Toshkent shahar hokimining
Qarori
TOShKENT ShAHRIDA OBODONLAShTIRISh VA TOZALIK XAYRIYA HAShARINI OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent shahridagi mahallalar hududlari, aholi turar joylarini obodonlashtirish va tozalash, shahar hududidagi sanitariya-epidemiologik holatni yaxshilash hamda aholini bahor mavsumida sifatli va arzonlashtirilgan narxlarda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Toshkent shahrida 2010-yil 20-21-fevral kunlari obodonlashtirish va tozalik xayriya hashari oʻtkazilsin.
2. Toshkent shahar hokimligining majmualari, “Mahalla” jamgʻarmasining Toshkent shahar boʻlimi (J.X. Shoxakimov), tuman hokimliklari, bosh boshqarma, boshqarma, tashkilot va muassasalar: Obodonlashtirish va tozalik xayriya hashari davomida quyidagi ishlar amalga oshirilishi taʼminlansin:
Barcha turar joy mavzelari, mahallalarda daraxtlarni boʻyash, koʻcha va yoʻlaklarni tekislash va tartibga keltirish, qurilish va maishiy chiqindilarni tashkiliy ravishda toʻplash hamda tashib ketish;
Koʻp qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ariqlar hamda lotoklarni, oqova suv quduqlarini tozalash, bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;
Hasharda qatnashuvchilarni zarur texnika vositalari va anjomlar bilan taʼminlash.
3. 2010-yil 20-21-fevral kunlari obodonlashtirish va tozalik xayriya hashari oʻtkazilishi munosabati bilan barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablagʻlar “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi Toshkent shahar va tuman boʻlimlarining bankdagi hisob raqamlariga ixtiyoriy ravishda oʻtkazilishi belgilab qoʻyilsin.
4. “Mahalla” jamgʻarmasining Toshkent shahar boʻlimi (J.X. Shoxakimov): obodonlashtirish va tozalik xayriya hasharidan tushgan mablagʻlar koʻp qavatli uy-joylarni va ularning yoʻlaklarini taʼmirlash, mavze va mahallalar hududida obodonlashtirish va tozalash ishlarini amalga oshirish hamda aholini bahor mavsumida sifatli va arzonlashtirilgan narxlarda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan taʼminlash uchun maqsadli sarflanishi taʼminlansin.
5. Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (D.Sh. Alimuxamedov): umumiy ovqatlanish shoxobchalari, maktabgacha taʼlim muassasalari, jamoat transporti, bozorlar, mahalla va mavzelarda sanitariya hamda ekologiya meʼyorlari va qoidalariga rioya etilishini amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq nazorat qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar kuchaytirilsin.
6. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (Q.U. Nakibov): Obodonlashtirish va tozalik oyligi davomida hamda xayriya hashari tadbirlarida har jihatdan soz boʻlgan texnika vositalaridan foydalanish va joylarda transport xavfsizligining taʼminlanishi nazoratga olinsin.
7. Obodonlashtirish va tozalik oyliklari hamda xayriya hasharini joylarda yuqori saviyada tashkil etishga tuman hokimlari va “Mahalla” jamgʻarmasi raislari shaxsan javobgarligi belgilab qoʻyilsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R.J. Usmonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 12-fevral,
87-son