazm Ma’mun akademiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limi Xiva shahrida tashkil etilsin.
Xorazm Ma’mun akademiyasining asosiy ilmiy va tashkiliy vazifalari quyidagilar deb belgilansin:
— ilm-fan sohasidagi qadimgi ulug‘ milliy meros asoslarida yuqori intellektual muhitni yaratishdagi boy an’analarni tiklash va rivojlantirish, yosh iste’dodli olimlarni izlab topish, ularni Akademiya faoliyatiga jalb etish va ilmiy ijodlarining samaradorligini yuksaltirish;
— qadimgi milliy ilm-fan sohasidagi boy merosni har tomonlama o‘rganish va tahlil qilish, tarix, arxeologiya, falsafa, til va adabiyot, biologiya va bio-texnologiya sohalarida fundamental izlanishlarni olib borish, zamonaviy ilmiy maktablar yaratish va fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish;
— mintaqada ilm-fan bilan bog‘liq barcha ishlarni zamon talablari darajasida muvofiqlashtirish;
— oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
Oldingi tahrirga qarang.
— Uzluksiz ta’lim tizimi va fan o‘rtasidagi uzviy, o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish, akademik litseylarda ilmiy-pedagogik faoliyatni yuqori saviyada olib borish;
(1-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
— xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (T. Jo‘rayev):
— Xorazm Ma’mun akademiyasi tarkibida tarix, arxeologiya, falsafa, til va adabiyot, biologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy bo‘linmalarni tashkil etsin, ikki hafta muddatda Xorazm Ma’mun akademiyasining tuzilmasi va Ustavini tasdiqlasin;
— bir oy muddatda Xorazm Ma’mun akademiyasining asosiy ilmiy yo‘nalishlar hamda ilmiy-tadqiqot ishlarining dasturini ishlab chiqsin;
— bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda Xorazm Ma’mun akademiyasi shtat jadvalini, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda uning faoliyati bilan bog‘liq sarf-xarajatlarning hisobini tayyorlasin;
— 1998-yilning birinchi choragida o‘z Ustaviga muvofiq ustuvor ilmiy yo‘nalishlar sohasida samarali ishlayotgan olimlardan Xorazm Ma’mun akademiyasi tarkibiga saylov o‘tkazsin.
3. Xorazm Ma’mun akademiyasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari (akademiklari) ikki nafarga ko‘paytirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (J. Sayfiddinov) Xorazm Ma’mun akademiyasining ilmiy izlanishlari va ilmiy-tashkiliy faoliyat olib borishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan tayyorlangan sarf-xarajatlar hisobiga muvofiq budjetdan mablag‘ ajratsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi (P. Habibullayev) 1998 va undan keyingi yillardagi Xorazm Ma’mun akademiyasining ilmiy izlanishlar mavzularini Davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari tarkibida rejalashtirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xorazm viloyat xokimligi bilan birgalikda Xorazm Ma’mun akademiyasi va uning bo‘linmalariga iste’dodli yosh olimlar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishni ta’minlasin.
7. Xorazm viloyati hokimligiga (I. Yusupov) bir oy muddatda Xorazm Ma’mun akademiyasi uchun ma’muriy bino ajratish, uni ta’mirlash, transport, aloqa va boshqa zarur jihozlar hamda viloyatga taklif etilgan ilmiy xodimlarni uy-joy bilan ta’minlash yuklatilsin.
8. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 11-noyabr,
PF-1880-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 10-son, 286-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)