Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IDORAVIY HARBIYLAShTIRILGAN QOʻRIQLASh XIZMATI TOʻGʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-sonli “Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati faoliyatini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatiga ega boʻlgan respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va boshqa tashkilotlarni, ularning roʻyxatini tuzish, xodimlari kontingenti, moliyalashtirish tartibi va manbalari, kiyim-boshlar, maxsus vositalar, oʻq otadigan qurollar va ularga oʻq-dorilar bilan taʼminlash yuzasidan yalpi xatlovdan oʻtkazsin;
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini tashkil etish huquqiga ega boʻlgan respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, qoʻriqlanadigan obyektlar va mol-mulklar roʻyxatini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatiga ega boʻlgan respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ikki oy muddatda idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati faoliyatini tashkil etish, shu jumladan uning xodimlarini Namunaviy nizom talablariga muvofiq belgilangan namunadagi formali kiyim-boshlar va boshqa asbob-anjomlar turlari bilan taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Namunaviy nizom talablarini amalga oshirish mexanizmini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati va qoʻriqlanishi hamda harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati naryadlari tomonidan kuzatib borilishi kerak boʻlgan yuklar roʻyxati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2010-yil 12-avgustdagi 177-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 8-son, 44-modda) 1-bandining ikkinchi xatboshi, shuningdek qarorga 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 1-mart,
60-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-martdagi 60-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati toʻgʻrisidagi ushbu Namunaviy nizom (keyingi oʻrinlarda Namunaviy nizom deb ataladi) idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini tashkil etish va uning amaliy faoliyati boʻyicha asosiy talablarni belgilaydi va tartibga soladi, shuningdek uning xodimlarining huquq va vazifalarini belgilaydi.
2. Ushbu Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati — respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning obyektlar va mol-mulkni huquqqa zid tajovuzlardan qoʻriqlash hamda himoya qilish boʻyicha maxsus vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan yuridik shaxs boʻlmagan tarkibiy boʻlinmasi;
obyekt ichki rejimi — qoʻriqlanadigan obyektda belgilangan ichki tartib tadbirlari va qoidalarini hamda yongʻin xavfsizligini amalga oshirish tartibi;
qoʻriqlanadigan obyektlar — huquqqa zid tajovuzlardan qoʻriqlanishi va himoya qilinishi kerak boʻlgan binolar, imoratlar, inshootlar, ularga tutash hududlar va akvatoriyalar;
qoʻriqlanadigan mol-mulk — transport vositalari, shuningdek yuklar, shu jumladan tashish paytida yuklarni qoʻriqlash, respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga tegishli boʻlgan, huquqqa zid tajovuzlardan qoʻriqlanishi kerak boʻlgan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk;
ruxsat berish rejimi — shaxslarning nazoratsiz kirishi (chiqishi), transport vositalarining chiqishi (kirishi), qoʻriqlanadigan obyektlarga mol-mulkni olib kirish va ulardan olib chiqishning oldini olish va ularga barham berishning qoʻriqlanadigan obyektda belgilangan tartibi.
II. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatining asosiy vazifalari
3. Quyidagilar idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
obyektlarni qoʻriqlash va huquqqa zid tajovuzlardan himoya qilish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda ruxsat berish va obyekt ichki rejimini taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektlarda jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berish;
mol-mulkini qoʻriqlash va ularni kuzatib borish;
qoʻriqlashning ilgʻor muhandislik-texnik vositalari va usullarini joriy etish va ulardan foydalanish;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining jangovar va xizmat tayyorgarligini yuqori darajada taʼminlash va saqlash;
qoʻriqlanadigan obyektlarda texnogen va tabiiy tusdagi favqulodda hodisalar va vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatishda qatnashish;
obyektlar va mol-mulkni qoʻporuvchilik-terroristik harakatlar sodir etilishidan, yoqish, oʻgʻirlash va boshqa jinoiy tajovuzlardan ishonchli qoʻriqlashni tashkil etish masalalari boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan oʻzaro samarali hamkorlikni taʼminlash.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini tashkil etish
4. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini tashkil etish huquqiga ega boʻlgan respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning, qoʻriqlanadigan obyektlar va mol-mulkning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati tuzilmasi, ular xodimlari sonining normasi va idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning ushbu Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqiladigan hujjatlari bilan belgilanadi.
Obyektlar va mol-mulkni qoʻriqlash boʻyicha xizmatni oʻtashni tashkil etish tartibi respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning idoraviy hujjatlari bilan belgilanadi.
5. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari xizmat vazifalarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishgan holda respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan tegishli belgilari boʻlgan yagona namunadagi formali kiyim-boshda (har bir organ (tashkilot) uchun alohida) bajaradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining xizmat guvohnomalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Obyektning oʻziga xosligiga qarab idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xizmat itlaridan foydalanish maqsadida xizmat qoʻriqchi (iskovchi) itlarni oʻrgatishni tashkil etishlari mumkin.
7. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari uchun moʻljallangan oʻq otadigan qurol, unga oʻq-dorilar va maxsus vositalar turlari, tiplari (modellari), soni, shuningdek olish, saqlash, tashish, berish, qabul qilish va hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishgan holda respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini maxsus vositalar, oʻq otadigan qurol va unga oʻq-dorilar bilan taʼminlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini xodimlar bilan taʼminlash tartibi
9. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatiga Oʻzbekiston Respublikasining haqiqiy harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiriq zaxirasida xizmatni oʻtagan fuqarolar olinadi (boshqaruv, xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno).
Quyidagi shaxslarning:
doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan;
ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan;
qasddan jinoyat sodir etganligi uchun uzilmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi boʻlgan;
jinoiy jazoni oʻtayotgan;
mulkka tajovuz qiladigan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun bir yil mobaynida takroran maʼmuriy javobgarlikka tortilgan;
ruhiy kasalliklarga, giyohvandlikka, toksikomaniyaga, alkogolizmga chalingan bemor sifatida dispanser hisobida turgan, shuningdek sogʻligʻining holati toʻgʻrisida tegishli tibbiy xulosa taqdim etmagan;
sud tomonidan huquqiy layoqatli emas yoki cheklangan huquqiy layoqatli deb eʼtirof etilgan;
umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarning idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatiga ishga qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari uchun jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik vaqti hisobga olingan holda ish vaqtini jamlab hisobga olish belgilanadi.
11. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari yil mobaynida belgilangan dasturlarga muvofiq jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik kurslaridan oʻtadilar.
Kurs dasturi va uni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishgan holda respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining huquqlari, vazifalari va javobgarligi
12. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari oʻzlariga yuklangan xizmat vazifalari bajarilishini taʼminlash maqsadida:
qoʻriqlanadigan obyektga kelgan va uning hududida turgan shaxslardan ruxsat berish va obyekt ichki rejimlarining belgilangan qoidalariga rioya etishni talab qilish;
shaxsini tasdiqlaydigan va qoʻriqlanadigan obyektga kirish (chiqish) va unda boʻlish, shuningdek transport vositalarining kirishi (chiqishi), mol-mulkni qoʻriqlanadigan obyektlarga olib kirish (olib chiqish) huquqini beradigan hujjatlarni tekshirish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda mol-mulkni saqlash shart-sharoitlarini, qoʻriqlashning muhandislik-texnik vositalari holatini tekshirish;
yongʻin xavfsizligini taʼminlash, obyektlarni qoʻriqlash va mol-mulk saqlanishi, ruxsat berish va obyekt ichki rejimi qoidalari buzilishi aniqlangan taqdirda ularga barham berish va ularga koʻmaklashadigan shart-sharoitlarni tugatish chora-tadbirlarini koʻrish;
fuqarolar va mansabdor shaxslardan xizmat vazifalari bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi huquqbuzarliklar va xatti-harakatlarni toʻxtatishni talab qilish. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda huquqqa zid xatti-harakatlar, huquqbuzarliklarga barham berish yuzasidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni qoʻllash;
Keyingi tahrirga qarang.
qoʻriqlanadigan obyektlar va mol-mulkka nisbatan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushlash hamda ichki ishlar organlariga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga, shuningdek idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatining xizmat binolariga olib kelish (ichki ishlar organlariga darhol xabar bergan holda);
Keyingi tahrirga qarang.
huquqqa zid tajovuzlarni amalga oshirish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan qurol, boshqa predmetlar va ashyolarni aniqlash maqsadida, shu jumladan maxsus-texnik va boshqa vositalardan, shuningdek xizmat itlaridan foydalangan holda shaxslarni, ularning shaxsiy buyumlarini va transport vositalarini koʻzdan kechirish, tovar-transport hujjatlarining qoʻriqlanadigan obyektlar hududiga olib kiriladigan va olib chiqiladigan yuklarga muvofiqligini tekshirish;
oʻq otadigan qurolni va maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish, shuningdek jismoniy kuch ishlatish va Namunaviy nizomda belgilangan tartibda xizmat itlaridan foydalanish.
