Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Hamkorlik boʻyicha oʻzbek-xitoy hukumatlararo qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
tenglik va oʻzaro manfaat prinsiplari asosidagi hamkorlikning barcha sohalarida oʻzbek-xitoy aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bergan holda,
Oldingi tahrirga qarang.
savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, kambagʻallikni qisqartirish, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda va xavfsizlik masalalarida oʻzbek-xitoy hamkorligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish maqsadida,
(muqaddimaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi 2023-yil 18-maydagi Bayonnoma tahririda)
har ikki Tomonning keng miqyosli va koʻp sohalardagi oʻzaro munosabatlari birgalikdagi hamkorlik mexanizmini doimiy ravishda takomillashtirishni talab qilishini hisobga olib, quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida Hamkorlik boʻyicha oʻzbek-xitoy hukumatlararo qoʻmita (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb yuritiladi)ni tashkil etadilar.
2. Qoʻmita va uning kichik qoʻmitalari majlislarini oʻtkazish Qoʻmitaning asosiy faoliyat shakli hisoblanadi. Qoʻmita va uning kichik qoʻmitalari majlislari navbati bilan Oʻzbekiston va Xitoyda oʻtkaziladi. Qoʻmita majlislari odatda ikki yilda bir marta oʻtkaziladi, kichik qoʻmitalarning majlislari esa yilida bir marta oʻtkaziladi (ammo muntazam asosda emas). Zarur hollarda Qoʻmita hamraislari navbatdan tashqari majlis chaqirishlari mumkin. Majlislarning kun tartibi har ikki Tomondan Qoʻmita kotibiyatlari oʻrtasida majlislar oʻtkazilishidan ikki oy oldin kelishiladi.
2-modda
Qoʻmita oʻzbek-xitoy hamkorligini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi mexanizm hisoblanadi. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalaridir:
oʻzbek-xitoy hamkorligining holatini tahlil qilish, uning eng ustuvor yoʻnalishlari va oʻzaro harakat shakllarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi ikki tomonlama shartnomalar va boshqa yuridik hujjatlarning bajarilishini kuzatish;
Oldingi tahrirga qarang.
savdo-iqtisodiy, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, kambagʻallikni qisqartirish, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalar va xavfsizlik masalalari yuzasidan ikki tomonlama hukumatlararo bitimlar va hamkorlik dasturlarini tayyorlash boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish;
(2-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi 2023-yil 18-maydagi Bayonnoma tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq tashqi iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik va aloqalarni amalga oshirish vakolati berilgan ikki davlat yuridik shaxslarining aloqalarini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish.
3-modda
1. Qoʻmita Tomonlarning hamraislari (bosh vazir oʻrinbosari darajasi), kotibiyatlarning boshliqlari (ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklarining tegishli rahbarlari) va kichik qoʻmitalarning hamraislaridan (vazir oʻrinbosari darajasi) iborat boʻladi. Tomonlar oʻz davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq yuqorida koʻrsatib oʻtilgan shaxslarni tayinlaydi, Tomonlardan har birining kichik qoʻmitalari aʼzolarini belgilaydi, Qoʻmitaning oʻz mamlakatlariga oid qismlarining tarkibi va ulardagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida maʼlumot almashadi.
2. Qoʻmita va kichik qoʻmitalarning majlisida hududida majlis oʻtkazilayotgan davlat tomonidan Qoʻmita yoki kichik qoʻmitaning hamraisi raislik qiladi.
3. Qoʻmitaning ish tartibi va rejasi uning majlislarida belgilanadi. Qoʻmitaning qarorlari konsensus asosida qabul qilinadi va imzolash kunidan kuchga kiradigan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Majlislar yakunlari boʻyicha Tomonlardan har birining qabul qilingan qarorning bajarilishi uchun oʻz vakolatlari doirasida masʼul boʻlgan kichik qoʻmitasi, vazirligi yoki organi belgilanadi.
4-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
1. Tomonlar Qoʻmita doirasida quyidagi kichik qoʻmitalarni tashkil etadi:
a) Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Tijorat vazirligi;
b) Energetika sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Energetika vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Energetika ishlari boʻyicha davlat boshqarmasi;
v) Transport sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Transport vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Transport va kommunikatsiyalar vazirligi;
g) Ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Fan va texnika vazirligi;
d) Madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Madaniyat va turizm vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Madaniyat va turizm vazirligi;
e) Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Tashqi ishlar vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Tashqi ishlar vazirligi;
j) Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vazirligi;
z) Kambagʻallikni qisqartirish sohasidagi hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmita
Oʻzbek tomoni vakolatli organi: Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
Xitoy tomoni vakolatli organi: Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vazirligi.
(4-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi 2023-yil 18-maydagi Bayonnoma tahririda)
2. Tomonlarning kelishuvi boʻyicha Qoʻmita doirasida doimiy yoki muvaqqat ish organlari tashkil etilishi va tugatilishi mumkin.
5-modda
1. Har ikki Tomondan Qoʻmita kotibiyatlari Xitoy Xalq Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirliklarining tegishli mintaqaviy departamentlarida tashkil etiladi va ular Qoʻmita majlislarini tayyorlash, Tomonlarning tegishli kichik qoʻmitalari, vazirliklari va organlari tarafidan Qoʻmita qarorlarining bajarilishini muvofiqlashtirish uchun javob beradi.
2. Zarur hollarda, Tomonlarning kelishuvi boʻyicha har ikki Tomondan Qoʻmita Kotibiyatlari rahbarlarining uchrashuvlari oʻtkazilishi mumkin.
6-modda
Tomonlarning vakillari Qoʻmita va uning kichik qoʻmitalari majlislarida ishtirok etish uchun joʻnatilganda, joʻnatuvchi Tomon xalqaro transport xarajatlarini (parvoz uchun xarajatlar) va ishtirokchilarning turishi boʻyicha xarajatlarni (yashash va ovqatlanish xarajatlari) oʻz zimmasiga oladi.
Qabul qiluvchi Tomon Qoʻmita va uning kichik qoʻmitalari majlislarini oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
7-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ushbu Bitimga uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanuvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha nizolar kelib chiqqanda Tomonlar ularni doʻstona maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etadi.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular imzolagan yoki ishtirokchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatmaydi.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kunidan kuchga kiradi va 5 (besh) yil davomida amal qiladi. Ushbu Bitimning amal qilishi, agar Tomonlardan hech biri Bitimning navbatdagi amal qilish muddati tugashidan kamida 6 (olti) oy oldin uni bekor qilish maqsadi toʻgʻrisida oʻzining yozma xabarnomasini yubormasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytiriladi.
Ushbu Bitim kuchga kirishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1992-yil 13-martda Pekin shahrida imzolangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo oʻzbek-xitoy komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim bekor boʻladi.
2011-yil 26-oktabrda Pekin shahrida har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)