Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga, shuningdek boshqa jinoyatlarga qarshi kurash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Saudiya Arabistoni Podshohligi Hukumati, bundan keyin birgalikda “Ikki tomon” deb ataluvchilar, oʻz davlatlari oʻrtasidagi iliq munosabatlarni qoʻllab-quvvatlagan holda, dunyoda jinoyatchilikning koʻpayishiga, xususan terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi ortib borishiga nisbatan oʻz tashvishlarini bildirib va jinoyatchilikning barcha koʻrinishlariga qarshi kurashda hamkorlik qilishning samarali natijalarini anglagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ikki tomon terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda oʻz mamlakatlarining qonunlari va tartib qoidalari hamda mazkur Bitim doirasida hamkorlik qiladilar. Ushbu maqsadda Ikki tomon ularda mavjud boʻlgan boshqa Tomonga taalluqli har qanday tadbirlar va ularning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan almashadilar.
Mazkur Bitim jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va qidiruv ostida boʻlgan shaxslarni tutib berish (ekstraditsiya) masalalariga daxl qilmaydi.
2-modda
Ikki tomon jinoyatchilikning barcha shakllariga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar, xususan:
1) har Ikki tomon mamlakatining qonunlariga muvofiq va xalqaro huquq normalariga hamda xalqaro qarorlar va shartnomalar qoidalariga muvofiq xalqaro terrorizm va uyushgan jinoyatchilik koʻrinishidagi jinoyatlar;
2) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bogʻliq jinoyatlar;
3) oʻqotar qurol, oʻq-dorilar va portlovchi moddalar kontrabandasi va ularga egalik qilish hamda ularning noqonuniy savdosi;
4) yadroviy, radioaktiv va xavfli materiallarni oʻgʻirlash hamda ularning kontrabandasi va noqonuniy savdosi;
5) yoʻl hujjatlarini, vizalarni va moliyaviy hujjatlarni soxtalashtirish va pullarni qalbakilashtirish;
6) insonning hayoti, qadr-qimmatiga va mulkka qarshi jinoyatlar;
7) intellektual mulk huquqlarini buzish bilan bogʻliq jinoyatlar;
8) kompyuter hamda axborot tarmoqlari va tizimlarining xavfsizligi bilan bogʻliq jinoyatlar;
9) iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni oshkorlashtirish;
10) odam savdosi, xususan ayollar va bolalar savdosi;
11) noqonuniy migratsiya bilan bogʻliq jinoyatlar;
12) tarixiy, madaniy yoki sanʼat boyliklarini oʻgʻirlash hamda ularning noqonuniy savdosi.
3-modda
Ikki tomonning vakolatli organlari oʻrtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha hamkorlik quyidagi chora va tadbirlarni koʻrish yoʻli bilan amalga oshiriladi:
1) jinoyatlarni sodir etishning usullari hamda ularni aniqlash va oldini olish boʻyicha choralar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
2) jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha qonunlar, qonunchilik hujjatlari va matbuot nashrlari hamda ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan almashish;
3) tomonlardan har birining hududida taʼqib ostida boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
4) Ikki tomonning har biri boshqa Tomonni oʻzining hududida ushlangan yoki jazoga hukm qilingan uning fuqarolari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
4-modda
Terrorizmga qarshi kurash sohasida Ikki tomon oʻz qonunlari doirasida rejalashtirilayotgan va sodir etilgan terrorchilik harakatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan, Ikki tomondan har birining hududida mavjud boʻlgan va boshqa tomonning manfaatlariga zid keluvchi jinoiy harakatlarni sodir etishni rejalashtirayotgan yoki sodir etgan terrorchilik guruhlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan hamda bunday jinoyatlarga qarshi kurashish va ularning oldini olish toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlar bilan almashadilar.
5-modda
Ikki tomon giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi va savdosiga qarshi kurash sohasida quyidagi chora va tadbirlarni koʻradilar:
1) Ikki tomonning har biri boshqa tomonga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning ishlab chiqarilishi, noqonuniy aylanishi va tarqalishini nazorat qilish boʻyicha chora va tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qiladi;
2) materiallarni musodara qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar hamda kontrabandachilar va vositachilarning shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan, bunday shaxslar ijrochilar yoki ishtirokchilar yoki jinoyatga undovchilar boʻlishidan qatʼi nazar, shu jumladan, bunday jinoyatlarni moliyalashtiradigan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan almashadilar. Bunday maʼlumot bilan almashish jinoyatchilarni aniqlash va ushlash maqsadida Ikki tomonning vakolatli organlari oʻrtasida bevosita amalga oshiriladi;
3) oʻsimliklardan olinadigan yoki sunʼiy yoʻl bilan ishlab chiqariladigan giyohvandlik vositalarining yangi turlari toʻgʻrisida maʼlumot bilan hamda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan qonuniy ravishda foydalanishni nazorat qilish qoidalari toʻgʻrisida maʼlumot bilan almashadilar;
4) Ikki tomonning har bir, soʻrov asosida, boshqa Tomonga bir Tomon hududidan boshqa Tomon hududiga kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning tahlili va miqdorlariga doir maʼlumotlarni taqdim etadi.