Keyingi tahrirga qarang.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari quyidagilarga majbur:
obyektlar qoʻriqlanishini va tashilayotgan yuklarning saqlanishini taʼminlash boʻyicha qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
mol-mulkni oʻgʻirlagan shaxslarga nisbatan murosasiz boʻlish, qoʻriqlanayotgan mol-mulkning oʻgʻirlanishi yoki buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan xoʻjasizlik va beparvolik namoyon boʻlishining har qanday koʻrinishiga oʻz vaqtida munosabat bildirish;
ruxsat berish va obyekt ichki rejimlari buzilishining oldini olish va ularga barham berish tadbirlarini amalga oshirish;
obyektlar va mol-mulkni qoʻriqlashni hamda huquqqa zid tajovuzlardan himoya qilishni taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektlarda jinoyatlar va maʼmuriy huquqni buzishlarga barham berish;
qoʻriqlanadigan obyektlarga noqonuniy kirgan shaxslarni qidirish va ushlash;
qoʻriqlanadigan obyektlarda favqulodda hodisalar hamda texnogen va tabiiy tusdagi vaziyatlarning oldini olishda va ularni tugatishda belgilangan tartibda qatnashish;
rejimli-maxfiy organ binosiga kirish huquqisiz davlat sirini va qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni tashkil etadigan maʼlumotlar saqlanishini taʼminlash tadbirlarini oʻtkazishda qatnashish;
huquqni muhofaza qilish organlariga oʻzlariga yuklangan vazifalarni hal etishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashish;
oʻziga ishonib topshirilgan oʻq otadigan qurol, maxsus va texnik vositalar, formali kiyim-bosh, mol-mulkni ehtiyot qilish va ularni soz holatda saqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarishga halol va vijdonan munosabatda boʻlish, intizomli boʻlish, oʻz kasbiy bilimlarini doimo oshirib borish;
tegishli dasturlarda belgilangan shaxsiy jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik darajasini taʼminlash;
xizmat vazifalarini bajarishda egallab turgan lavozimiga muvofiq belgilangan formali kiyim-boshni kiyish va farqlash belgilarini taqish.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari belgilangan tartibda har yili tibbiy koʻrikdan, shuningdek jismoniy kuchni ishlatish, maxsus vositalar va oʻq otadigan qurolni qoʻllash bilan bogʻliq sharoitlarda harakat qilishga yaroqlilik yuzasidan davriy tekshirishlardan oʻtadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Obyektlarni va mol-mulkni qoʻriqlashga jalb etilgan idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari oʻzlariga ishonib topshirilgan moddiy boyliklar, oʻq otadigan qurol va maxsus vositalar saqlanishi uchun javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va oʻq otadigan qurolni qoʻllash
Keyingi tahrirga qarang.
17. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari qoʻriqlanayotgan obyektlarda jinoyatni yoki maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarni taʼqib qilishda qoʻriqlanadigan obyektlarda hamda qoʻriqlanadigan obyektlar tashqarisida istisno hollarda (zarur mudofaa, oʻta zaruriyat, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxslarni ushlash sifatida) jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va oʻq otadigan qurolni qoʻllash huquqiga egadirlar.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va oʻq otadigan qurolni qoʻllashda quyidagilarga majbur:
ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida ogohlantirish (qurolni qoʻllashda sustkashlik qilish fuqarolar yoxud idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining hayoti yoki sogʻligʻiga bevosita xavf solgan yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno);
jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki oʻq otadigan qurol qoʻllanishi natijasida ogʻir tan jarohati olgan shaxslarga zarur hajmda tibbiy yordam chora-tadbirlarini koʻrish;
jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va oʻq otadigan qurol qoʻllanilishining har bir holati toʻgʻrisida ichki ishlar organiga darhol axborot berish.
Jismoniy kuchni ishlatishda, maxsus vositalar yoki oʻq otadigan qurolni qoʻllashda vakolatlarning oshirib yuborilishi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka olib keladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari oʻzini oʻzi mudofaa qilish, jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklarga barham berish, ularni sodir etgan shaxslarni ushlash, idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatishga barham berish uchun (agar boshqa usullar ularga yuklangan xizmat vazifalarini bajarishni taʼminlamasa) jismoniy kuch ishlatish huquqiga egadir.
19. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari quyidagi hollarda maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga egadirlar:
qoʻriqlanadigan obyektlar va mol-mulkka hujumni qaytarishda;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga yoki qoʻriqlanadigan obyektlardagi shaxslarga hujumni qaytarishda;
xizmat vazifalarini bajarishda huquqni buzuvchi tomonidan idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga koʻrsatiladigan qarshilikka barham berishda;
qoʻriqlanadigan obyektlarda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etayotgan shaxslarni ushlash hollarida, basharti koʻrsatib oʻtilgan shaxslar yashirinishga urinsalar yoxud ular idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga qarshilik koʻrsatish niyatida ekanligining yetarlicha asoslari mavjud boʻlsa;
ushlangan shaxslarni ichki ishlar organlariga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga, shuningdek idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatining xizmat binosiga keltirishda idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga qarshilik koʻrsatishda;
haydovchisi idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari talablarini bajarmagan transport vositasini qoʻriqlanadigan obyektlarda toʻxtatish zarur boʻlganda.
Maxsus vositalar idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari tomonidan huquqni buzuvchilarga ogohlantiruvchi taʼsir koʻrsatishning boshqa barcha shakllari foydalanilgan va istalgan natijalarni bermagan taqdirda qoʻllanadi.
20. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari quyidagi hollarda oʻq otadigan qurolni qoʻllash huquqiga egadirlar:
qoʻriqlanadigan obyektlardagi shaxslarni ularning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solayotgan hujumdan himoya qilishda;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga, ularning hayoti va sogʻligʻiga tahdid qilayotgan hujumni qaytarish, shuningdek ularning oʻq otadigan qurolini egallab olishga urinishga barham berishda;
huquqbuzarliklarni sodir etishda qoʻriqlanadigan obyektlar hududidan yashirinishga urinayotgan yoxud idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga qurolli qarshilik koʻrsatuvchi shaxslarni ushlashda;
qoʻriqlanadigan obyektlar va mol-mulkka qurolli yoki guruh boʻlib hujum qilishni qaytarishda;
basharti transport vositasining haydovchisi qoʻriqlanadigan obyektlardagi xodimlarning yoxud qoʻriqlanadigan obyektlardagi shaxslarning hayoti yoki sogʻligʻiga aniq xavf tugʻdirgan, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan sharoitlarda toʻxtashni rad etgan, yoxud idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining qonuniy talabiga qaramay, qoʻriqlanadigan obyektlarga kirishga yoki qoʻriqlanadigan obyektlardan chiqishga intilgan hollarda transport vositasiga shikast yetkazish yoʻli bilan transport vositasini toʻxtatishda;
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf solayotgan hayvonlarni zararsizlantirishda;
oʻq otadigan qurolni qoʻllash niyati toʻgʻrisida ogohlantirishda, trevoga signalini berish yoki yordam chaqirish zarur boʻlganda.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Odamlar ancha toʻplangan hollarda, shuningdek homiladorligi yoki nogironligi yaqqol koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi yaqqol koʻrinib turgan yoki idoraviy qoʻriqlash xizmati xodimlariga maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan oʻq otadigan qurolni qoʻllash taqiqlanadi, sanab oʻtilgan shaxslar:
Keyingi tahrirga qarang.
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga qurolli yoki guruh boʻlib qarshilik koʻrsatgan hollar;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari yoxud qoʻriqlanadigan obyektlardagi shaxslarning hayoti yoki sogʻligʻiga tahdid soladigan qoʻriqlanadigan obyektlar va mol-mulkka qurolli yoki guruh boʻlib hujum qilgan hollar bundan mustasno.
VII. Ijtimoiy-maishiy taʼminot
22. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlariga tegishli jamoaviy shartnomalar va bitimlarda nazarda tutilgan qoidalar va imtiyozlar joriy etiladi.
23. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklar yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasidan oʻtadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chogʻida jarohat olgan yoki halok boʻlgan taqdirda zararni qoplash tegishli jamoaviy shartnomalar va bitimlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VIII. Moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash
25. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash davlat va xoʻjalik boshqaruvi respublika organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
26. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni kiyim-bosh va anjomlar bilan taʼminlash tegishli respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan belgilanadigan normalarga muvofiq amalga oshiriladi.
IX. Yakunlovchi qoidalar
27. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati faoliyatini nazorat qilish respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek ichki ishlar organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmatini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 10-son, 103-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son; 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)