Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari) faoliyati samaradorligini oshirish, davlat va jamiyat qurilishi sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar axborot tizimlarining bosqichma-bosqich integratsiyalashuvi asosida Milliy axborot tizimini shakllantirishni taʼminlash;
davlat organlarining oʻz funksiyalarini bajarishda tezkorlik va sifatni oshirishga imkon beruvchi faoliyatini avtomatlashtirish axborot tizimlarini yaratish;
davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga koʻrsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari roʻyxatini kengaytirish va sifatini yaxshilash, tegishli axborot resurslaridan keng koʻlamda, shu jumladan, qishloq joylarda foydalanishni taʼminlash;
axborot resurslari, texnologiyalari va tizimlarini, shu jumladan axborot xavfsizligini taʼminlash tizimlarini rivojlantirish holatini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida boshqarish tizimini takomillashtirish;
Milliy axborot tizimining axborot xavfsizligini, uning axborot tizimlari va resurslari himoya qilinishini taʼminlash.
2. Quyidagilar:
2012 — 2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2012 — 2014-yillar davrida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Milliy axborot tizimiga ulanadigan axborot tizimlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb yuritiladi) 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Kompyuterlashtirishni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash (A. Aripov):
davlat organlarida Internet tarmogʻidan foydalanishni rivojlantirish va uning samaradorligini baholash boʻyicha doimiy ishlaydigan ekspert guruhini tashkil etsin;
ushbu qarorning bajarilishini har chorakda koʻrib borsin va zarur hollarda, davlat organlari taqdimnomalari boʻyicha, tasdiqlangan Roʻyxatga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (X. Mirzohidov) zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
Keyingi tahrirga qarang.
davlat organlarida foydalaniladigan axborot tizimlarining integratsiyalashuvini taʼminlash maqsadida Milliy axborot tizimini shakllantirishning yagona texnik siyosatini belgilash va amalga oshirish;
davlat interaktiv xizmatlarini taqdim etish boʻyicha yagona texnologik yechimning amalga oshirilishida texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
davlat organlari axborot tizimlarining yanada integratsiyalashuvi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish.
5. Belgilansinki, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi “Oʻzinfokom” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasini axborot bilan tezkor taʼminlash uchun integratsiyalashtirilgan axborot tizimlarini yaratish, rivojlantirish va axborot xavfsizligini taʼminlash, shuningdek davlat organlari axborot tizimlari bilan ularning oʻzaro hamkorligini taʼminlash yuzasidan javobgar hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi “Oʻzinfokom” faoliyatini moliyalash va moddiy-texnik taʼminlash Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, tasdiqlangan smeta doirasida, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Kompyuterlashtirishni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash (A. Aripov) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
milliy axborot-qidiruv tizimining faoliyat yuritishini tubdan va sifat jihatidan yaxshilash, undan foydalanuvchilar sonini oshirish boʻyicha takliflar kiritsin;
Internet tarmogʻining oʻzbek segmenti axborot bilan toʻldirilishini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi “Oʻzinfokom”ga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin va olib borilgan ishlarning natijalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot bersin.
7. Belgilansinki:
2012-yilning 1-avgustidan boshlab davlat organlari uchun Milliy axborot tizimi doirasida yangidan ishlab chiqiladigan yoki xarid qilinadigan ixtisoslashtirilgan dasturiy mahsulotlar oldindan majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi hamda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining ruxsati bilan oʻrnatilishi mumkin;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat organlari rahbarlari Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining tegishli ruxsatnomasisiz ixtisoslashtirilgan dasturiy mahsulotlardan foydalanilganlik uchun shaxsan javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari:
axborot tizimlarini loyihalashtirishda zimmalariga yuklatilgan funksiya va vazifalar doirasida tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish uchun majburiy tartibda shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutsinlar;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish cheklangan axborotga ishlov berishga moʻljallangan axborot tizimlarini loyihalashtirish va yaratishda axborot xavfsizligi masalalarining tegishli organlar bilan majburiy kelishib olinishini taʼminlasinlar;
Roʻyxatda nazarda tutilgan loyihalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritish uchun hujjatlar oʻz vaqtida tayyorlanishi va belgilangan tartibda Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova) har yilgi Investitsiya dasturini shakllantirish va qayta koʻrib chiqishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan axborot tizimlarini yaratish boʻyicha loyihalarning belgilangan tartibda ushbu dasturga kiritilishini nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining Kotibi B.X. Tashmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 21-mart,
PQ-1730-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 13-son, 139-modda; 2013-y., 44-son, 578-modda, 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 07/17/3415/0345-son)