6-modda
Ikki tomon oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun foydali boʻlishi mumkin boʻlgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi konferensiyalar va ilmiy simpoziumlarni tashkil etish chogʻida, Ikki tomonning har biri boshqa Tomonni bunday tadbir oʻtkazilishidan ikki oy oldin xabardor qiladi.
7-modda
Ikki tomonning har biri boshqa Tomonga mazkur Bitimda sanab oʻtilgan, ushbu boshqa Tomonning manfaatlariga qarshi qaratilgan har qanday jinoiy faoliyatga doir maʼlumotni, uning rejalashtirilayotgani yoki sodir etilganligidan qatʼi nazar, taqdim etadi.
8-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirishga masʼul boʻlgan vakolatli organlar quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
Ichki ishlar vazirligi;
Milliy xavfsizlik xizmati;
Bosh prokuratura;
Davlat bojxona qoʻmitasi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi uchun:
Ichki ishlar vazirligi.
9-modda
1. Ikki tomonning vakolatli organlari mazkur Bitimda nazarda tutilgan sohalardagi hamkorlikni yengillashtirish maqsadida bevosita ikki tomonlama aloqalarni amalga oshirish yoʻllarini belgilaydilar.
2. Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik Ikki tomon vakolatli organlari yozma soʻrovlari asosida amalga oshiriladi.
3. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrov quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) soʻrayotgan organning nomi;
b) soʻralayotgan organning nomi;
v) masalaning mohiyatini bayon qilish va uni asoslash, shuningdek soʻrovni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumot.
10-modda
1. Ikki tomonning har biri quyidagi hollarda toʻla yoki qisman yordam koʻrsatishni rad etishi mumkin:
1) yordam koʻrsatish uning qonunlari, qonunchiligi, sud qarorlari yoki xalqaro majburiyatlariga zid boʻlsa;
2) yordam koʻrsatish uning suverenitetiga, xavfsizligiga yoki jamoat tartibiga zarar keltiradi deb hisoblasa;
3) yordam koʻrsatish tergovning borishini yoki uning hududida oʻtkaziladigan chora-tadbirlarni xavf ostiga qoʻysa. Bunday holda yordam koʻrsatish rad qilish sabablari tugaguncha keyinga surilishi mumkin.
2. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrov rad qilingan holda, soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrayotgan Tomonning vakolatli organini oʻzining rad qilish sabablari toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.
11-modda
Ikki tomonning har biri mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish yoʻlida almashilayotgan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻradi. Ulardan hech biri bunday maʼlumotni uchinchi tomonga mazkur maʼlumotni taqdim etgan Tomonning yozma ruxsatisiz bera olmaydi.
12-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar, agar boshqacha kelishmagan boʻlsa, hududida bunday xarajatlar qilingan Tomon tarafidan qoplanadi.
13-modda
Mazkur Bitim Ikki tomondan har birining ular ishtirokchisi boʻlgan boshqa ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama bitimlarda nazarda tutilgan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq yuzaga keladigan nizolar Ikki tomonning vakolatli organlari oʻrtasidagi bevosita muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi. Agar nizo muzokaralar yoʻli bilan hal qilinmasa, unda u diplomatik kanallar orqali hal qilinadi.
15-modda
Ikki tomon oʻrtasidagi qoʻshma faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida, zaruriyatga qarab, ekspertlar va mansabdor shaxslar guruhlari tuziladi, ushbu guruhlar oʻz majlislarini muqobillik asosida oʻtkazadi. Ikki tomon jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari bilan shugʻullanayotgan mansabdor shaxslarning va jinoyatlarni ochish texnologiyalari boʻyicha mutaxassislarning oʻzaro tashriflarini tashkil qilishlari mumkin.
16-modda
Mazkur Bitimning qoidalari Ikki tomonning oʻzaro kelishuvi asosida, ularning qonunlari va qoidalariga muvofiq, oʻzaro qoʻshma huquqiy hujjatni tuzish yoʻli bilan oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
17-modda
Mazkur Bitim Ikki tomonning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-qoidalarini bajarganligi toʻgʻrisida soʻnggi — xabarnoma olingan sanadan oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
18-modda
Mazkur Bitim uch yil davomida amal qiladi va agar Ikki tomondan biri mazkur Bitimning amal qilish muddati tugashidan yoki uning kuchini toʻxtatish niyatidan kamida olti oy oldin oʻzining bunday niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi xuddi shunday muddat(lar)ga uzaytiriladi. Mazkur Bitimni toʻxtatish toʻgʻrisidagi xabarnoma avval taqdim qilingan soʻrovlarning bajarilishiga daxl qilmaydi.
Mazkur Bitim Riyoz shahrida 2010-yil 27-noyabrda, hijriy yilning 21/12/1431 kuniga muvofiq oʻzbek, arab va ingliz tillarida ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar birday asliga toʻgʻri. Matnlarni talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustun boʻladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)