Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“OʻZBEKISTON TEMIR YOʻLLARI” DAVLAT-AKSIONERLIK KOMPANIYASINI TUZISh TOʻGʻRISIDA
Xalq xoʻjaligi va aholining temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish ehtiyojlarini toʻla qondirish hamda temir yoʻlning barqaror va xavf-xatarsiz ishlashini taʼminlash maqsadida:
1. Temir yoʻl transporti tizimining Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan temir yoʻl korxonalari va temir yoʻl boʻlimlari, sanoat, qurilish, savdo va taʼminot korxonalari, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, boshqa tashkilotlari, korxonalari va muassasalari negizida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi tashkil etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi davlat temir yoʻl transporti boshqarmasining temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish jarayonlariga rahbarlik qiladigan xoʻjalik ishlarini amalga oshiradigan vakolatli organdir.
Keyingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasining quyidagi asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilab qoʻyilsin:
Keyingi tahrirga qarang.
temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish sohasida bozor talablarini tadqiq etish, uni rivojlantirish istiqbolini belgilash va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini tarkibiy qayta qurishni hisobga olgan holda joylashtirish;
temir yoʻl transporti xizmatidan foydalanadigan korxonalarga taklif etiladigan koʻp yoʻnalishdagi xizmat sohasini vujudga keltirish asosida transport xizmati bozorida temir yoʻl transportining raqobatga bardoshligini taʼminlash;
temir yoʻl tarmoqlari ishi barqarorligini, poyezdlarni oʻtkazish qobiliyatini oshirishga doir chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;
temir yoʻl transportida ilmiy-texnikaviy va sarmoya sarflash siyosatini oʻtkazishni, yangi texnika va texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni, temir yoʻl transportini har tomonlama rivojlantirishni tashkil etish;
Keyingi tahrirga qarang.
sarf-xarajatlarni kamaytirish va mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashni nazarda tutib, yuk, yoʻlovchilar, pochta va bagaj tashish sohasidagi tarif siyosatini belgilangan tartibda amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, tashkilotlar, davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin, uning tarkibini va nizomini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 7-noyabr,
PF-982-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 288-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 2001-y., 3-son, 54-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)