Toshkent shahar hokimining
Qarori
Toshkent shahrida avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-apreldagi “Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 63-sonli qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish faoliyatini tartibga solish, shuningdek mazkur xizmatlar sifatini oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-apreldagi “Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 63-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq:
“Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlanganligi;
Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi;
2010-yil 1-maydan boshlab, yuridik shaxslar tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining koʻrsatilgan maqsad uchun yer uchastkasi berish toʻgʻrisidagi qarorisiz avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish ruxsatnoma hujjatlarisiz faoliyat turlarini amalga oshirishga tenglashtirilishi va qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini qoʻllashga olib kelishi belgilab qoʻyilganligi inobatga olinsin. Qatʼiy belgilangan soliq stavkasi va avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish huquqi uchun yigʻimning cheklangan miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadi.
3. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2010-yil 27-martdagi “Toshkent shahri boʻyicha 2010-yil uchun mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari toʻgʻrisida”gi 25/4-3-sonli qarori bilan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmat koʻrsatish huquqi uchun yigʻim har oy uchun eng kam ish haqining 8 baravari miqdorida tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
4. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun toʻlovlarning cheklangan miqdori mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari uchun xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2010-yil 27-martdagi 18/4-3-sonli qarorining 5-ilovasi bilan tasdiqlangan “Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi tizimidagi bozorlar balansidagi avtotoʻxtash joylarida koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun undiriladigan miqdordan oshmasligi belgilansin.
5. Soliq boshqarmasi (R. Mirzayev):
5.1. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslarda fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasi va plastik kartochkalardan toʻlovlar qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminali boʻlishi nazoratga olinsin.
5.2. Koʻrsatilgan pulli xizmatlar uchun hisob-kitob hududga kirishda berilgan kvitansiya asosida, nazorat-kassa mashinasi yoki hisob-kitob terminali chekini majburiy tartibda bergan holda avtotransport vositasi hududdan chiqayotganda amalga oshirilishi qatʼiy nazoratga olinsin.
5.3. Yuridik shaxslar tomonidan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha koʻrsatilgan pulli xizmatlar uchun toʻlov naqd pul bilan ham, plastik kartochkadan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda ham amalga oshirilishi, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan tushgan naqd pul tushumlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har kuni banklar kassasiga topshirilishi taʼminlansin.
5.4 Soliq xizmati organlari tomonidan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyati, ular tomonidan qatʼiy soliq va yigʻimlarni oʻz vaqtida toʻlab borilishi yuzasidan nazorat oʻrnatilsin.
6. Tuman hokimliklari, Soliq boshqarmasi (R. Mirzayev), Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (B. Toʻlaganov), Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi (A. Xodjayev), Yoʻl harakati havfsiziligi boshqarmasi (X. Dadaxodjayev):
6.1. 1-maygacha tumanlar kesimida hududda pulli xizmatlar koʻrsatayotgan barcha avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarini xatlovdan oʻtkazsinlar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ushbu pulli xizmatlarni koʻrsatish turi sohasidagi oʻz faoliyatini tasdiqlangan “Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom talablariga muvofiqlashtirilishini taʼminlash maqsadida takliflar kiritilsin;
6.2. Mavjud avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joyi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-apreldagi “Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 63-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 10-bandi talablariga javob berishi nazoratga olinsin.
7. Obodonlashtirish bosh boshqarmasi (A. Rizashev):
Boshqarma tasarrufida boʻlgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish hududlarining ijaraga (subijaraga) berilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida boshqarma qoshida ushbu masalalarni tartibga soluvchi boʻlim (yuridik shaxs)ni tashkil etish yuzasidan taklif kiritilsin.
8. Toshkent shahar hokimining quyidagi ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
1996-yil 25-noyabrdagi “Qisqa muddatga toʻxtash uchun avtomototransportlarni joylashtirish joylarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi 654-F-sonli Farmoyishi:
1999-yil 23-avgustdagi “Avtomobillar toʻxtash joylari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 521-sonli qarori:
1999-yil 23-sentabrdagi “Avtomobillar toʻxtash joylari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 590-sonli qarori;
1999-yil 26-noyabrdagi “Maʼmuriy binolar Boshqarmasi va Poytaxt biznes majmuasini qayta tuzish toʻgʻrisida”gi 714-sonli qarorining 6.5.-bandi;
2000-yil 24-oktabrdagi “1999-yil 23-sentabrdagi “Avtomobillar toʻxtash joylari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 590-sonli qaroriga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi 594-sonli qarori.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R.J. Usmonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 9-aprel,
190-son