Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SANOATDA ISHLAB CHIQARISH XARAJATLARINI QISQARTIRISH VA MAHSULOT TANNARXINI PASAYTIRISHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish hajmini koʻpaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik birlashmalari va yirik sanoat korxonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda texnologik jarayonlarni va xom ashyo, materiallar va energiya resurslari sarfi meʼyorlarini oqilona tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish va mehnat unumdorligini oʻstirish, foydalanish va noishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, xodimlar sonini maqbullashtirish va boshqa omillar hisobiga sanoat mahsuloti tannarxini pasaytirishga yoʻnaltirilgan obyektma-obyekt kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xoʻjalik birlashmalari va korxonalarning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan 2012-yilda xoʻjalik birlashmalari va yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish tannarxini obyektma-obyekt oʻrtacha 11,2 foizga qisqartirishning yigʻma parametrlari boʻyicha 1-ilovaga* muvofiq takliflari maʼqullansin.
*1 ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari tarmoq boʻyicha tannarxni qisqartirishning tasdiqlangan yigʻma parametrlaridan kelib chiqib oʻn kun muddatda oʻz tarkibiga kiruvchi sanoat korxonalari uchun tannarxni qisqartirishning maqsadli parametrlarini tasdiqlasinlar.
3. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari va korxonalar rahbarlari:
korxonalarda mahsulot tannarxini pasaytirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar amalga oshirilishining har choraklik monitoringi olib borilishini belgilasinlar;
olib boriladigan monitoring yakunlari boʻyicha, zaruriyat boʻlganda, mahsulot tannarxini pasaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning toʻliqligi va samaradorligidan kelib chiqib korxonalar rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish yoki masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsinlar.
4. Ushbu qaror bilan belgilangan mahsulot tannarxini pasaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirganlik uchun sanoat korxonalari rahbar xodimlari faoliyatini baholashda va ularni moddiy ragʻbatlantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 26-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga amal qilinsin, unda quyidagilar nazarda tutilgan:
mahsulot tannarxini pasaytirish natijasida tejalgan mablagʻlar korxonalarning oʻzida qoladi va ulardan korxonalar tomonidan oʻz xohishiga koʻra foydalaniladi;
kalendar yil yakunlari boʻyicha tannarxni pasaytirishning tasdiqlangan parametrlari bajarilishi taʼminlangan taqdirda korxonalarning rahbar xodimlariga qoʻshimcha ravishda olingan foyda hisobiga 8 lavozim maoshi miqdorigacha bir yoʻla mukofot toʻlanadi.
5. Belgilab qoʻyilsinki, texnologik jarayonlarni oqilona tashkil etish, xom ashyo, materiallar va energiya resurslari xarajatlari sarfi meʼyorlari tasdiqlangan normativ-texnik hujjatlar doirasida oʻzgarishi, quvvatlardan foydalanish darajasini koʻpaytirish va mehnat unumdorligini oʻstirish, foydalanish xarajatlarini va qoʻshimcha xarajatlarni qisqartirish, xarid qilinadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar qiymatini kamaytirish, bir yil uchun xodimlar sonini maqbullashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobiga tannarxni pasaytirish natijasida mahalliylashtirish darajasining 2012-yilda pasayishi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154-son qarori bilan tasdiqlangan Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning buzilishi deb hisoblanmaydi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarorining 1-ilovasiga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-mart,
64-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 7-martdagi 64-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qoʻllanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qoʻllanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 17-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Agar oldingi hisobot davrida xoʻjalik yurituvchi subyekt tasdiqlangan normativ-texnik hujjatlar doirasida xom ashyo, materiallar va energiya resurslari xarajatlari sarfi meʼyorlarining oʻzgarishi (koʻpayishi yoki kamayishi)ga olib keladigan resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va texnologiya jarayonlarini oqilona tashkil etish, quvvatlardan foydalanish darajasini koʻpaytirish va mehnat unumdorligini oʻstirish, foydalanish xarajatlarini va qoʻshimcha xarajatlarni qisqartirish, xarid qilinadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar qiymatini kamaytirish, xodimlar sonini maqbullashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobiga mablagʻlarni tejashga erishgan boʻlsa, tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) navbatdagi qayta koʻrib chiqishda tejalgan mablagʻlarning 50 foizgacha boʻlgan summasi sof foyda tarkibida hisobga olinadi, yuqorida koʻrsatilgan xarajatlar esa aniqlashtirilgan parametrlar hisobga olingan holda qabul qilinadi”.
2. 36-bandning oʻn birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tasdiqlangan normativ-texnik hujjatlar doirasida xom ashyo, materiallar va energiya resurslari xarajatlari sarfi meʼyorlarining oʻzgarishi (koʻpayishi yoki kamayishi)ga olib keladigan resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va texnologiya jarayonlarini oqilona tashkil etish, quvvatlardan foydalanish darajasini koʻpaytirish va mehnat unumdorligini oʻstirish, foydalanish xarajatlarini va qoʻshimcha xarajatlarni qisqartirish, xarid qilinadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar qiymatini kamaytirish, xodimlar sonini maqbullashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish natijasida xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan qoʻshimcha foyda olinishi ushbu Nizomning buzilishi hisoblanmaydi va koʻrsatib oʻtilgan foyda olib qoʻyilmaydi”.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 10-son, 106-modda, 36-son, 412-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.01.2024-y., 09/24/722/0061-son)